56-SONLI MAKTABDA “YaNGI YIL SARGUZAShTLARI” BAYRAM KEChASI OʻTKAZILDI
“Yangi yil” bayrami bolajonlar tomonidan intiqib kutiladigan quvonchli bayramlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa bezatilgan archa atrofida kuy-qoʻshiqlar, raqslar va sahna koʻrinishlari ijro etilishi, davraga turli ertak qahramonlarining tashrif buyurishi va Qorbobo hamda Qorqiz tomonidan sovgʻalar ulashilishi bolajonlarga olam-olam quvonch bagʻishlaydi.
Yangi yil arafasida tumanimizdagi barcha maktablarda va maktabgacha taʼlim muassasalarida Yangi yil bayrami tantanalari tashkil etilmoqda.
Ana shunday tadbir shu yilning 24-dekabrida Mangʻit shahrining Durunki mahallasidagi 56-sonli maktabda ham katta shodiyonalar bilan oʻtkazildi. “Yangi yil sarguzashtlari” mavzusida oʻtkazilgan ushbu bayram tadbirida ertak qahramonlarining chiqishlari, kichkintoy bolajonlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiqlar va raqslar barchaga birdek manzur boʻldi.
Ayniqsa bayram tadbirida Mittivoy, Qizil qalpoqcha, Shum bola, Shumtaka, boʻri kabi ertak qahramonlarining chiqishlari, ularning oʻgʻirlangan Oppogʻoyni yovuz niyatli Yalmogʻiz va qaroqchilardan qutqarish yoʻlidagi sarguzashtlari ishonarli tarzda jonlantirib berilgan. Bunday koʻrinishlar bolajonlarda yaxshilik sari intilish hislatlarini paydo qiladi albatta. Moʻʼjizaga ishongan bola ulgʻaygach, oʻzi ham, albatta, xayolot mevasini hayotga tatbiq etishga, ertak qahramonlari singari yaxshilikni amalga oshirish uchun kurashishga, jasoratli boʻlishga, yovuzlik ustidan gʻalaba qozonishga intiladi.
Davraga Qorbobo va Qorqizning kirib kelishi, ularning barchani Yangi yil bayrami bilan tabriklashi hamda sovgʻalar ulashishi bolajonlar quvonchiga quvonch qoʻshdi.
Qorbobo va Qorqiz bolajonlar bilan oʻqishlari, sinfdosh doʻstlari, yangi oʻqigan kitoblari haqida suhbatlashdi. Topishmoqlar aytib, bolalarning zehnini, aqlini sinovdan oʻtkazdi va hozirjavobligi, bilimdonligidan xursand boʻldi. Ayniqsa, mazmunli maqollar aytishi Qorbobo va Qorqizni juda quvontirdi.
Shundan keyin bayramona bezatilgan archa atrofida boljonlar ijrosidagi raqslar va qoʻshiqlar yana qizgʻin davom etdi. Bayram tomoshalari bolajonlarga bir olam zavq bagʻishladi. Ular rang-barang chiroqlari tovlanib turgan maftunkor archa atrofida Qorbobo, Qorqiz va turli ertak qahramonlari bilan birga qoʻshiq aytib, raqsga tushdi.
Maktabda tashkil etilgan Yangi yil bayrami nafaqat oʻquvchilarda, balki, barcha oʻqituvchilarda ham zoʻr kayfiyat paydo qildi. Chunki har bir oʻqituvchi, har bir ustoz oʻz oʻquvchisining, oʻz shogirdining quvonchli damlarini koʻrishdan, albatta cheksiz xursand boʻladi.
Maktab jamoasi 2 “B”-sinf oʻqituvchisi Dilfuza Safarboyeva va 3 “B”-sinf oʻqituvchisi Muborak Ahmedovalarning yangi yil bayrami tadbiriga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishdagi faol harakatlardan minnatdor boʻlishdi.
Allambergan JUMANIYoZOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶