BARNOXONNING KOʻNGIL MULKI
Insonning oʻz koʻnglidan ulugʻ mulki yoʻq, deyishadi. Chunki uning ana shu mulki hamma joydan keng, bagʻriga insonning quvonchi ham, gʻami va azob-u uqubatlari..., hatto mislsiz gʻalabalari, odamlardan, dunyodan pinhon sirlari ham sigʻaveradi. Agar u ijod ahlidan boʻlsa, bu koʻngil mulkining cheki-chegarasi boʻlmaydi. Xuddi daryo kabi toshqin, joʻshqin, oʻzgalar dilini obod etgulik qudrat kasb yetadi.
Men koʻplab ijodkorlarning koʻngil mulki moʻʼjizalariga koʻp bora guvoh boʻlganman, ijodkor yuragidan sizib chiqqan serjarang tugʻyonlarga oshno boʻlib, undan bahra olganman.
Yoshgina shoira qizimiz Barnoxonning ham koʻnglida ana shunday jarangdor tugʻyonlar bor. Uning koʻngil boʻstonini charogʻon etib turgan misralarda ona yurt kengliklari, yaxshiliklar, ezguliklar gullab yotgan shaharlar, yovonlar, farovon hayot mujassam.
Barnoxon har bir satrini dil chamanidan terib-terib, fidoyilik bilan oqqa koʻchiradi. Xuddi koʻngil bepoyonligi kabi hech yakuniy nuqta qoʻyishga shoshilmay yozaveradi, yozaverdi...
Barnoxon Amudaryo tumanidagi 35-sonli umumtaʼlim maktabining aʼlochi oʻquvchilaridan. U ilk sheʼrini qogʻozga tushirganida maktabning boshlangʻich sinfida tahsil olardi. Sinfdoshlariga, ustozlariga yozganlarini oʻqib berganida birov unga havas qildi, yana birov uning yozganlarini hayrat va ishtiyoq bilan tingladi. Bu unga maʼnaviy ragʻbat boʻldi. Doʻstlari, ustozlariga manzur sheʼrlar ijod etishga intildi. Ana shu intilish bilan yozdi, yana va yana yozaverdi. Uning “Yaxshi odamlar”, “Onamga”, “Ona Vatanim”, “Ona tilim” kabi sheʼrlari nafaqat oʻz koʻngil mulkiga aylandi, balki doʻstlari va ustozlari, hatto hamqishloqlariga ham manzur boʻldi.
Barnoxon ijod olamining mashaqqatlarini his etgan sari satrlari yetildi, qalblarni maftun etdi. Ayniqsa, “Qoʻshnilar”, “Opamga” “Yaxshi odamlar” kabi sheʼrlarini muxlislari yodlab oldilar. Bu holat yosh ijodkor qiz koʻnglini yuksaltirdi, ilhom bagʻishladi va yangi-yangi sheʼrlar bilan muxlislarini mamnun etdi. “Chumchuq bilan Bulbul suhbati”, “Yaxshilik qiling”, “Qiz bolaga” sheʼrlaridagi falsafiy fikrlari bilan oʻz uslubiga ega ijodkor sifatida ijod maydoni aro dadil qadam qoʻydi. Jurʼat bilan ilk sheʼrlar toʻplamini nashriyotga topshirdi.
Yosh havaskor shoiraning “Ilk parvozim” sheʼrlar toʻplami “Taraqqiyot koʻzgusi“ gazetasi nashriyotida chop etildi. Garchi Barnoxonning ijodida baʼzi kamchiliklar, sheʼriyat talablariga mos kelmaydigan holatlar kuzatilsa-da, uning fikrda dadilligi, ijoddek mashaqqatli yoʻl aro sabr-toqati, intilishlari qalblarda unga nisbatan ishonch uygʻotadi.
Ishonch – inson orzulariga qanot bagʻishlaydi. Biz Barnoxon qizimizning kelgusida yanada yetuk va mukammal sheʼrlar bitib, oʻz koʻngil saltanatini yanada obod, oʻzgalar qalbini charogʻon etishiga ishonamiz.
Robiya YOʻLDOShEVA, Oʻzbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶