Bir oyda 700 ming qadam: 73 yoshli otaxon piyoda yurish boʻyicha Amudaryo tumanida birinchi boʻldi
Aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, bu sohada fuqarolarning tibbiy madaniyatini yuksaltirish masalasi muhim va dolzarb hisoblanadi. Shu bois mamlakatimizda ushbu masalaga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilib, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, ularga sifatli tibbiy va ijtimoiy-tibbiy xizmat koʻrsatish, oila salomatligini asrash va mustahkamlash borasida muayyan ishlar olib borilmoqda.
Yurtdoshlarimiz orasida shu yil 10-maydan boshlab, yurish va yugurishni keng targʻib qilishga qaratilgan “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi test rejimida ishga tushirilgan boʻlsa, 1-iyundan boshlab platforma rasman faoliyat koʻrsatishni boshladi.
Unga koʻra mobil ilovadan foydalangan holda eng koʻp yurgan shaxslarga har oyda tuman boʻyicha – 300 ming soʻm, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha – 500 ming soʻm, respublika boʻyicha esa 1 mln. soʻm toʻlanishi, bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi Oʻzbekiston fuqarolarining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming soʻmdan pul oʻtkazilishi belgilandi.
“Sogʻlom turmush tarzi” platformasi orqali Oʻzbekiston Respublikasining 18 yoshdan oshgan fuqarolari allaqachon iyun oyi yakunlariga koʻra oʻzlariga tegishli mukofot pullarini qoʻlga kiritib ulgurishdi. Platformadan respublikamiz boʻyicha tumanlar kesimida 203 nafar gʻolib aniqlandi. Umumiy hisobda platformadan 27 482 nafar yurtdoshimiz roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, shundan 20 774 nafari erkaklar, 6 658 nafari esa ayollardir. Xolbuki, Oʻzbekistonda 18 va undan yuqori yoshdagi fuqarolar soni 21 mln 475 ming 989 nafarni tashkil qiladi.
Umumiy hisobda iyun oyida “Sogʻlom turmush tarzi” platformasining tuman, hudud va Respublika bosqichi gʻoliblariga 68 million 900 ming soʻm miqdoridagi mablagʻ mukofot tarzida toʻlab berildi. Shundan 60 900 000 soʻm 203 ta tuman bosqichi gʻoliblariga berilgan boʻlsa, 7 mln. soʻm Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududlari gʻoliblariga hamda yana 1 mln. soʻm Respublika miqyosida eng koʻp yurgan yurtdoshimizga mukofot tariqasida toʻlab berildi.
Ushbu platforma roʻyxatidan amudaryoliklar ham oʻtgan boʻlib, yurtdoshimiz, choykoʻllik Ahmad ota Madrahimov tuman kesimidagi gʻolib sifatida iyul oyida pul mukofotiga ega boʻldi.
Toshkent Davlat Chet tillar institutida ispan tili boʻyicha tahsil olgan Ahmad ota Madrahimov 8-yil davomida taʼlim sohasida mehnat qildi. Shu qisqa davr ichida koʻplab shogirdlar tayyorladi. Ular ichida shogirdi Maqsud Oʻrozboyev ham ustoz izidan borib, chet tili oʻqituvchisi boʻlib yetishib, chet ellarda ishlashga muvaffaq boʻldi. Ahmad Madrahimov Xorazm tsirkida ham ishlab, 10-yilgacha artistlik qildi. Ovulga qaytib kelganidan keyin, 1989-yildan hududdagi fuqarolar yigʻinida kotib vazifasida ishladi va 2009-yilda pensiyaga chiqdi va ayni kunlarda tomorqa, bogʻ yumushlari, nevaralar tarbiyasi bilan band.
Ayni paytda 73 yoshga qadam qoʻygan otaxon keyingi paytlarda 5 xil kasallikdan aziyat chekkanligi tufayli, darddan xalos boʻlish niyatida shifokorlar tavsiyasi bilan 2019-yildan buyon har kuni ertalab, 2 soat piyoda yurishni odatga aylantirgan edi.
“Sogʻlom turmush tarzi” platformasi ishga tushirilgani haqida xabardor boʻlganidan soʻng, iyun oyida oʻzining mobil telefoni orqali unga ulandi va kuniga 3 ming soʻmdan pul mukofotiga ega boʻla boshladi. Keyingi oyda 700 ming qadam piyoda yurganligi platforma orqali qayd etilib, tumandagi gʻolib sifatida 300 ming soʻm pul mukofotini qoʻlga kiritdi.
Piyoda yurishni odatga aylantirgan Ahmad ota salomatligi tiklanganidan, aholi salomatligi uchun davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilayotganidan nihoyatda xursand. U keyingi oylarda kunlik qadamini yanada koʻpaytirib, 35 mingga yetkazishni va shu orqali sogʻlom hayotga qaytishni niyat qilgan.
Inson uchun salomatlikdan koʻra muhim, sogʻliqdan koʻra koʻproq eʼtibor beriladigan narsaning oʻzi yoʻq. Shuning uchun xastaliklardan saqlanish, salomatlikni asrash va mustahkamlash uchun sport bilan shugʻullanish koni foydadir.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶