XIZMAT TAKOMILLAShIShI NATIJASIDA QOʻRIQLANADIGAN OBʼEKTLAR SONI ORTMOQDA
Mamlakatimizda barcha sohalarni isloh qilish, ish yuritish tizimini takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalar hamda malakali kadrlar bilan taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar izchil davom ettirilib, salmoqli natijalar qoʻlga kiritilmoqda. Bu Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoʻriqlash boshqarmasi xizmatining qoʻriqlash xavfsizlik texnika vositalarini joriy qilish va foydalanishni tashkillashtirish tizimida ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Bugungi kunda Amudaryo tumanidagi Qoʻriqlash boʻlimi texnik qoʻriqlash markazi tomonidan 151 ta obʼekt va 31 xonadon ishonchli qoʻriqlanmoqda. Shaxsiy tarkibda 60 nafarga yaqin xodim xizmat qiladi. Xizmat vazifasini amalga oshirishda 4 ta xizmat mashinasidan foydalaniladi. Jinoyatchilikning oldini olish, oʻzgalar mulkini talon-taroj qilish kabi jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida Qoʻriqlash boʻlimi tomonidan tizim yangi zamonaviy qoʻriqlov uskunalari, aloqa va transport vositalari bilan jihozlandi. Soʻnggi rusumdagi ushbu aloqa va avtotransport vositalari qoʻriqlash xizmatini samarali tashkil qilishga zamin yaratmoqda.
12-yanvar kuni Qoʻriqlash boʻlimi texnik qoʻriqlash markazi tomonidan shartnoma asosida qoʻriqlanayotgan yakka tadbirkorga tegishli boʻlgan "Doniyorjon Sabirov" korxonasi va va Muhayyo Yoʻldosheva xonadonida reja asosida taktik oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.
Mashgʻulot davomida qoʻriqlash xizmati faoliyati samaradorligini oshirish, tizimni ilgʻor texnologiyalari bilan izchil taʼminlash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar xususida soʻz yuritildi. Shuningdek, qoʻriqlovdagi obʼektlar, ayniqsa, aholi xonadonlari xavfsizligini himoya qilish choralari koʻrilayotgani taʼkidlandi.
Shu bilan birga tuman hududida faoliyat koʻrsatayotgan xalq xoʻjaligi idoralari, taʼlim muassasalari, bozorlar, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari, xususiy doʻkonlar, kompyuter markazlari, toʻlov qabul qilish shoxobchalari, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar boshqa savdo va xizmat koʻrsatish obʼektlari, koʻp qavatli uylarda fuqarolarning xavfsizligi taʼminlanayotgani haqida maʼlumotlar berildi.
Undan tashqari, obʼektga va xonadonga nomaʼlum shaxs talon-taroj qilish maqsadida kirgan paytda xizmat xodimlari va obʼektlar egalari tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan harakatlar koʻrgazmali tarzda bajarilib, koʻrsatib berildi.
Bunday holat sodir boʻlganida Qoʻriqlash boʻlimi texnik qoʻriqlash markaziga signal yetib borishi, shundan keyingi tezkor guruhning harakatlari amalda bajarilib, barchasiga keng tushunchalar berildi. Oʻquv mashgʻuloti xavfsizlik choralari koʻrilgan holda talofatlarsiz oʻtkazildi.
Tuman Qoʻriqlash boʻlimi texnik qoʻriqlash markazi tomonidan shu kunga qadar barcha obʼekt va xonadonlar qoʻriqlash signalizatsiyasi vositasi «Pritok-A» tizimi orqali shartnoma asosida qoʻriqlanib kelinmoqda. Eʼtiborli jihati, qoʻriqlovga olingan obʼektlarda keyingi yillarda oʻgʻirliklarning sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Qoʻriqlash boʻlimi xodimlari turli targʻibot-tashviqot tadbirlarini ham oʻtkazib, huquqbuzarliklarning oldini olishga katta hissa qoʻshayotgani natijasida qoʻriqlovdagi obʼektlar koʻpayib, yangidan qurilayotgan savdo majmualari, bozor rastalari fuqarolar tomonidan qoʻriqlovga topshirilmoqda. Bu, albatta, qoʻriqlash xizmatiga boʻlgan ishonchning ortib borayotganidan dalolat beradi.
B.Atadjanov, tuman Qoʻriqlash boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶