QONUNIY NIKOHDAN OLDINGI TIBBIY KOʻRIK MUHIM AHAMIYaTGA EGA
Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksiga muvofiq sogʻlom oilani shakllantirish, irsiyatga bogʻliq va tugʻma kasalliklarga chalingan bolalar tugʻilishining oldini olish maqsadida nikohdan oldin yoshlar tibbiy koʻrikdan oʻtishlari kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish Nizomi toʻgʻrisida”gi 365-sonli Qarori asosida FHDYo boʻlimiga ariza berganlaridan soʻng, nikohlanuvchi shaxslar mazkur Nizomga muvofiq ruhiy, narkologik, tanosil kasalliklari, sil kasalligi va OIV/OITS yuzasidan tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Nikohlanuvchi shaxslar FHDYo organlari tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtish uchun doimiy yoki vaqtinchalik yashash joyidagi sogʻliqni saqlash tizimining tegishli tibbiyot muassasalariga yuboriladi. Agar nikohlanuvchi shaxs oʻz xizmati yoki ishi turiga koʻra muayyan tibbiyot muassasasiga biriktirilgan boʻlsa, u mazkur muassasada koʻrikdan oʻtkaziladi.
Ozodlikdan mahrum etish joylaridagi shaxslarning tibbiy koʻrigi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tibbiyot muassasalarida oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan nikohlanayotgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻzlarining vaqtincha yashash joyida tibbiy koʻrikdan oʻtadilar. Mazkur Nizomning amal qilishi nikohlanuvchi shaxslarning fuqaroligidan qatʼiy nazar, Oʻzbekiston Respublikasi FHDYo organlari tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladigan barcha nikohlarga joriy etiladi, 50 yoshdan katta shaxslarning nikohini roʻyxatdan oʻtkazish hollari bundan mustasno, ushbu shaxslar tibbiy koʻrikdan faqat ularning roziligiga koʻra oʻtkaziladi.
Tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun berilgan yoʻllanmalar FHDYo organlarida nikoh tuzish toʻgʻrisidagi arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish daftarida qayd etiladi.
Nikohni qayd etishda FHDYo organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy koʻrikdan oʻtganliklariga va ularning ushbu tekshirish natijalaridan xabardorligiga ishonch hosil qilishi kerak. Nikohlanuvchi shaxslar nikoh qayd etilgunga qadar ikkinchi tomonni tibbiy tekshirish natijalaridan xabardor qilishi shart.Tibbiy koʻrikdan oʻtgandan keyin nikoh tuzilishiga Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 16-moddasida nazarda tutilgan toʻsiq mavjud boʻlmagan taqdirda FHDYo organlari tomonidan nikohni qayd etish belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Nikohlanuvchi shaxslarda tekshirish natijasida darhol davolash kursidan oʻtishni talab etuvchi kasalliklar aniqlangan taqdirda, ular belgilangan tartibda tegishli davolash muassasalariga yoʻnaltiriladi. Agar nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijasida ularning bittasida yoki har ikkalasida mazkur Nizomda nazarda tutilgan kasallik aniqlangan taqdirda, nikohni qayd etish tomonlarning ushbu tekshirish natijalaridan xabardorligi tasdiqlangandan keyin amalga oshiriladi.
Mavjud muammolarga chek qoʻyish maqsadida FHDYo boʻlimimizga yosh kelin- kuyovlar uchun alohida maktab tashkil qilinganki, unga mutaxassislar, ruhshunos, huquqshunoslar, koʻpni koʻrgan keksa otaxon-u onaxonlar taklif etiladi. Yosh oila uchun nikohni rasmiylashtirish, tibbiy koʻrikdan oʻtish kanchalik muhim ekanligi ularning ota-onalariga ham tushuntiriladi. Albatta, koʻrikdan oʻtishning afzalligini endi yoshlarimizning oʻzlari chuqur anglab yetmoqdalar. Ilgari koʻp hollarda aynan tibbiy koʻrikdan oʻtmasdan oila qurgan yoshlar oʻrtasida ajralib ketish holatlari uchrab turgan boʻlsa, endi bunday noxushliklarning bir muncha oldi olindi.
Yurtimizda uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar, ertangi kun farovonligini taʼminlashga qaratilgan ezgu saʼy-harakatlar har birimizni shukrona aytib yashashga, yurt ravnaqi, el xizmatiga kamarbasta boʻlishga undaydi.
J.Abayeva, tuman FHDYo boʻlimining 1-toifali inspektori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶