“VATAN KELAJAGI YoShLAR QOʻLIDA” LOYIHASI DOIRASIDA “KONSTITUTsIYa BILIMDONI” KOʻRIK-TANLOVI OʻTKAZILDI
“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tuman Kengashi tomonidan “Vatan kelajagi yoshlar qoʻlida” loyihasi doirasida “Konstitutsiya bilimdoni” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.
Shu yil 12-noyabr kuni Amudaryo Muhandislik texnikumida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda oʻquvchilarning Konstitutsiya haqidagi bilimlari sinovdan oʻtkazildi. Yoshlarning huquqiy va siyosiy bilimlarini yanada yuksaltirishga qaratilgan ushbu koʻrik-tanlovda Amudaryo Muhandislik texnikumining 5 nafar talabalari oʻzaro bellashishdi.
Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qoʻyishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, yosh avlodda mustahkam vatanparvarlik tuygʻusini, gʻoyasini shakllantirish – kechiktirib boʻlmaydigan vazifa. Vatanparvar yoshlar – mamlakatimiz kelajagining hal qiluvchi kuchidir. Shu sababli yurtimizda yoshlarni har tomonlama yetuk farzand etib tarbiyalash bilan birga, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taʼkidlash joizki, yoshlarning huquqiy madaniyatini shakllantirishda, eng avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarini bilish, ularga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Partiya tomonidan anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan “Konstitutsiya bilimdoni” koʻrik-tanlovi ham ayni shu maqsadlarni oʻzida mujassam etadi.
Koʻrik-tanlov ushbu mezonlarga amal qilingan holda belgilangan nizom asosida oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar tanishtiruv, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini bilish darajasi boʻyicha savol-javob, erkin mavzu deb nomlangan 3 ta shart boʻyicha oʻz iqtidorlarini, bilimdonliklarini koʻrsatishdi. Yuqori saviyada tashkil etilgan tanlov qizgʻin bahs-munozaralarga boy boʻldi.
Shartlar ijrosini hakamlikka qoʻyilgan Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Mansur Oʻrozboyev, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tuman Kengashi raisi Oʻktam Yoʻldoshev, “Yosh adolatchilar” qanoti raisi Sultonboy Matkarimov hamda partiya faollari Ixlos Madrahimov, Ozod Eshimbetovlar baholab bordilar. Hakamlar hayʼati koʻrik-tanlov jarayonida tanlov ishtirokchilari ishini ochiq ovoz berish yoʻli bilan baholadilar.
Bunda ishtirokchining oʻzini tanishtirishi, sahnada madaniyatiga amal qilishi hamda notiqlik mahoratiga ahamiyat berildi. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qonunlari, Saylov kodeksi, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisidagi”gi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi hamda Oʻzbekiston “Adolat” SDP Ustaviga oid bilimlariga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar har bir shart boʻyicha oʻz chiqishlarini yakunlagandan soʻng, hakamlar hayʼati tomonidan oʻrganib chiqilib, xulosa berildi.
Koʻrik-tanlovda texnikumning 2-kurs talabasi Rahmatjon Qurbonboyev faxrli 1-oʻrinni egallab, gʻolib boʻldi. Unga tanlovning joriy yil 24-noyabrda boʻlib oʻtadigan Qoraqalpogʻiston bosqichiga yoʻllanma berildi va partiyaning tuman Kengashi tomonidan faxriy yorliq, esdalik sovgʻalari topshirildi.
Oʻ.Yuldashev, “Adolat ” SDP tuman Kengashi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶