HARBIY VATANPARVARLIK – YuRTGA MUHABBAT VA BURChGA SADOQAT
Har qanday davlat oʻz istiqbolini sogʻlom va barkamol avlod timsolida koʻradi. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda fuqarolarning vatanparvarlik tarbiyasi boʻyicha davlat dasturlari, harbiy vatanparvarlik tarbiyasi samaradorligini oshirish kontseptsiyalari qabul qilinib, yoshlarning vatanparvarlik borasidagi tarbiyasi bilan shugʻullanuvchi va davlat tomonidan moliyaviy koʻmak beriluvchi koʻplab jamoatchilik tashkilotlari tashkil etilgan.
Mamlakatimizda ham yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta ahamiyatga ega boʻlgan mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Oʻzbekiston mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti 1991-yil 23-noyabr kuni tashkil topgan. Tashkilotning maqsadi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining mudofaa qudratini mustahkamlashga koʻmaklashish, yoshlar va fuqarolarni Vatanni himoya qilishga tayyorlash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga yordam berishdan iboratdir.
Tashkilot tomonidan yosh avlodni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida izchil saʼy-harakatlar olib borilib, asosan uch yoʻnalishdagi faoliyat yoʻlga qoʻyilgan.
Birinchi yoʻnalish − aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik, milliy maʼnaviyatimizga hurmat ruhida tarbiyalashdir. Bu yoʻnalishda tashkilot nafaqat Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar, balki, Respublikamizning barcha tegishli muassasalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi. “Vatanparvar” tashkilotining ikkinchi yoʻnalishi − aholi, ayniqsa, yoshlarni tashkilot tizimidagi texnik va amaliy turlariga jalb etish, ular orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish hisoblanadi.
Tashkilotning uchinchi yoʻnalishi esa fuqarolarni ommaviy texnik kasblarga tayyorlashdir. Bu yoʻnalishda Amudaryo tumanida elektrogaz payvandchi, avtomobil dvigatellarini qismlarga ajratish va yigʻish chilangari, vulkanizatorchi, avtoelektrik, akkumulyatorchi kasblari boʻyicha esa qisqa muddatli oʻquv kurslaridi yoʻlga qoʻyilgan.
Tashkilotda ushbu yoʻnalishlar boʻyicha amaliy ishlar yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, turli sport musobaqalari ham oʻtkazilib kelinmoqda. Bu borada tuman hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimi, Milliy gvardiya tuman qoʻriqlash xizmati, Ichki ishlar boʻlimi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda “Shunqorlar”, “Havo miltigʻida oʻq otish” va “Yozgi biatlon” harbiy sport musobaqalari muntazam ravishda tashkil etiladi.
Oʻtgan 2021-yil “Vatanparvar” tashkiloti uchun muvaffaqiyatlarga boy yil boʻldi desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. 2021-yil davomida tashkilotning sportchi yoshlari “Chirchiq” shahrida oʻtkazilgan “Yozgi bialton” sport musobaqasida qatnashib, Respublika miqyosida 4-oʻrinni egallab qaytishdi. Yoshlarga har tomonlama oʻrnak boʻluvchi manʼan va jismonan yetuk oʻgʻlonlardan biri Jambul Muxanov 2021-yil 17-20-iyun kunlari Moʻynoq shahrida oʻtkazilgan “Moʻynoq avtoralli 2021” ochiq chempionatida faxrli 1-oʻrinni egallab Prezident sovgʻasi – “Neksiya-3” avtomashinasini yutib oldi. Eng quvonarlisi shuki, “Vatanparvar” tashkilotining 30 yilligi munosabati bilan soha xodimlarining 5 nafari koʻkrak nishoni bilan taqdirlandilar.
Tashkilot tomonidan yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida turli uchrashuv va davra suhbatlari, targʻibot tadbirlari ham tashkil etilib, vatanparvarlikning timsoli boʻlgan ajdodlarimizning jasorati va jangovar taktikasi haqida soʻzlab beriladi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, yoshlarda Vatanga daxldorlik hissini kuchaytirish, Vatanni sevish va asrash tuygʻularini shakllantirish bugungi kunda eng asosiy vazifalardan sanaladi. “Vatanparvar” tashkiloti hodimlari mana shunday sharafli va masʼuliyatli vazifani bajarayotganligidan, yoshlarning vatanparvar insonlar boʻlib voyaga yetishlariga hissa qoʻshayotganligidan faxrlanadilar.
Shuhrat Kamolov, Mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tuman oʻquv-sport texnika klubi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶