Farzandiga aliment toʻlamagan ota huquqbuzarlikda ayblandi
Farzand tarbiyasiga ota ham, ona ham birdek masʼul. Kamolga yetib, oʻz yoʻlini topib olguniga qadar har ikkalasi teng gʻamxoʻrlik qilishi kerak. Biroq baʼzi oilalardagi nosogʻlom muhit, loqaydlik va ajrashishlar tufayli voyaga yetmagan bolalar qarovsiz qoladi. Ota yoki onaning arzimagan sabablar tufayli oilani barbod qilishi oqibatida oʻrtadagi bolalarning maʼnaviy va moddiy jihatdan qiynalib qolmasliklari uchun ularning huquqlari davlat tomonidan qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi.
Turmushidan ajrashgan P.S.ning (ismlar oʻzgartirilgan) ham bir nafar farzandi bor. Fuqarolik ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan shu farzandi taʼminoti uchun uning foydasiga sobiq turmush oʻrtogʻi T.T.dan ish haqi va boshqa daromadlarning toʻrtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilandi. Ammo T.T. boshqa oila qurganligi va 2 nafar farzandi ham borligi sababli sobiq rafiqasidagi farzandini moddiy taʼminlashga qiynaldi. Topgan puli belgilangan miqdorga yetmasa-da, olib borgan paytida P.S. undan toʻliq qilib olib kelishini talab qildi va qabul qilishdan bosh tortdi. Aliment nafaqasi oʻz muddatida toʻlanmasa maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirilsa ham T.T. yetarli pul berishga imkon topa olmadi. Natijada otaning zimmasidagi qarzdorlik 4,5 mln. soʻmdan ham ortib ketdi.
Bu orada farzandining taʼminoti uchun moddiy yordamga muhtoj boʻlib, qiynalib qolgan sobiq ayoli P.S. sudga murojaat qilishga majbur boʻldi. Maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudi tomonidan ushbu ish koʻrib chiqilganida huquqbuzar T.T.ning aybi maʼmuriy ish hujjatlarida mavjud dalillar bilan toʻliq tasdiqlandi va u Oʻzbekiston Pespublikasi MJtKning 474-moddasi bilan aybdor deb topildi.
Sud tomonidan mazkur ish boʻyicha aybdorga qonun hujjatlarida belgilangan jazo chorasi qoʻllandi.
M.Karimboyeva, Maʼmuriy ishlar boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶