“Yoshlar – yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” loyihasi doirasida davra suhbati oʻtkazildi
“Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan “Yoshlar – yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari” loyihasi doirasida tashkil qilinayotgan uchrashuvlarda mahalla faollari, yoshlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, turli kasb egalari qatnashib, yoshlarni yangi Oʻzbekistonning haqiqiy bunyodkorlari boʻlishga chaqirmoqdalar. Buning uchun avvalo, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yoʻlga qoʻyish lozimligi uqtirilmoqda.
Ana shunday navbatdagi uchrashuv tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 56-sonli umumtaʼlim maktabida oʻtkazildi. Yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni kitobxonlikka jalb qilish orqali giyohvandlik, ichkilikbozlik, turli axloqsizliklardan himoya qilish maqsadida oʻtkazilgan bu davra suhbatida tumanimizda ijod qilayotgan yozuvchi va shoirlar, jurnalistlar. Maʼnaviyat targʻibotchilari,yosh ijodkorlar maktab oʻquvchilari bilan uchrashdi.
Davra suhbati ishtirokchilari oldida tumanimizda faoliyat olib borayotgan “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti raisi Oʻrozali Reyimov yoshlar orasida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yaxshi yoʻlga qoʻyish, ijodkor yoshlarning imkoniyatlarini yanada oshirish, ularning ijodini ommaga tanishtirish, shu orqali ularni haqiqiy Oʻzbekiston bunyodkorlari etib tarbiyalash uchun tumanimizdagi keng qulayliklar haqida toʻxtalib oʻtdi. Haqiqatan ham haqiqiy Vatanparvarlarni tarbiyalashda, elga fidoiy insonlarning kamol topishida adabiyot va sanʼatning oʻrni bebaho. Bu oʻrinda yosh ijodkor shoir va yozuvchilarning ijodi katta rol oʻynaydi.
Tumanimizda hozirgi kunda “Taraqqiyot koʻzgusi” va “Mening oilam” gazetalari muntazam chop etilib, bu gazetalarda yosh ijodkorlarning ijod mahsullari muntazam yoritib borilmoqda. Internetdagi saytlar va ijtimoiy tarmoqlar, Amudaryo televideniyesi orqali yoshlar tarbiyasiga oid koʻrsatuvlar, adabiy uchrashuv-suhbatlar berib borilmoqda. “Taraqqiyot koʻzgusi” koʻzgusi gazetasi yonidagi nashriyotda tuman ijodkorlarining kitoblari chop qilinmoqda. Bu imkoniyatlarning barchasi ham tuman yoshlarining maʼnaviyatli, maʼrifatli boʻlib kamolga yetishiga muhim omil boʻladi albatta.
Yosh shoira, tumandagi 35-sonli maktabning 10-sinf oʻquvchisi Barno Samandarova hozirgi kunda ikkita sheʼrlar toʻplamining muallifi. Uning dastlabki kitobi “Ilk parvozim”, ikkinchi kitobi esa “Mehr” deb nomlangan. Davra suhbatida soʻzga chiqqan Barno Samandarova oʻz tengqurlariga ijodi, kelajak orzulari haqida gapirib berdi. Uning bir vaqtning oʻzida maktabda aʼlo baholarga oʻqib, ijod bilan shugʻullanishga ulgurishi, ingliz, turk tillarini oʻrganayotganligi, turli fanlar olimpiadalarida qatnashayotganligi barchaning havasini keltirdi. Soʻzi soʻngida Barno Samandarova oʻz kitoblaridan maktab oʻquvchilariga sovgʻa qildi.
Tajribali jurnalist, mehnat faxriysi Allambergan Jumaniyozov davra suhbati ishtirokchilariga oʻzining ish tajribasidan gapirib berdi. Maktab oʻquvchilarining har bir ijodiy ishida yaqindan yordam berishda oʻz kuchi va tajribasini ayamasligini bildirib oʻtdi.
Maktab oʻquvchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Davra suhbatidan olgan taassurotlar maktab oʻquvchilarining kelajakda aʼlo baholarga oʻqib chinakam Vatan fidoyilari boʻlib yetishiga ishonch bildirdilar.
Oʻ.REYIMOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶