DEPUTAT SAYLOVChILARI BILAN UYMA UY YuRIB SUHBATLAShDI
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq mahalliy Kengash deputatlari saylovchilar bilan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi, siyosiy partiya tashkiloti bilan uchrashuvlar oʻtkazishga, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlari taʼminlanishini nazorat qilish huquqiga ega.
Oʻz huquq va majburiyatlaridan kelib chiqib faoliyat yuritayotgan xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari ham oʻzlarining saylovchilari bilan belgilangan muddatlarda uchrashuvlar oʻtkazib, ularning hayotini chuqur oʻrganib, turmushidagi muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishiga munosib hissa qoʻshmoqdalar.
Deputatlar faoliyatida 2020-yil aholi muammolarini aniqlash va hal qilish uchun kurashda oʻziga xos yil boʻldi. Koronavirus pandemiyasi tarqalishi munosabati bilan oʻrnatilgan karantin cheklovlari tufayli koʻpgina mehnat muhojirlari oʻz uylarida qolishga majbur boʻldi, ayrim tadbirkorlik subʼektlari faoliyati vaqtincha toʻxtatib qoʻyilgani uchun daromadidan ayrildi.
Ana shunday vaziyatda aholining nochor qatlamlari ijtimoiy himoyaga olinib, zarur oziq-ovqat mahsulotlari, pul mablagʻlari bilan taʼminlab turildi, ishga yaroqli ishsiz aholining oʻz uylarida qolib daromad topishiga koʻmaklashildi.
Shubhasiz, buningdek xalqimizga xos bir-birovga mehr-muruvvat koʻrsatish, ogʻir kunida yelkadosh boʻlishdek hayotbaxsh urf-odat, anʼanalarimizning keng yoyilishida mahalliy deputatlarning ham oʻrni alohida ekanligi barchaga ayon.
8-yanvar kuni tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Bahodir Boltaboyev ham oʻzi deputat boʻlib saylangan hudud - Qipchoq ovul fuqarolar yigʻini va Uyshin mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib, yigʻinlar ish faoliyati, aholi bilan ishlashish holatini oʻrgandi, faoliyati yanada samarador boʻlishi uchun zarur tavsiya va maslahatlar berdi.

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari – aholiga eng yaqin va ularning suyanchigʻi, maslahatgoʻyi boʻlgan tashkilot. Shu boisdan ham oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlari oʻz hududining katta-yu kichigini tanishi, hayotidan xabardor boʻlishi, lozim boʻlsa, qoʻllab-quvvatlashi kerak. Deputat bu borada Qipchoq ovulida olib borilayotgan saʼy-harakatlar bilan yaqindan tanishdi, organ xodimlarining ishi samaradorligini oshirish, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashishni yana ham jonlantirish yuzasidan yoʻl-yoʻriqlar berdi.
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabr kungi Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish borasidagi belgilab berilgan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida fuqarolar yigʻini masʼullari bilan uyma-uy yurib, aholi turmush tarzi bilan tanishdi, hayotidagi muammolarni oʻrgandi. Oʻrganish jarayonida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan, imkoniyati cheklangan fuqarolari bor oilalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Deputat tashrifidan va yigʻin xodimlarining yoʻqlab kelganidan saylovchilar xursand boʻlishdi va dildan suhbatlashdilar.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶