"MAKTAB HUDUDINI YaShIL MASKANGA AYLANTIRAMIZ" ShIORI OSTIDA KOʻChAT EKISh AKTsIYaSI OʻTKAZILDI
Yurtimizda eʼlon qilingan «Yashil makon» umummilliy loyihasi asosida daraxt koʻchatlarini ekish boʻyicha «Dolzarb 40 kunlik» doirasida Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan umumtaʼlim maktablarida «Maktabni yashil maskanga aylantiramiz» aktsiyasi eʼlon qilindi. Barcha hududlardagi maktablarda mazkur loyihaga koʻra ommaviy ravishda koʻchat ekish tadbirlari boshlab yuborildi.
13-noyabr kuni aktsiya doirasida tumandagi 36-sonli maktabda ham "Maktabni yashil maskanga aylantiramiz" shiori ostida tadbirlar tashkil etildi. Tadbirda maktab direktori Qahramon Nurimbetov barcha maktablarda “Oʻzbekiston – yashil makon” mavzusida insholar tanlovi, “Maktabni yashil maskanga aylantiramiz” shiori ostida ommaviy daraxt ekish tadbirlari oʻtkazilayotgani, ushbu ezgu ishlar yurtimiz tabiatini, ekologiyasini yaxshilash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilayotgani xususida soʻz yuritdi. Shuningdek, aktsiya doirasida “Mening daraxtim” mobil ilova dasturi ishlab chiqilib, 9-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Obod maktab” mobil ilova dasturini yaratish boʻyicha tanlov oʻtkazilishi, oʻquv yili yakunida “Eng obod maktab” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilgan 14 ta maktab elektron doska bilan taqdirlanishi belgilangani, Xalq taʼlimi vazirligi mazkur aktsiyada soha xodimlari, oʻquvchilar, ota-onalar va keng jamoatchilikni faol ishtirok etishga chaqirganligini taʼkidlab oʻtdi.
Aytish joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi yurtimizda bogʻ-rogʻlar barpo etish va tevarak-atrof musaffoligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois loyiha doirasida yiliga 200 mln. tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan. Daraxtlar havodagi zararli karbonat angidridni yutib, oʻrniga kislorod ishlab chiqaradi va bizning nafas olishimizga yordam beradi. Ular issiqda salqinlik beradi, atrof-muhitni shovqinlardan himoya qiladi.
Maktab direktori Qahramon Nurimbetov barchaga namuna boʻlib, koʻchat ekish ishlarini oʻzi boshlab berdi. Shundan soʻng, oʻqituvchilar va oʻquvchilar maktab hovlisiga mevali va manzarali daraxtlar koʻchatlari ekishdi.
Maktabda «Oʻzbekiston – yashil makon» mavzusida insholar tanlovi ham boʻlib oʻtdi. Tanlovda maktabning yuqori sinf oʻquvchilari ishtirok etishdi. Maktabning ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari tomonidan tashkil etilgan ushbu tanlovda oʻquvchilar insholarida yurtimizdagi tabiat, ekologik muammolar, ularni bartaraf etish borasidagi fikrlarini, mulohazalarini bayon etishdi. Tanlov natijalariga koʻra 11-“A”sinf oʻquvchisi Maryamjon Oʻrozmatova 1-oʻrin, 11-“V”sinf oʻquvchisi Laylo Otamurodova 2-oʻrin, 11-“V”sinf oʻquvchisi Asal Bobojonova esa 3-oʻrin gʻolibi deb topildi. Gʻoliblar maktab maʼmuriyati tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Tadbir davomida maktab hovlisiga 75 tup olcha, 40 tup olma, 4 tup archa, 16 tup manzarali daraxtlar koʻchatlari oʻtqazildi. Shuningdek, 6 nafar 1-sinf oʻquvchilari «Mening birinchi niholim» nomi bilan oʻz ustozi bilan birgalikda maktab hovlisiga birinchi niholini ekdilar. Undan tashqari, 12 sotix yer maydoni shudgor qilinib, bahorgi ekish ishlariga tayyorlab qoʻyildi.
Maktabning oʻqituvchi va oʻquvchilari yashil chellenjga qoʻshilib, xayrli ishga oʻz hissalarini qoʻshishdi.
O. Xudoyberganova, 36-sonli maktabning maʼnaviy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶