SOBIQ YoNGʻIN OʻChIRUVChINING XONADONIGA MASʼULLAR TAShRIF BUYuRIShDI
Xotira avlodlarni avlodlar bilan bogʻlab turuvchi maʼnaviy koʻprikdir. Shu tufayli ham bu yorugʻ kunlarga qanday, nimaning hisobiga erishganimizni, bu yoʻlda qanday azob-uqubatlar va yoʻqotishlar, kurashlar boʻlganini, qancha-qancha odamlar jonini qurbon qilganini anglaymiz, sidqidildan his qilamiz, tinch-farovon hayotimizning qadrini ham tushunamiz.
Odatda fidoyiliklar, qahramonliklar haqida gapirganda koʻpincha koʻz oʻngimizda urush manzaralari, oʻqday yogʻilayotgan oʻqlar ostida olgʻa intilayotgan, dushman bilan jonini ayamay kurashayotgan askarlar namoyon boʻladi. Aslida hayotimizda tinchlik-osudalik mangu barqaror boʻlmogʻi, el-yurt omonligi, xavf-xatarlardan holi boʻlmogʻi uchun oʻz halovatidan kechib mehnat qilayotganlar hamma davrlarda ham bor. Bunga tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi 4-Kasbiylashtirilgan yongʻin qutqaruv qismida yongʻin oʻchiruvchisi boʻlib, fidoyilik bilan xizmat qilgan, mard va jasur inson, qipchoqlik Soliyboy Qurbonboyevni misol qilib koʻrsatish oʻrinli boʻladi.
U 1973-yilda Qipchoq ovuli hududidagi 75-sonli maktabning 1-sinfiga oʻqishga borgan. 1983-yilda maktabni tugatgach, 1984-1986-yillarda harbiy xizmat burchini oʻtagan. 1987-yilda Toshkent Qishloq xoʻjalik texnikumining agronomiya fakultetiga oʻqishga kirib, 1989-yilda muvaffaqiyatli tugatgan.
U mehnat faoliyatini “Agromashtrans” korxonasida traktorchilik qilishdan boshlagan. 2003-2009-yilgacha tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi 4-Kasbiylashtirilgan yongʻin qutqaruv qismida yongʻin oʻchiruvchi boʻlib, oʻz xizmat vazifasini sidqidildan ado etgan.
2019-yilning 30-avgustida Qilichboy ovulidagi “Quvsiriq” fermer xoʻjaligi molxonasida bexosdan kelib chiqqan yongʻin uning hayotiga nuqta qoʻydi. Yongʻinni oʻchirish chogʻida u talofat koʻpayib, alanga kuchayib ketmasligi, boshqa insonlar jabr koʻrmasligi uchun juda astoydil harakat qildi. Qismning fidoyi xizmatchisi bu tilsiz yovni bartaraf etishda baxtsiz hodisa sabab hayotini xavf ostida qoldirib, qattiq jarohatlandi va hayotdan koʻz yumdi.
Soliyboy Qurbonboyev yurtimizning bir fidoyi oʻgʻloni sifatida ibratli umr kechirdi va oʻzidan yorqin xotiralar qoldirdi.
9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida uning xonadoniga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, podpolkovnik Mahmud Seydullayev, tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi, podpolkovnik Hamro Matyoqubov va bir guruh kasbdoshlari borib, oila aʼzolari holidan xabar oldilar. Shuningdek, Qargʻali bobo qabristonidagi Soliyboy Qurbonboyevning qabrini ziyorat qilib, xotirasiga qurʼon tilovat qildilar, qabri atrofida obodonlashtirish ishlarini olib bordilar.
Soliyboy Qurbonbayevning ishlarini bugungi kunda katta oʻgʻli Gʻayrat Qurbonboyev davom ettirmoqda. Uch nafar farzandni elga nafi tegadigan, xizmatga shay qilib tarbiyalagan Soliyboy Qurbonboyevning xotirasi oʻchmaydi, tirikligida amalga oshirgan ezgu ishlarida yashaydi.
Buni bayram munosabati bilan uning oilasi holidan xabar olishga kelgan Mahmud Seydullayev, Hamro Matyoqubovlar ham qayta-qayta taʼkidlashdi, farzandlariga shunday mard, jasur otasi bilan bir umr faxrlanib yashashlari lozimligini uqtirdilar.
Xonadon egalari ushbu tashrifdan nihoyatda mamnun boʻldilar va sobiq kasbdoshining xotirasiga hurmat koʻrsatib kelgan masʼullarga, kasbdoshlarga minnatdorchilik bildirdilar.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶