49-sonli maktabda fan oyligi yakunida tadbir oʻtkazildi
Umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻquvchilarga qay darajada bilim berilayotganligi, oʻquvchilarning Davlat taʼlim standartlarida belgilangan bilim koʻnikma va malakalarni qay darajada oʻzlashtirilayotganligini baholab borishda, taʼlim sifat va samaradorligini oshirishda fan oyliklari muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan bir qatorda fan oyliklari iqtidorli oʻquvchilarning qobiliyatlarini maʼlum bir maqsadga yoʻnaltirish, isteʼdodli, izlanuvchan, ijodkor oʻqituvchilarni aniqlash, ularning tajribalarini ommalashtirish, taʼlim-tarbiya jarayonida qoʻllanilayotgan uslublarni takomillashtirishga ham xizmat qiladi.
Shu boisdan ham tumanimiz maktablarida oʻquv yilining har bir oyida maʼlum fanlar oyliklarini yuksak saviyada oʻtkazishga harakat qilinadi. Xususan, yakunlangan oktyabr oyi oʻzbek tili va adabiyot fan oyligi, deya belgilanganligi munosabati bilan maktablarda fan oʻqituvchilari yosh avlodga chuqur bilim berish bilan birga koʻpgina maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazishib, butun salohiyatini namoyish etishdi. Ijodkor oʻquvchi-yoshlarga alohida eʼtibor qaratildi.
49-sonli maktabda ham oylik muvaffaqiyatli yakunlandi. Oylikning har bir haftasi maʼlum maqsadlarni qamrab olganligi, ayniqsa, ahamiyatli boʻldi. Shu asosda turli oliygohlar talabalari boʻlgan maktabning sobiq bitiruvchilari, elda obroʻ-eʼtiborli, ziyoli insonlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari oʻtkazildi. Oʻquvchilar bilan ular sevgan adabiy qahramon, badiiy asarlar yuzasidan savol-javoblar, ona tilimiz imkoniyati va rivojlanish jarayonlari xususida suhbatlar oʻtkazildi.
Ona tilimizning beqiyos jozibasi, boy va ulugʻligini oʻquvchilarga chuqur singdirishga harakat qilindi.
30-oktyabr kuni maktabning 5-11-sinflari oʻquvchilari ishtirokida fan oyligining yakuniy tadbiri oʻtkazildi.
Tadbirga maktab rahbariyatidan vakillar tajribali oʻqituvchilar ishtirok etildi va oylik doirasida qilingan ishlarga holisona baho berishdi.
Tadbirda oylik davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Vujudimizga ona allasi bilan kirgan ona tilimizning dilimizga naqadar yaqinligi, jozibadorligi, uni chuqur oʻrganish – har bir oʻquvchining muqaddas burchi ekanligi taʼkidlandi.
Tadbirda soʻzga chiqqan maktabning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Ramatillo Ortiqov oylikni muvaffaqiyatli oʻtkazishga erishgan ona tili va adabiyot fani oʻqituvchilari Gulora Abdullayeva, Nilufar Abdullayeva, Nilufar Xoʻjaniyozovalarga oʻz minnatdorligini bildirdi va oʻquvchilarni barcha fanlarni ayniqsa oʻz ona tilimiz – oʻzbek tili va adabiyotini mukammal oʻrganishga, kelgusida davrimizga munosib boʻlib ulgʻayishga chaqirdi.
Tadbir soʻngida fan oyligida oʻz iqtidorini, bilimini namoyish etgan faol oʻquvchilar ragʻbatlantirildi. Bu ularni yanada chuqur bilim olishga ruhlantirdi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶