OPA-SINGILLAR OʻRTASIDAGI MOJARO JINOIY JAVOBGARLIKKA SABAB BOʻLDI
Farzand dunyoga keltirib, voyaga yetkazgan, uning kamolga yetishi uchun borini baxshida etgan har bir ota-ona keksalik yoshiga yetganida undan izzat-hurmat koʻrishni istaydi. Hayotda oʻrnini topishiga koʻmak berib, oyoqqa turgʻazgan dilbandining rohatini koʻrish umidida boʻladi. Oqibatli farzand esa oʻz navbatida dunyoga keltirib, hayotini bergan, oʻzi uchun fido boʻlgan moʻʼtabarlarini eʼzozlab, doim boshiga koʻtarib yashaydi.
Ammo ming afsuslar boʻlsinki, asrab-avaylab, katta umid bilan voyaga yetkazgan ota-onasining qadriga yetmaydigan, keksayganida beliga quvvat, joniga darmon boʻlish oʻrniga oʻz halovatini koʻzlaydigan noqobil farzandlar ham yoʻq emas.
Respublikamizdagi tumanlardan birida yashovchi Sarvixon ismli onaxon ham 9 nafar farzandni rahmatli umr yoʻldoshi bilan birgalikda orzu-havaslarga koʻmilib ulgʻaytirgan edi. Ayniqsa, 8 nafari oliy oʻquv yurtining diplomiga ega boʻlishganida farzandlari bilan juda faxrlanishdi. Ammo endi keksalik gashtini suradigan paytida otaxon dunyodan oʻtib, onaxonning halovati yoʻqoldi. Ayniqsa, xonadonida birga yashayotgan oʻgʻli xizmat taqozosi tufayli boshqa tumanga yashashga ketganida u yanada yolgʻizlanib qoldi. Shundan keyin roʻzgʻori boʻlak boʻlgan boshqa oʻgʻli oilasi bilan kelib, birga yashay boshladi. Onaxon uyni shu oʻgʻlining nomiga oʻtkazgandan keyin farzandlar oʻrtasida mojaro boshlandi.
Oʻzidan tinib-tinchigan boʻlishiga qaramasdan, bu boshqa farzandlarga yoqmadi va oʻzaro kelishmovchilikka sabab boʻla boshladi. Ayniqsa, oʻz uyiga olib ketib birga yashayotgan onaxonning shifokor qizi Baxtigul hovlini qaytarib, nomiga oʻtkazishni talab qildi va uni koʻndirdi. Bu biri oʻqituvchi va biri tarbiyachi boʻlib ishlaydigan boshqa qizlariga, hovli egasi boʻlgan oʻgʻilga yoqmadi. Ular onaxonni yana uyga qaytarib olib kelishdi. Shundan keyin oʻrtadagi kelishmovchilik oldingidan ham kuchaydi. Baxtigul bilan murosaga kelish uchun uning uyiga borgan singillari Guljamol va Janaroylar aksincha, janjallashib qolishdi. Hatto bir-biri bilan doʻpposlashishgacha borishdi. Qattiq jahli chiqqan Janaroy qoʻliga tushgan oshxona buyumi bilan Baxtigulning duch kelgan joyiga urib, yengil tan jarohati yetkazdi va ushbu nojoiz qilmishi sabab jinoiy javobgarlikka tortildi.
Keksa onasini ardoqlab, uning oyogʻi ostidagi jannatni koʻzlariga surtish oʻrniga halovatini buzib, sargardon qilgan noqobil farzandlarning el oldida ham yuzlari shuvut boʻldi.
Umida Orazbayeva, Nukus shahar IIO FMB 1-son IIB huzuridagi Tergov guruhining tergovchisi, mayor.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶