Amudaryolik 17 nafar bitiruvchi yoshlar umumtaʼlim maktablarini oltin hamda kumush medallar bilan tamomladilar
Mamlakatimizda taʼlim sifatini yanada oshirish, kelajagimiz egalarinig bilimli, yuksak salohiyatli, komil inson boʻlib yetishishlariga alohida eʼtibor qaratilib, bu borada qator samarali ishlar qilinmoqda.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, shu jumladan, Prezident maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar, ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari, sport yoʻnalishidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda akademik litseylarning iqtidorli bitiruvchilarini ragʻbatlantirish maqsadida oltin va kumush medallar bilan taqdirlash tartibi joriy etilganligi yoshlarimizning oʻqib, ilm-olishga boʻlgan qiziqishlarini yanada ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda.
Tumanimizdagi 75-sonli maktabning bilimga chanqoq oʻquvchilari Diana Bozorboyeva hamda Irodaxon Rajabovalar ham ana shunday ilmga chanqoq yoshlardan. Ular joriy oʻquv yilida maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, oltin medal sohibasi boʻldilar. Diana hamda Irodalar oʻzlarining iqtidori, izlanuvchanligi, intiluvchanligi bilan tengdoshlaridan ajralib turadi. Ular maktabda kichik sinfligidanoq fanlarni yaxshi oʻzlashtiradigan, ustozlari bergan topshiriqlarni ortigʻi bilan bajaradigan, bilimga chanqoq oʻquvchilar sifatida oʻqituvchilar eʼtirofiga sazovor boʻlishgandi.
Lavhamiz qahramonlari maktab maʼmuriyati, tuman Xalq taʼlimi boʻldimi tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlarda, jamoatchilik ishlarida juda faol ishtirok etib, doimo oʻzlaridagi bor imkoniyat hamda qobiliyatlardan samarali foydalanishga harakat qilganlar. Diana Bozorboyeva hamda Iroda Rajabovalar barcha sinflarni, choraklik, yakuniy imtihonlarni aʼlo baholarga tamomlab, hamisha barchadan oldinda boʻlishga intilganliklari bois oltin medal sohibalari boʻldilar. Bilimdon qizlarning ikkalasi ham koʻplab fan olimpiyadalari hamda bilimlar bellashuvlarida faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritib, maktab sharafini munosib himoya qilib keldilar.
Aytish kerakki, oltin medal umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 9-sinfini bitirganlik toʻgʻrisidagi aʼlo darajali shahodatnomasi mavjud boʻlgan, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10- va 11-sinflarida barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazoratlar, chorak va yillik baholari aʼlo boʻlgan yoki akademik litseylarning barcha kurslarida barcha fanlar boʻyicha yakuniy nazoratlar, yarim yillik va yillik baholari aʼlo boʻlgan, namunali xulq-atvorli va jamoat ishlarida faollik koʻrsatgan bitiruvchilarga beriladi.
Tumanimizda ana shunday maktabni oltin va kumush medallar bilan tamomlayotgan iqtidorli oʻquvchi yoshlarimiz talaygina. Joriy yilgi oʻquv yilida tuman boʻyicha jami 17 nafar bitiruvchi yoshlar umumtaʼlim maktablarini oltin hamda kumush medallar bilan tamomladilar. Shundan 9 nafari oltin medal, 8 nafari kumush medallar sohibi boʻldilar.
Tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 26-sonli maktab bitiruvchisi Hulkaroy Xudoyberganova ham aʼlochi, ham jamoatchi oʻquvchilardan biridir. Maktabdagi 11 yillik taʼlim olish jarayonida Hulkaroy fanlarni yaxshi oʻzlashtirishi, bilim olishga boʻlgan qiziqishining yuqori darajada ekanligi, jamoat ishlarida faolligi bilan doimo ustozlari olqishiga sazovor boʻlib keldi. Joriy oʻquv yilida u maktabni aʼlo baholarga tamomlab, kumush medalga loyiq deb topildi.
Hulkaroy Xudoyberganova kabi maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan oʻquvchilarning erishgan yutuqlarida ularga taʼlim-tarbiya bergan ustozlarning oʻrni beqiyos, albatta. Taʼlim muassalarining chuqur bilim, saviyaga ega, yuqori salohiyatli ustozlari yosh avlod egalariga ilm-fan sir-asrorlarini oʻrgatishda bor kuch va bilimini ishga solgan holda bilim berib kelmoqdalar. Ustozlaridagi shijoat, oʻz kasbiga boʻlgan mehr, oʻz fanining chuqur bilimdoni ekanligi yoshlarimizda ilmni teranroq oʻrganishga ishtiyoq uygʻotgan, desak, aslo mubolagʻa emas. Taʼlim maskanlaridagi jonkuyar ustozlar ham ota-ona, ham ustoz sifatida oʻquvchilardagi qobiliyat hamda imkoniyatlarni ilgʻay olgan, ularga oʻz qiziqishlariga koʻra toʻgʻri yoʻnalish berib, doimo qoʻllab-quvvatlagan.
Shu oʻrinda qayd etish joizki, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan vaqt ichida yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi. Yosh avlodning sogʻlom oʻsishi, sifatli taʼlim olishi va barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishini taʼminlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “besh muhim tashabbus”ni joriy etish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil yurtboshimiz tomonidan "Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligi yili" deb eʼlon qilinishi, yurtimiz yoshlariga qaratilgan katta eʼtibor va ishonch namunasi deyish mumkin. Bugun yoshlarimizning porloq kelajagi uchun har sohada keng imkoniyatlar yaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” qarori bu boradagi ishlarda muhim dasturulamal boʻlib xizmat qilmoqda.
23-iyun kuni tuman hokimligining majlislar zalida bilimli va iqtidorli yoshlarimizni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev tumanimizdagi umumtaʼlim maktablarini muvaffaqiyatli tamomlagan 17 nafar oʻquvchi yoshlarimizga 9 ta oltin hamda 8 ta kumush medallarni tantanali ravishda topshirdi.
Marosimda tuman hokimi oʻrinbosari Mahmud Shermetov, hokimlik masʼullari, tuman Xalq taʼlimi boʻlimi xodimlari, oʻquvchi yoshlarimizning ota-onalari, taʼlim-tarbiya bergan ustozlari ham ishtirok etdilar.
Sultonboy Yoʻldashev oʻz soʻzida bitiruvchilarimizni oltin hamda kumush medallar sohibi boʻlganliklari bilan samimiy muborakbod etdi. Ularga tarbiya bergan ota-onalari hamda bilim bergan ustozlariga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, bugun mamlakatimizda yoshlarimizga berilayotgan imkoniyat hamda shart-sharoitlardan oqilona foydalangan holda kelgusida Vatan ravnaqiga hissa qoʻshadigan munosib farzand boʻlib yetishishlariga ishonch bildirdi.
Marosimda taʼkidlanganidek, maktabni muvaffaqiyatli tugangan oʻquvchilarga oltin hamda kumush medallarni berish tartibi joriy etilishidan koʻzlangan asosiy maqsad oʻquvchilarni taʼlim olishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirish, ular oʻrtasida sogʻlom raqobatni shakllantirish, korruptsion holatlarning oldini olish va iqtidorli oʻquvchilar bilimini ragʻbatlantirishdan iboratdir.
Marosimda ishtirok etayotgan ota-onalar, ustozlar ham yoshlarimizni tabriklab, ularning kelajakdagi oʻqish va ishlarida zafarlar tiladilar.
Tumanimizning faxri boʻlgan, umumtaʼlim maktablarini oltin hamda kumush medallar bilan bitkazgan yoshlarimiz oʻzlariga bildirilgan yuksak eʼtibor hamda ishonchni oqlagan holda kelgusida Vatanimiz koriga yaraydigan, komil inson boʻlishlariga ishonamiz hamda ularga yangi zafarlar hamda muvaffaqiyatlar tilaymiz.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶