DAVLAT XIZMATLARIDAN FOYDALANISh HAR BIR FUQARO UChUN MUHIM!!!
Aholining davlat xizmatlariga boʻlgan ehtiyoji vaqt sayin ortib borayotganligini taʼkidlash joizki, sababi hozirgi kunda fuqarolarning davlat xizmatlaridan foydalanishi ancha ildamlab bormoqda.
Joriy yilning 1-choragi davomida Amudaryo tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan 14 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilib, shu jumladan 200 dan ortiq tadbirkorlik subektlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Tadbirkorlik subektlariga belgilangan imkoniyatlardan keng foydalanishi, aholining biznesni yuritishi hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish yildan yilga ortib bormoqda.
Fuqarolarga yaratilayotgan imkoniyatlar va davlat xizmatlari sifatli, tezkor va shaffof usulda koʻrsatilishini Davlat xizmatlari markazlari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxatiga yangi davlat xizmatlari qoʻshilishi isboti sifatida koʻrish mumkin.
Soʻnggi vaqtlarda Davlat xizmatlari markazlari tomonidan bir qancha davlat xizmatlarini koʻrsatish yuzasidan qarorlar qabul qilingan. Shular jumlasiga tadbirkorlik subektlariga faoliyatiga doir ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan ruxsatnoma va litsenziyalarni oʻz ichiga olgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabr kungi “Ommaviy axborot va kommunikatsiyalar sohasida davlat xizmatlari koʻrsatishning ayrim reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 1017-sonli Qaroriga muvofiq Ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, matbba faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish va Noshirlik faoliyatini litsenziyalash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish joriy etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabr kungi 1017-sonli qarorining 1-ilovasi bilan Ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Mazkur Reglament yuridik va jismoniy shaxslarga ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Mazkur davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va uning hududiy boshqarmalari (vakolatli organ) tomonidan koʻrsatiladi.
Ariza beruvchi yuridik va jismoniy shaxslar davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Ariza beruvchi oʻzi kelib markazga murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa mustaqil tarzda ushbu Reglamentning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi.
Soʻrovnomaga ommaviy axborot vositasi (shu jumladan, Internet jahon tarmogʻidagi veb-sayt) tahririyati yuridik shaxs boʻlmagan hollarda tahririyat toʻgʻrisidagi nizomning nusxasi hamda muassis ikkita boʻlgan taqdirda taʼsis shartnomasi ilova qilinadi.
Ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchining imzosi bilan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
Vakolatli organ 15 kun mobaynida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etadi.
Ommaviy axborot vositalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish «Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan hollarda rad etilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatdan oʻtkazishni boshqa asoslarga koʻra rad etish taqiqlanadi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazishda vakolatli organ Davlat xizmatlari markazlariga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga YaIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) davlat boji miqdori va uni toʻlash muddatini koʻrsatgan holda elektron tarzda xabarnoma hamda ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorini yuboradi.
Ariza beruvchi xabarnoma va ommaviy axborot vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qarorni olgan paytdan boshlab 3 ish kuni mobaynida xabarnomada belgilangan miqdorda davlat bojini toʻlaydi.
Toʻlov amalga oshirilganidan soʻng, vakolatli organ QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan ommaviy axborot vositasining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomani 10 daqiqa mobaynida Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi murojaat etganda) yoki YaIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) ariza beruvchiga yuboradi.
Ommaviy axborot vositalarining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma muddatsiz beriladi.
Ommaviy axborot vositalarini qayta roʻyxatdan oʻtkazish ommaviy axborot vositasi taʼsis hujjatlariga, shuningdek muassis toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va hujjatlarga, tarqatish hududiga, nomiga, tiliga, turiga, maqsad va vazifalariga hamda ommaviy axborot vositasi ixtisoslashuviga oʻzgartirish kiritilganidan keyin bir hafta muddatda ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali guvohnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida tegishli soʻrovnomani toʻldirishi kerak.
Muassis yoki tahririyat ommaviy axborot vositasining davriyligi, hajmi, tahririyat manziliga oʻzgartirish kiritgan taqdirda, bir oy muddatda vakolatli organni yozma ravishda xabardor qilishlari lozim.
Guvohnomani qayta rasmiylashtirish vakolatli organ tomonidan oʻn kun mobaynida ushbu Reglamentga asosan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabr kungi 1017-sonli qarorining 2-ilovasiga muvofiq Matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlangan.
Ushbu reglament yuridik va jismoniy shaxslarga matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Matbaa korxonasi alohida yuridik shaxs sifatida yoki mavjud yuridik shaxsning tarkibiy tuzilmasi sifatida tashkil etilishi mumkin.
Jismoniy shaxslar matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtishlari lozim.
Matbaa faoliyati bosma mahsulotlarning qoliplarini tayyorlash, shu jumladan muhr va shtamplarni yasash, chop etish, muqovalash va chop etishdan keyingi jarayonlaridir. Mazkur jarayonlarning barchasi yoki alohida jarayoni ham matbaa faoliyati hisoblanadi.
Ushbu Regament nusxa koʻchirish, dizaynerlik va fotostudiya xizmati, matn terish, original maket tayyorlash faoliyatlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Davlat xizmati davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikatsiyalar hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Ariza beruvchi oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa mustaqil tarzda belgilangan shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi.
Ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchining imzosi bilan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga yuboriladi.
Vakolatli organ 10 kun mobaynida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ariza beruvchini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi yoki roʻyxatdan oʻtkazishni rad etadi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazishda vakolatli organ davlat xizmatlari markazlariga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga YaIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) davlat boji miqdori va uni toʻlash muddatini koʻrsatgan holda elektron tarzda xabarnoma hamda matbaa faoliyatini roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorini yuboradi.
Ariza beruvchi xabarnoma va matbaa faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida qarorni olgan paytdan boshlab 3 ish kuni mobaynida xabarnomada belgilangan miqdorda davlat bojini toʻlaydi.
Toʻlov amalga oshirilganidan soʻng, vakolatli organ QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnomani 10 daqiqa mobaynida Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi murojaat etganda) yoki YaIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etganda) ariza beruvchiga yuboradi.
Matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun guvohnoma besh yil muddatga beriladi.
Matbaa faoliyatini qayta roʻyxatdan oʻtkazish matbaa faoliyati roʻyxatga olinganlik haqidagi guvohnomada koʻrsatilmagan matbaa faoliyatining boshqa turlarini amalga oshirishni istasa, matbaa korxonasining nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), matbaa faoliyati amalga oshiriladigan manziliga oʻzgartirish kiritilsa, oʻzgartirishlardan keyin bir hafta muddatda ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga yoki YaIDXP orqali guvohnomani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida tegishli soʻrovnomani toʻldirishi kerak.
Guvohnomaning amal qilish muddati tugaganda, uning muddati matbaa faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxsning soʻrovnomasiga koʻra uzaytiriladi. Guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi soʻrovnoma mazkur hujjatning amal qilish muddati tugashiga qadar, oʻn kun ichida topshirilishi lozim.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 19-dekabr kungi 1017-sonli qarorining 3-ilovasiga muvofiq Noshirlik faoliyatini litsenziyalash boʻyicha davlat xizmati koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.
Mazkur Reglament yuridik shaxslarga (keyingi oʻrinlarda litsenziya daʼvogari deb ataladi) noshirlik faoliyatini litsenziyalash boʻyicha davlat xizmati (keyingi oʻrinlarda davlat xizmati deb ataladi) koʻrsatish tartibini belgilaydi.
Davlat xizmati davlat xizmatlari markazlari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda YaIDXP deb ataladi) orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda litsenziyalovchi organ deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Noshirlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziyalar cheklanmagan muddatga beriladi.
Litsenziya daʼvogari davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun YaIDXPda roʻyxatdan oʻtadi.
Litsenziya daʼvogari oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchi nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa mustaqil tarzda ushbu Reglamentda belgilangan shakldagi soʻrovnomani elektron ravishda toʻldiradi.
Soʻrovnomaga yuridik shaxs xodimlarida tegishli oliy yoki oʻrta maxsus maʼlumotning va noshirlik ishida kamida 3 yillik ish tajribasining mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar (maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjatning va mehnat daftarchasining nusxasi) ilova qilinadi.
Litsenziya daʼvogari litsenziya talablari va shartlariga rioya etishga soʻrovnomada rozilik bildiradi.
Davlat xizmatini koʻrsatish uchun ikki baravar bazaviy hisoblash miqdorida yigʻim undiriladi
Litsenziya daʼvogari davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etganda, uning soʻrovnomasi davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, litsenziya daʼvogarining imzosi bilan tasdiqlangandan soʻng 10 daqiqa mobaynida litsenziyalovchi organga elektron shaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa soʻrovnoma avtomatik tarzda litsenziyalovchi organga yuboriladi.
Davlat xizmatlari markazi xabarnoma tushganidan soʻng bu haqida litsenziya daʼvogarini axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Litsenziya daʼvogari xabarnomani olgan kundan boshlab 3 oy ichida Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan oʻn baravar bazaviy hisoblash miqdorida davlat boji toʻlovini axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali amalga oshiradi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazishda litsenziyalovchi organ davlat xizmatlari markazlariga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga YaIDXP orqali (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) davlat boji miqdori va uni toʻlash muddatini koʻrsatgan holda elektron tarzda xabarnoma hamda litsenziyalash toʻgʻrisida qarorini yuboradi.
Litsenziya daʼvogari tomonidan litsenziyani olish uchun davlat boji toʻlanganidan soʻng:
litsenziyalovchi organ 20 daqiqa ichida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan litsenziyani rasmiylashtiradi hamda uni tegishli Davlat xizmatlari markaziga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki litsenziya daʼvogariga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YaIDXP orqali elektron ravishda yuboradi;
Davlat xizmatlari markazi litsenziya kelib tushgan kuni litsenziya daʼvogariga (oʻzi kelib murojaat etgan taqdirda) uning elektron manziliga QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda litsenziyani yuboradi yoki uning soʻroviga asosan litsenziyani qogʻoz shaklda beradi.
Litsenziyalar amal qilish muddatisiz beriladi.
Ushbu davlat xizmatlari koʻrsatishda toʻlanadigan yigʻimlar va davlat bojlari miqdori elektron shaklda murojaat etgan taqdirda (Yagona interaktik davlat xizmatlari portali orqali) belgilangan summaning 90 foizi undiriladi.
Fuqarolarning vaqtini va moddiy xarajatlarini tejash maqsadida davlat xizmatlaridan foydalanishning elektron shakli joriy etilgan. Bunda fuqaro davlat xizmatlari markaziga bormasdan oʻzi mustaqil ravishda murojaatlarini elektron shaklda yuborishi mumkin.
Endilikda fuqarolar davlat xizmatlari sohasiga oid maʼlumotlarni www.davxizmat.uz sayti orqali olishlari mumkin.
Mansur Sadikov, Tuman Davlat xizmatlari markazi direktori

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶