TUMAN FAVQULODDA VAZIYaTLAR BOʻLIMINING PROFILAKTIK TADBIRLARI OʻTKAZILDI
Soʻnggi vaqtlarda havo haroratining keskin isib ketishi, shuningdek, respublikamiz xududida faoliyat yuritayotgan avtomobilarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida xavfsizlik talablariga rioya qilinmasligi yongʻinlar sodir boʻlishiga olib kelmoqda.
Tuman Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi tuman Ichki ishlar, Milliy gvardiya, tibbiyot birlashmasi, Tuman gaz taʼminoti, Tuman elektr tarmoqlari hamda tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi hamkorligida Tosh yop mahallasida joylashgan gaz quyish shoxobchasida “Sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va sodir boʻlganda tuman FVDT xizmatlari bilan xamkorlikda zudlik bilan bartaraf etish” mavzusida maxsus-taktik oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi.
13-iyun kuni oʻtkazilgan oʻquv mashgʻulotida tuman IIB xodimi, podpolkovnik Otabek Masharipov, Milliy Gvardiya xodimi, kapitan Azizbek Kolmuratov, tuman FVB xodimlari, podpolkovnik Hamro Matyakubov, podpolkovnik Bekzod Nurmamatov, leytenant Bekzod Allabergenovlar hamda yana 75 nafar xodimlar ishtirok etib, 14 ta maxsus texnika jalb qilindi.
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadidagi profilaktika tadbiri tumanimizdagi Jumurtov mahallasida ham oʻtkazildi. Mazkur tadbirda choʻmilish mavsumini bexatar oʻtkazish hamda Jumurtov panton koʻprigi atrofidagi kemalarning texnik holatini oʻrganish yuzasidan boʻlib oʻtdi. Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boʻlim boshligʻi katta leytenant Ibragim Tadjimov hamda tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi xodimlari ishtirok etdilar.
Yoz fasli kelishi bilan nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham uzoq kutilgan choʻmilish mavsumi boshlandi. Dam olish kunlari fuqarolarimiz tabiyat qoʻyniga toza havo, quyosh nurlaridan va choʻmilishdan baxramand boʻlishga, shuningdek, kichik hajmli kemalardan foydalanishga shoshadilar. Ayniqsa, yirik daryo va kanallarda choʻmilish, qayiqlarda, gidrotsikllarda, katamaranlarda sayr qilish barchaga birdek huzur bagʻishlashi tabiiy. Lekin “falokat oyoq ostida” deganlaridek, notanish joylarda choʻmilish, spirtli ichimliklarni istemol qilib mast holatda suvga tushish, yosh bolalarning qarovsiz qolishi holatlari koʻplab uchrab turadi.
Maʼlumot tariqasida aytish kerakki, kichik hajmli kemalarni texnik koʻrikdan va Davlat roʻyxatidan oʻtkazish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi. Kemani dastlabki texnik koʻrikdan oʻtkazishda uning yuk koʻtarish qobiliyati, yoʻlovchilarning maksimal sigʻimi, dvigatelning holati, quvvati, bortning holati, qutqaruv vositalari, oʻt oʻchirgich, signal chiroqlari hamda ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan jihozlar toʻliqligi tekshiriladi. Texnik koʻrik natijasidan kelib chiqqan holda, kema suzishi mumkin boʻlgan toʻlqin balandligi, qirgʻoqdan uzoqlashish masofasi, maksimal yuk koʻtarishi va yoʻlovchilar sigʻimi belgilab beriladi.
Oʻquv mashgʻulotida dam olish kunlari doʻstlar yoki oila aʼzolari bilan birga qayiqlarda sayr qilishda, albatta, kemalarning yuqorida aytib oʻtilgan xavfsizlik talablarga javob berishiga eʼtibor qaratish lozimligi, roʻyxatdan va texnik koʻrikdan oʻtkazilgan kema bortining ikki yon tomoniga roʻyxatga olish raqami yozilgan boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, kichik hajmli kemalarning egalaridan esa mavjud kemalardan qonuniy va xavfsiz foydalanmaslik, shuningdek, suv havzalarida fuqarolarning xayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish maqsadida, oʻz vaqtida kemalarni davlat roʻyxatidan va texnik koʻrikdan oʻtkazishlari zarurligi ham alohida qayd etib oʻtildi.
Qolaversa, kichik hajmli kemalardan foydalanish qoidalarini buzish Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 119 va 132-moddalariga muvofiq, kemaning vaqtincha olib qoʻyilishi va maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻlishi toʻgʻrisida eslatib oʻtildi.
Kundan kunga havo haroratining tobora koʻtarilib borayotgani yurtimiz dalalarida gʻalla pishib yetilib, oʻrim-yigʻim tadbirlari boshlanib ketganligi xalqimizga gʻallani nes-nobud qilmasdan daladan oʻrib olish hamda xirmonga yetkazish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
13-iyun kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻining profilaktika boʻyicha oʻrinbosari podpolkovnik Mahmud Seydullayev va tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Begzod Nurmamatovlar Tosh yop ovulidagi “Ogʻabek-Asadbek-Abbosbek” fermer hoʻjaliklaridagi gʻalla maydonlarida oʻriladigan gʻallani nobud qilmay hamda yongʻindan saqlagan holda yoʻl qoʻymasliklari boʻyicha tumanda tashkil etilgan 16-sonli otryad xodimlariga yoʻriqnoma oʻtkazdilar.
Tadbir mobaynida oʻrimga jalb qilingan texnikalar va ulardagi birlamchi yongʻin oʻchirish vositalarining sozligi, toʻliq taʼminlanganligi koʻzdan kechirildi. Shuningdek, kombaynni har toʻrt soat ichida toʻxtatib, keyin yurgʻizishlari, oʻrim paytida gʻalla dalasida tez yonuvchan mahsulotlar olib kirmaslik tamaki mahsulotlarini chekmaslik, olovdan foydalanmaslik va yongʻin xavfsizlik qoidalariga qatʼiy rioya qilish lozimligi qayd etib oʻtildi.
Shuningdek, gʻallani don qabul qilish shoxobchalariga olib borishda yoʻl harakati qoidalariga amal qilishlari zarurligi ham qayd etib oʻtildi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶