Tumanimizda 1-oktyabr - “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami keng nishonlandi
Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. Oʻqituvchi va murabbiylar haqiqiy maʼnoda hayotimiz charogʻbonlaridir. Biz kim boʻlmaylik, qaysi sohada faoliyat olib bormaylik, barchamizga ustoz va muallimlar taʼlim-tarbiya berishgan.
Xalqimizda "Ustoz otangdek ulugʻ", degan soʻz bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan eʼzoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi oʻqituvchisiga boʻlgan hurmat abadiy muhrlanadi.
Yurtimizda 1-oktyabr sanasida ushbu sharafli va mashaqqatli kasb egalari yanada eʼzozlanib, “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami keng nishonlanadi. Joriy yilda ham butun mamlakatimiz boʻylab ushbu ayyom tantanali ravishda nishonlanib, joylarda bayram tadbirlari keng turda davom etmoqda.
30-sentyabr kuni Amudaryo tumani Madaniyat boʻlimida ustoz va murabbiylarning kasb bayramlarini munosib nishonlash maqsadida bayram tadbiri tashkil etildi. Bayram tadbirida tumanimizda taʼlim-tarbiya tiziminini yanada rivojlantirishga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshib kelayotgan, hamkasblariga namuna boʻlayotgan oʻqituvchi va murabbiylar ishtirok etdilar. Tadbirda soʻzga chiqqan tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev mamlakatimizda soʻnggi yillarda taʼlim-tarbiya tizimini yanada rivojlantirish, oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi mavqeyini yanada oshirish borasida tizimli ishlar olib borilayotganligi, ularning samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha imkoniyatlar hamda shart-sharoitlar yaratilayotganligini taʼkidlab, ustoz va murabbiylarni kasb bayramlari bilan samimiy tabrikladi.
Taʼkidlash kerakki, muhtaram Prezidentimiz oʻz lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq taʼlim sohasiga katta eʼtibor qaratdi. Maktabgacha taʼlim tizimi tubdan isloh qilinib, sohada davlat-xususiy sherikchilik tizimi yoʻlga qoʻyildi, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyati yoʻla qoʻyildi. Maktab taʼlimi ham isloh qilinib, 11 yillik taʼlim tizimi bilan birgalikda Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil qilindi. Shuningdek, pedagog kadrlar va xalq taʼlimi xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bayram tadbirida tumanda uzoq yillar davomida xalq taʼlimi tizimida faoliyat yuritib kelgan, koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan faxriy ustozlardan Roziya Qutlimuratova hamda yosh boʻlishiga qaramasdan katta yutuqlarga erishayotgan oʻqituvchilardan Sherzod Ashirovlar soʻzga chiqib, hamkasblarini bayram bilan tabrikladilar.
Aytish kerakki, bugungi kunda tumanimizda taʼlim sohasi taraqqiyoti yoʻlida mashaqqatli mehnat qilib, yuqori natijalarga erishayotgan, oʻz kasbidan kamol topayotgan oʻqituvchi va murabbiylar safi tobora ortib bormoqda. Bayram tadbirida ana shunday fidoyi, jonkuyar, oʻz kasbiga masʼuliyat bilan yondashib, katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan oʻqituvchi va murabbiylarga qator mukofotlar, tuman hokimligi nomidan tashakkurnoma hamda esdalik sovgʻalari tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Xususan, 56-sonli maktabning matematika fani oʻqituvchisi Azimboy Safarboyev hamda 16-sonli maktabning ingliz tili fani oʻqituvchisi Mavluda Niyazovalarga Oʻzbekiston Respublikasi “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni, 11 nafar oʻqituvchi va murabbiylarga Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishoni, sohada samarali faoliyat olib borayotgan 20 nafar taʼlim-tarbiya fidoyilari va qator oʻqituvchilarga tuman hokimining tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shundan soʻng bayram tadbiri tuman Madaniyat boʻlimi tomonidan tayyorlangan kontsert dasturiga ulandi. Xonandalar tomonidan kuylangan ajoyib kuy-qoʻshiqlar bayramga yanada koʻtarinki ruh bagʻishladi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶