36-SONLI MAKTABDA XIMIYa-BIOLOGIYa FANIDAN VARIATIV OʻQUV REJA ASOSIDAGI MAShGʻULOTLAR YOʻLGA QOʻYILDI
Yosh avlodni yurtga munosib, jamiyat kelajagiga daxldor, komil insonlar qilib tarbiyalash bugungi kundagi dolzarb vazifa sanaladi. Shu bois taʼlim-tarbiya tizimi tubdan isloh qilinib, sohada muhim oʻzgarishlar, keng qamrovli va samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, yurtimizdagi umumtaʼlim maktablarida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri buyrugʻi bilan 2019-2020 oʻquv yilining uchinchi choragidan boshlab, tajriba sifatida 10-11-sinflarda variativ oʻquv reja asosidagi sinflar tashkil etildi va fanlar ixtiyoriy tanlov asosida oʻqitila boshlandi. Soha rivojini taʼminlagan ushbu tajriba sinov belgilangan maktablarda 2019-2020 oʻquv yili yakuniga qadar oʻtkazildi. Bu oʻz navbatida qisqa vaqt ichida ijobiy samara koʻrsatdi va maktablarning bitiruvchilarni oliy taʼlimga qamrab olish borasidagi koʻrsatkichini oshirdi.
Amudaryo tumanidagi 36-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham mazkur oʻquv yilidan boshlab, 10-11-sinflar oʻquvchilari uchun variativ oʻquv reja asosida darslar tashkil etildi. Ximiya-biologiya fanidan tashkil etilgan variativ oʻquv reja asosidagi mashgʻulotlar maktabdagi tajribali, mahoratli, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq taʼlimi aʼlochisi, talabchan oʻqituvchi Rayhon Qalandarova tomonidan olib borilmoqda.
Mazkur maktab tumanimizda 1974-yilda faoliyat boshlagan boʻlib, barcha davrlarda oʻquvchilarga koʻplab tajribali, yuksak saviyali ustoz-oʻqituvchilar taʼlim berishgan. Ushbu maktabdan yetishib chiqqan bilimli, iqtidorli insonlar turli jabhalarda xizmat qilib, jamiyat taraqqiyotiga hissa qoʻshib kelishmoqda.
Ayni paytda 560-oʻringa moʻljallangan taʼlim maskanida 30 ta sinfda 824 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya olmoqda. Ularga 72 nafar pedagog-oʻqituvchilar yangi pedagogik texnologiyalar asosida taʼlim berishmoqda. Pedagoglarning 1 nafari oliy toifali, 7 nafari 1-toifali, 22 nafari 2-toifali 42 nafari esa mutaxassis oʻqituvchilardir. Oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, unumli foydalanishlarini taʼminlash maqsadida 8 ta fan, 4 ta sport, 2 ta ijtimoiy-madaniy toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, oʻquvchi-yoshlar barcha imkoniyatlarga ega futbol, basketbol va voleybol maydonchalari hamda yopiq sport zalida sport bilan shugʻullanishadi. Maktab axborot kommunikatsiya vositalari bilan ham jihozlangan.
Soʻnggi davrlarda oʻquvchilar tomonidan qoʻlga kiritilgan yutuqlar sifatida aytish mumkinki, oʻtgan oʻquv yilida maktabning 8-sinf oʻquvchisi Bekzod Atamurodov sportning stol tennisi boʻyicha tumanda 1-oʻrinni egalladi. Kimyo fanidan fanlar olimpiadasining tuman bosqichida maktabning 10-sinf oʻquvchisi Nozima Yodgorova 1-oʻrin gʻolibi boʻldi. Ona tili va adabiyot fani boʻyicha fanlar olimpiadasining tuman bosqichida qatnashgan 10-sinf oʻquvchisi Maryam Oʻrazimbetova 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Shuningdek, 11-sinf oʻquvchisi Temur Fayzullayev ingliz tili fani boʻyicha fanlar olimpiadasining tuman bosqichida 3-oʻrinni egalladi.
2019-2021 oʻquv yilida maktab bitiruvchilarini oliy taʼlimga qamrab olish koʻrsatkichi 18 foizni tashkil qilgan boʻlsa, mazkur oʻquv yilida 26 foizga yetkazildi. Maktabda joriy oʻquv yilida oʻquvchilarning qiziqishlariga koʻra tashkil etilayotgan variativ oʻquv reja asosidagi mashgʻulotlar orqali taʼlim oluvchilarning bilimlari yanada boyitilib, bu boradagi koʻrsatkichni yuqori koʻtarish maqsad qilingan. Mashgʻulotlarda oʻquvchilarga taʼlim berayotgan Rayhon Qalandarova nafaqat 36-sonli umumtaʼlim maktabida, balki tuman miqyosida namunali, bilimdon oʻqituvchi sifatida hurmat-eʼtiborga ega. Mahoratli oʻqituvchi tahsilini olgan oʻquvchilar Fanlar olimpiadasining Qoraqalpogʻiston bosqichida faxrli 1-2-oʻrinlarni qoʻldan bermay kelishmoqda. U taʼlim sohasidagi samarali mehnatlari va namunali pedagogik faoliyati uchun 2005-yil “Qoraqalpogʻiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” hamda 2019-yil “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” koʻkrak nishonlari bilan taqdirlangan edi. Tajribali pedagog 2018-2019 oʻquv yilida “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” koʻrik-tanlovida kimyo fanidan qatnashdi. Tanlovning tuman va Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy bosqichlarida faxrli 1-oʻrinni egallab, Oʻzbekiston Respublikasi bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Joriy oʻquv yilida darsdagi mashgʻulotlar bilan cheklanib qolmay, “Yosh kimyogarlar” toʻgaragini tashkil etgan Rayhon Qalandarovaning yana bir oʻquvchisi Nukus shahrida oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan tabiiy fanlar boʻyicha olimpiadaning Qoraqalpogʻiston bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, eng yuqori ballni qoʻlga kiritdi. Ustozidan chuqur bilim olgan maktabning 9-sinf oʻquvchisi Sarvinoz Najmiddinova mazkur olimpiadaning 1-oʻrin gʻolibi sifatida Fargʻona shahrida oʻtkaziladigan mamlakat bosqichida qatnashish baxtiga musharraf boʻldi.
Tajribali, bilimdon va mahoratli oʻqituvchidan taʼlim olgan oʻquvchilar, albatta, ertaga chuqur bilimli, tafakkuri keng va komil insonlar boʻlib ulgʻayadi. Ulugʻ ajdodlarimizga munosib tarzda kamol topgan yoshlar Vatanimizni taraqqiyot sari yetaklab, buyuk kelajak yaratadi.
Ozoda Xudoyberganova, 36-sonli maktabning ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶