OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI YoShLAR IShLARI AGENTLIGI DIREKTORI ALIShER SAʼDULLAYeV AMUDARYoLIK YoShLAR BILAN UChRAShDI
Mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan eʼtibor, ularga davlat tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik yildan-yilga ortib bormoqda. Yoshlarning maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, iqtidorini qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallab, yetuk malakali mutaxassis boʻlishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Ayniqsa, mazkur yilda yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olinib, dolzarb vazifalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, mutaxassisligiga koʻra ularning bandligini taʼminlash, tadbirkorlik salohiyatini oshirish, bu borada imkon boricha koʻmak berish kabilarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev Amudaryoda yoshlar masalasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida 12-mart kuni tumanga tashrif buyurdi.
Agentlik direktoriga tuman hokimi Sultonboy Yoʻldoshev, sektorlar rahbarlari hamda boshqa masʼullar hamrohlik qildilar.
Masʼullar dastlab Choykul ovulida tadbirkor Mahmud Norboyev tomonidan tashkil etilgan issiqxonadagi ish jarayoni bilan tanishdilar. Issiqxonada yaratilgan sharoit, ekinlar parvarishiga doir va boshqa ishlar bilan qiziqib, tadbirkorga zarur tavsiyalar, maslahatlar berdilar. Shundan soʻng, masʼullar 55-sonli maktabga tashrif buyurib, bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdilar. Ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda yoshlarning orzu-niyatlari, fikrlari bilan oʻrtoqlashdilar.
Uchrashuvda ayni paytda yoshlarni qiziqtirayotgan savollar, qiynayotgan muammolarni ijobiy hal etishda tuman faollari, keng jamoatchilik vakillari, mutasaddi idoralar rahbarlari masʼuliyat bilan yondashishlari zarurligini aytib oʻtildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ishsiz yoshlarni hamda oliy taʼlim bilan qamrab olinmagan yoshlarning maxsus “Yoshlar daftari” asosida hisobini yuritish, muntazam ular bilan ishlash, bandligini taʼminlash, shu jumladan, tadbirkorlikka yoʻnaltirish masalalari boʻyicha bergan topshiriqlarining ijrosini doimiy ravishda nazoratga olish kerakligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Masʼullar Beruniy nomli mahalla hududida qurilayotgan “Yoshlar mehnat guzari” binosiga ham tashrif buyurib, jarayon bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida masʼullar bilan 2020-2021-yillar davomida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish boʻyicha barcha chora-tadbirlar belgilash haqida ham kelishib olindi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶