Qilichboy ovulida Vatan himoyachilari kuniga bagʻishlab katta tadbir oʻtkazildi
2019-yil 13-dekabrda “oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish chora tadbirlari toʻgʻrisida” mamlakatimizning Prezidenti Sh.Mirziyoyevning farmoyishi eʼlon qilingan edi. Ushbu farmoyishga koʻra tasdiqlangan tadbirlar dasturiga muvofiq mamlakatimizning barcha hududlarida aholi orasida “Vatanparvarlik – milliy yuksalish kafolati” shiori ostida madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish orqali xalqimiz koʻngliga Qurolli Kuchlarimizga boʻlgan faxr-iftixor tuygʻularini singdirish nazarda tutilgan. Shuningdek, har bir fuqaroga Vatan himoyachilari kuni bayramining ahamiyati fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishda, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining oʻrni va ahamiyatini keng tushuntirish belgilangan.
Butun mamlakatimizda boʻlgani kabi ayni kunlarda tumanimizda ham 2019-yil 15-dekabr – 2020-yil 15-yanvar oraligʻida oʻtkazilayotgan vatanparvarlik oyligi doirasida yuqorida taʼkidlangan farmoyishga asosan umumiy oʻrta taʼlim, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida, ovul va mahallalarda, korxona-tashkilotlarda harbiy vatanparvarlik mavzusiga bagʻishlangan madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.
Shu yilning 8-yanvarida Qilichboy ovulidagi Qilichboy madaniyat markazida ham “Armiya – tinchlik qalqoni” deb nomlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda tuman hokimligi, oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashi va tuman Mudofaa boʻlimi masʼullari, Qilichboy ovuli hududidagi maktablar faol oʻquvchilari, hududda joylashgan harbiy qism harbiy xizmatchilari, ayni kunda oʻzlarining muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotgan qilichboylik 16 nafar askarlarning ota-onalari ishtirok etdilar.
Tadbirni Qilichboy ovul fuqarolar yigʻini raisi Bahrom Qodirov ochdi va barchani yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kuni bilan qizgʻin qutladi. Shundan soʻng, Oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashi raisining keksalar va nuroniylar boʻyicha oʻrinbosari Baxtiyor Shomurodov, tuman Mudofaa boʻlimi xodimi Zokir Saʼdullayevlar ham bayram bilan tabriklab, Milliy armiyamiz qudrati, harbiylarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, yurt sarhadlarini qoʻriqlayotgan mard oʻgʻlonlar, Vatanimizning jasur himoyachilari koʻrsatgan qahramonliklar haqida soʻz yuritdilar. Hozirgi tinch, osuda va farovon hayotning qadriga yetish, uni asrab avaylashga har bir fuqaro masʼulligini ham taʼkidlab oʻtdilar. Shuningdek, mustaqilligimizni mustahkamlash uchun fidoyilik bilan mehnat qilish, buning uchun tinmay oʻqib oʻrganish, izlanish, bilim, malaka va tajribalarini oshirib borish asosida el-yurtga, Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish kerakligi xususida gapirdilar.
Tadbirda Qilichboy madaniyat markazi badiiy havaskorlik jamoalari va 27-, 22-maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, shuningdek, 83- va 15-sonli maktablar oʻquvchilari ishtirokida tayyorlangan kontsert dasturi namoyish etildi. Ona Vatanni sevishga, tinchligini, osoyishtaligini butun borligʻi bilan asrashga daʼvat etuvchi, mardlik jasurlik, fidoyilikni ulugʻlovchi jangovar qoʻshiqlar barchaga manzur boʻldi, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchi jajji bolajonlarning harbiy libosda shaxdam qadamlar bilan raqs tushishlari koʻngillarda zavq uygʻotdi.
Vatanparvarlik oyligi doirasidagi tadbirlar tumanimizning barcha hududlarida boʻlib oʻtmoqda.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶