JORIY OʻQUV YILINI YaNGI MILLIY OʻQUV DASTURI ASOSIDA TAShKIL ETISh BOʻYIChA SEMINAR MAShGʻULOTLARI OʻTKAZILDI
Yangi oʻquv yiliga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilayotgan shu kunlarda “Barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablarida Milliy oʻquv dasturini 1-2-sinflarda amaliyotga joriy qilish” mavzusida seminar mashgʻulotlari tashkil etildi. Uch kun davomida boʻlib oʻtgan seminar mashgʻulotlarida tuman hududidagi umumtaʼlim maktablarning boshlangʻich taʼlim, rus va xorijiy tillar, amaliy va tabiiy, filologiya fanlarining metod birlashma rahbarlari hamda yosh ijodkor oʻqituvchilar ishtirok qilishdi.
9-avgust kuni 55-sonli umutaʼlim maktabida boshlangan seminarning dastlabki mashgʻulotlarida tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Akmal Ismailov ishtirok etdi va tadbirni kirish soʻzi bilan ochib berdi. Seminarga tashrif buyurgan soha xodimlarini yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 30 yillik bayrami bilan qizgʻin qutlab, yangi oʻquv yilida muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, Yangi Milliy oʻquv dasturining afzalliklari, taʼlim sifatini oshirishdagi ahamiyati haqida soʻz yuritdi.
Maʼlumki, Prezidentimiz xorijiy ekspertlar va tajribali oʻqituvchilarni keng jalb qilgan holda, umumiy taʼlimning Milliy oʻquv dasturi loyihasini ishlab chiqish va oʻtgan oʻquv yili davomida uni ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalarida sinovdan oʻtkazish taklifini bildirgan edi. Shunga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Taʼlim markazi tomonidan katta loyiha, yaʼni barcha fanlardan Milliy oʻquv dasturlari yaratildi.
Taʼkidlanganidek, yangi Milliy oʻquv dasturi mazmuni 50 foiz nazariya, 50 foiz amaliyotdan iborat boʻladi va oʻquvchining mustaqil faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga qaratiladi. Oldingi oʻquv dasturlarida baholash faqat eslab qolgan bilimlar hajmini aniqlashga qaratilgan. Yangi dastur asosida oʻquvchilarda shakllangan koʻnikmalar baholanadi. Shuningdek, fanlar soni va oʻquv yuklamalari optimallashtirilib, oʻquvchilar qiziqishiga koʻra fanlarni tanlab, oʻqish imkonini beruvchi variativ oʻquv dasturlar asosida hayotga va kasbiy faoliyatga tayyorlash imkoni yaratiladi.
Seminarda Milliy oʻquv dasturi asosida fanlar chiziqli tartibda emas, spiralsimon tarzda oʻqitilishi, yaʼni mavzular takroriy emas, bir-birini mantiqan davom ettiruvchi hamda soddadan murakkabga tomon yoʻnaltirilgan tarzda kiritilishi aytib oʻtildi. Undan tashqari, ushbu oʻquv dasturi asosida 1−2-sinflar uchun darsliklar yaratilgani toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Darsliklardagi oʻzgarishlar, taʼlim uslublari, sifat darajasini oshirishdagi ahamiyati toʻgʻrisida soʻz yuritilib, hozir amalda boʻlgan darsliklar bilan yangi yaratilayotgan darsliklarning farqi boʻyicha pedagoglar bilan munozaralar oʻtkazildi.
Shundan soʻng, oʻqituvchilar sektsiyalarga boʻlingan holda faoliyat olib bordilar. Seminar mashgʻulotlarida tuman Xalq taʼlimi boʻlimining boshlangʻich taʼlim metodisti Sherzod Murodov boshlangʻich sinflarda matematika fani boʻyicha mashgʻulotlarini tashkil etishda samarali metodlardan foydalanish boʻyicha maʼruza qilib, tavsiyalar berdi. Shuningdek, filologiya fanidan boʻlim metodisti Oʻtkir Matmurodov va 30-sonli maktabning oʻzbek tili fani oʻqituvchisi Umida Rahimova, tabiiy fanlar boʻyicha metodist Otabek Ollayarov, rus tili fani boʻyicha metodist Tamara Kenjayeva hamda amaliy fanlar boʻyicha metodist Karomat Xudoyberganovalar ham mashgʻulotlarda trenerlik qildilar.
Boʻlib oʻtgan mashgʻulotlar davomida oʻqituvchilar Yangi Milliy oʻquv dasturi asosida oʻqitish, darslarni tashkil etish boʻyicha batafsil maʼlumotlarga ega boʻldilar.
O. Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶