NURONIYLAR OChIQ OSMON OSTIDAGI MUZEY – XIVAGA MAROQLI SAYoHAT QILDILAR
“Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” shiori ostida nafaqat joylardagi kasaba uyushmalari tashkilotlari, balki davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan ham mamlakatimiz tarixiy obidalari, ziyoratgohlari va diqqatga sazovor joylariga har yili sayohatlar uyushtirilmoqda.
Tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan tumanimiz mahallalarida istiqomat qilayotgan piru-badavlat nuroniylar ishtirokida “Ochiq osmon ostidagi muzey” maqomini olgan qadimiy va mangu navqiron Xiva shahriga maroqli sayohat uyushtirildi. Nuroniy otaxon va onaxonlar bir kun davomida qadimiy tariximizga yana bir bor oshno boʻlgan holda katta taassurotlar olishdi.
Sayohatchilar Xiva shahrining diqqatga sazovor joylari, necha yuz yillik tarixni oʻzida aks ettiruvchi meʼmoriy obʼektlari, qadimiy yodgorliklarni yaqindan koʻrish imkoniyatiga ega boʻldilar. Xususan, qadimiy Xivaning yanada goʻzal va maftunkor manzilgohlari, madrasa, maqbara, minora va zamonaviy majmualarini maroq bilan tomosha qilishib, ming yillar ortidagi tarix nafasini chuqur his etdilar.
Nuroniylar Xivaning mashhur Juma masjidi, Shayx Muxtor Valiy, Pahlavon Mahmud maqbaralari, Markaziy Osiyodagi eng yirik va noyob meʼmoriy yodgorlik – Ichan qalʼa (yaʼni Shahriston)dagi har bir meʼmoriy obidaning asrlar davomida avaylab-asralib, bus-butunligicha saqlanganidan hayratlanib, mamlakatimizda tarixiy obidalar, muqaddas qadam-joylarga qayta hayot bagʻishlash, tiklash-taʼmirlash ishlari olib borilayotgani va bu boradagi davlatimiz siyosatidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.
Sayohat davomida nuroniylar Xiva shahridagi madrasalardan eng yirigi – Muhammad Aminxon madrasasini ham borib koʻrdilar. Buyuk ajdodlarimiz Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Shoh Maʼmun ibn Muhammad, shoirlar Komil Xorazmiy Shermuhammad Munis va Ogahiylar nomlarini yodga olishib, ularning pok ruhlariga Qurʼon oyatlaridan tilovatlar qildilar.
Kun boʻyi moziy va bugungi davr uygʻunligi ruhida maroqli sayohat qilgan nuroniylar olam-olam taassurotlar ogʻushida, yumshoq oʻrindiqlarda, hatto yoʻl charchogʻini ham sezmay, sayohatdan mamnun boʻlib qaytdilar.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶