YaNGI BAHOLASh TIZIMI OʻQUVChI EGALLAGAN BILIM VA KOʻNIKMALARNI ANIQLAB BERADI
Yurtimizda joriy etilgan karantin qoidalari tufayli taʼlim tizimi xodimlari, pedagoglar oʻrtasida tajriba almashish tariqasida oʻtkaziladigan shoʻʼba yigʻilishi bu gal har yilgidan farqli ravishda oʻtkazildi.
Shoʻʼba yigʻilishi – bu yangi oʻquv yili boshlanishi oldidan tizimda faoliyat yuritayotgan pedagog-xodimlarning kasbiy mahoratlarini yanada oshirish, ilgʻor tajribalarni targʻib qilish hamda ularga oʻquv dasturlari, darsliklardagi yangiliklar va oʻzgarishlarni yetkazish, yangi oʻquv yilida taʼlim-tarbiya sifatini oshirish yuzasidan muhim va ustuvor yoʻnalishlarni belgilab olish maqsadida oʻtkaziluvchi oʻquv-seminardir.
2020-2021 oʻquv yilida boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining Respublika Taʼlim markazi shoʻʼba yigʻilishi pandemiya sharoitida ikki xil tarzda oʻtkazildi. Yaʼni, Respublika oʻquv-seminar ZOOM aloqa vositasi orqali onlayn videokonferentsiya shaklida 12-avgust kuni boʻlib oʻtdi. Onlayn videokonferentsiyada tumanimizning boshlangʻich sinf oʻqituvchilari faol qatnashishdi.
13-avgust kunidan boshlab esa “Eurosport” telekanali orqali telemaster klasslar shaklida amalga oshirildi.
Bu yilgi shoʻʼba yigʻilishi Respublika Taʼlim markazi mahoratli metodist oʻqituvchilari tomonidan “Boshlangʻich taʼlimda savodxonlikni shakllantirish usullari” mavzusida olib borildi. Unga koʻra, boshlangʻich sinf oʻquvchilari haftaning besh kunida oʻqishadi va shanba kunlari ota-onasi bilan boʻlishadi.
Joriy oʻquv yilidan boshlab, 1-2-sinflarda yangi baholash tizimi tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi. Oʻqituvchilar yuritishi lozim boʻlgan hujjatlar soni esa 3 tadan 1 taga kamaytirildi. Yaʼni, oʻqituvchilar faqat sinf jurnalinigina yuritadi. Bu esa ularga koʻproq oʻz ustida ishlashga, oʻquvchilar savodxonligi bilan shugʻullanishiga imkon yaratadi. Endilikda oʻquvchilar ham qogʻoz kundalikdan voz kechishadi. Oʻquvchilarning har kungi kundalik baholari qayd etib boriladigan elektron kundaliklar joriy etilmoqda. Bunda oʻquvchilarning barcha fanlardan olgan baholari kundalik.com saytiga joylashtiriladi. Kundalik.comning afzalliklari shundaki, sayt orqali ota-onalar farzandlarining haqiqiy baholari bilan tanishib boradilar. Uyida, oila davrasida boʻlmagan ota-onalar ham farzandlarining bilimidan, oʻqishidan xabardor boʻlib turishadi. Joriy oʻquv yilida tumanimizdagi 4 ta maktab kundalik.comga, yaʼni elektron baholash tizimiga oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Albatta, mazkur tizim amaldagi baholashdan mazmun va yondashuv jihatidan tubdan farq qiladi. Yaʼni, amaldagi baholash tizimi oʻquvchining yangi mavzuni qay darajada oʻzlashtirgani va xotirasida saqlab qolganini baholovchi mezonlarga asoslansa, yangicha baholashdagi mezonlar oʻquvchining egallagan bilimi natijasida hosil boʻlgan koʻnikmalarini baholaydi. Bunda oʻquvchining savodxonligi, kompetentsiya va shaxsiy sifatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Shu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, yangicha baholash tizimi oʻquv jarayonining eng baland nuqtasini – oʻqituvchining bilimdonligi va oʻquvchining oʻzlashtirish qobiliyati nechogʻlik ekanligini belgilaydi. Mazkur baholash tizimi, taʼlim sohasini yuqori pogʻonaga koʻtarishi tabiiy.
Sherzod Murodov, tuman XTB boshlangʻich taʼlim metodisti.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶