Rus shoiri Pushkin xotirasiga bagʻishlangan adabiy kecha oʻtkazildi
Aleksandr Sergeyevich Pushkin oʻz xalqining olis va yaqin tarixini, ichki dunyosini oʻziga xos mahorat bilan yorita olgan, tugʻilib oʻsgan goʻshasi ijodkor uchun tuganmas ilhom bulogʻi boʻla olishini oʻz ijodida koʻrsatib bera olgan ulugʻ rus adibidir. “Karomatli Oleg haqida qoʻshiq”, “Boris Godunov”, “Pugachev tarixi”, “Mis chavandoz”, “Kapitan qizi” kabi asarlarida, shuningdek, oʻsha davr vaqtli matbuotida yoritilgan turli janrlardagi maqolalarida ham rus xalqining tarixiga, shaʼni-shavkatiga hurmat, kelajagi haqida qaygʻurish, oʻz yurtiga daxldorlik tuygʻulari ufurib turadi. Belinskiy uning “Yevgeniy Onegin” romanini “rus hayotining qomusi” deb atagan edi.
Aleksandr Sergeyevich Pushkin hayoti va ijodini oʻrganishga yurtimizdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida ham alohida eʼtibor berilmoqda. Ohangdor, ortiqcha tashbehlardan holi, samimiy, oddiy soʻzlar orqali oʻz koʻngil kechinmalarini yuksak mahorat bilan tasvirlagan shoirning sheʼrlari, barcha janrlardagi asarlari oʻquvchilar koʻnglidan joy oladi, oʻziga maftun etadi.
Yaqinda tumanimizdagi 18-sonli umumtaʼlim maktabida “Mi pomnim Pushkina” deb nomlangan shoir xotirasiga bagʻishlangan adabiy kecha oʻtkazildi.
Maktabning rus tili va adabiyoti fani oʻqituvchilari Zebo Xolboyeva, Xolposhsha Bidashevalar rahbarligida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda maktabdagi 2 ta 7-sinfning oʻquvchilari ishtirok etishdi. Dastlab Pushkin hayoti va ijodiga bagʻishlangan maʼruza oʻqilganidan soʻng, oʻquvchilar shoir sheʼrlarini ifodali aytib berdilar, badiiy asarlari mavzusiga va hayotining turli davrlariga xos rasmlarini chizdilar.
Pushkin ijodida Sharqqa qiziqish, adabiyotining nodir namunalari bilan chuqur tanishish va shularning taʼsirida sharqona ohanglarda ham asarlar yaratishga intilishni ham kuzatishimiz mumkin. Buning ilk sababi oʻsha davrda rus va sharq adabiy aloqalari ancha jonlangani deb hisoblasak, yana bir omil – shoir tomirida katta bobosi Ibrohim ibn Hanbal qoni oqib turgani boʻlsa, ajab emas. U habash amirlaridan birining oʻgʻli boʻlgan, turklar uni asir olib, Pyotr I ga sovgʻa qilishgan edi. Pushkinning “Boqchasaroy” mavzusidagi sheʼriy poemalari hamda “Hofizdan” asarida sharqqa intilish ishtiyoqi sezilib turadi. Bir soʻz bilan aytganda, Pushkinni oʻqish, uqish, oʻrganish bizga nafaqat yuksak mahorat bilan yaratilgan badiiy asar mutolaasi zavqini beradi, balki insonda oʻz Vatanidan faxrlanish, tarixini chuqur oʻrganishga daʼvat va yurti koriga fidoyilik tuygʻularini ham baxsh etadi.
Yillar oʻtsa-da, Pushkin nomi rus adabiyotining ham, dunyo adabiyotining ham nodir namunalari qatori sevib oʻqilib kelinayotganining sababi ham shu boʻlsa ajab emas.
Rus tilida Pushkin hayoti va asarlari yuzasidan oʻquvchilarning oʻz taassurotlarini bayon qilishi - ularning rus tilini, rus adiblari ijodini nechogʻlik mukammal oʻrganishga intilayotganliklarini koʻrsatdi.
Rus xalq qoʻshiqlari mahorat bilan ijro etilishi yigʻilganlarga zavq bagʻishladi.
“Mi pomnim Pushkina!”. Tadbir nomi bejiz bunday nomlanmagan. Chindan-da, Pushkin asrlar oʻtsa-da, hamon sevib oʻqilib, oʻrganilib kelinsoqda. Tadbirda uning ijodiy merosining badiiy qimmati eʼtirof etildi, oʻquvchiga bera oladigan maʼnaviy ahamiyatiga yuksak baho berildi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶