AYoL SAODATI
“Chiroq olib yurib, boshqalarning yoʻlini yoritgan odamning oʻzi ham shu yorugʻlikda yaqqol koʻrinadi”. Faylasufning ushbu fikrlari mening nazarimda umr boʻyi yosh avlod qalbiga ziyo taratib, kasbidan obroʻ-eʼtibor qozongan, shogirdlari kamoli tufayli eʼzoz topgan insonlar shaʼniga aytilganday.
Ha, oʻqituvchilik shunday kasbki, bolalarni ilm dunyosi sari yetaklab, harf oʻrgatgan, oq-qorani tanitgan insonlarning mashaqqatli mehnatlari samarasi oʻqitgan oʻquvchilari kamolida aks etadi, ularning har bir erishgan yutuqlari timsolida ustozlari shaʼni yuksalaveradi.
Ehtimol, shuning uchundir, pensiyaga chiqqaniga 30-yildan oshsada, Mangʻit shahrining Boyovul mahallasida istiqomat qiluvchi taʼlim faxriysi Valentina Petrovna Kuznetsovani taʼlim bergan oʻquvchilari hozirgacha yoʻqlab turishlari, yaxshi kunlarida qoʻngʻiroq qilib qutlab qoʻyishlari?
Valentina Petrovna Kuznetsova! 85 yoshlik nuroniy, iliq chehrali bu onaxonni shunday atash, menimcha biroz noqulaydek. Boisi, u aslida sobiq SSSRga qarashli Mordova ASSRda tugʻilib, voyaga yetgan boʻlsa-da, allaqachonlar haqiqiy mangʻitlik boʻlib, shu yerda tomir otgan – ona, qaynona, quda, checha, kelin, momo, ena. Mahalladoshlari unga Valya opa, Valya momo deya murojaat qilishadi. Onaxonning taqdiridan bexabar odam uning oʻzini tutishidan, muomalasidan asl shu yer farzandi, deb oʻylaydi.
1952-yil Valentina ayni 18 yoshga toʻlgan gulgun qiz boʻlgan, Ichalovsk tumanidagi pedagogika bilim yurtini tugatib, qoʻliga muallimlik diplomini olgan vaqtida uni yoʻllanma bilan Xorazm viloyatiga, boshlangʻich sinf oʻqituvchisi qilib ishga joʻnatishadi. Xorazm viloyati xalq maorifi boʻlimi yoʻllanmasi bilan esa avval Gurlan tumanidagi Kaganovich nomli 7-yillik maktabga rus tili oʻqituvchisi qilib tayinlanadi. 1956-yildan Mangʻitdagi Strelkov nomli (hozirgi 1-sonli) maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi, 1957-yildan esa hozirgi 30-sonli maktabda boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ishlay boshlaydi.
Hayotda haqiqiy bir doʻstni topish katta yutuq, ikki doʻstni topish – juda ham katta yutuq, uchta doʻstni topish mushkul, deyishadi.
Taqdirning inʼomini qarangki, Valentina Mangʻitga kelib bir, ikki emas, balki, koʻplab haqiqiy doʻst topdi, nainki doʻst – umrlik hamrohini ham topdi. Uning 1956-yilda mangʻitlik Ismoil Kamolov bilan taqdiri bogʻlandi, uch oʻgʻil, ikki nafar qizning onasi, ham qattiqqoʻl, ham adolatli va mehrli, oddiy soʻzlarni ham maqolmatallar bilan bezab gapiradigan, soʻzga chechan Oʻrozgul momoga oʻrtancha kelin boʻlgan rus qizi yangi oilada esankirab qolmadi. Oʻrozgul momo qaynonagina emas, bolaligida onasidan erta ayrilib, mehrga tashna boʻlib oʻsgan qizga oʻz onasiday suyanchiq boʻldi.
Bilmaganlarini oʻrgatdi, oʻzi borgan davralarga ergashtirib borib, milliy urf-odatlarimiz, oʻz mentalitetimizga xos anʼanalar bilan tanishtirdi, koʻp oʻtmay haqiqiy mangʻitlik kelinga aylandi. Oʻrozgul momo uning ikki farzandli vaqtida Nukus Davlat pedagogika institutida sirtdan oʻqib, oliy maʼlumotli pedagog boʻlishiga ham sababchi boʻldi.
– Qaynonam rahmatlik meni oʻzga millat vakili sifatida qaraganlarga “shu oʻris kelinimni yuz oʻzbek kelinga alishmayman”, derdilar, – deydi Valentina Petrovna.
Ha, koʻpni koʻrgan, Mangʻitning kayvoni onaxonlaridan biri Oʻrozgul momo rus kelinini oʻz qiziday suyib, koʻngliga yaqin olgani, biron marta ovozini koʻtarib dashnom bermagani, ikki oʻzbek kelini boʻla turib, shu oʻris kelinni qoʻlida olib qolib, hayotining soʻnggi lahzalarigacha uni duo qilib yashagani koʻpchilikka maʼlum. Albatta, bunday hurmat, eʼtiborni qozonishning oʻzi boʻlmaydi. Mangʻitlik kelin boʻlishni qoyillatib, batartib xonadonning uy yumushlarini risoladagiday ado etgan muallima kelinning mehnat jamoasida ham oʻrni alohida edi.
Oiladagi qoʻllab-quvvatlash bois, Valentina Petrovna maktabda jon-jahdi bilan, butun iqtidorini sarflab ishladi. Natijada avval maktabda direktor oʻrinbosari, 1971-yildan 1989-yilgacha esa direktor boʻlib ishladi. 1989-yildan beri nafaqada.
Onaxon 85 yoshni qoralab qoʻygan boʻlsa-da, keksaydim, deb qoʻlini qovushtirib oʻtirmaydi. Har kuni saharlab tomorqasini aylanadi, moliga, tovuqlariga yemish tashlaydi, tomorqada qilinishi kerak boʻlgan ishlarni rejalashtiradi va bolalariga aytadi, yoʻl-yoʻriq beradi, rus milliy taomlarini pishirib ham turadi.
Onaxonning hozir toʻngʻich qizi (joylari jannatdan boʻlsin!), uch nafar oʻgʻillaridan 15 nafar nevarasi, 22 nafar evarasi, qator nevara kelinlari bor. Katta oʻgʻil – Farhod Mangʻit radiotelevizion stantsiyasi bosh muhandisi, Shuhrat – mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tuman Kengashi raisi, Marat – tuman telekommunikatsiya tarmogʻida montyor. Nevaralarning kattalari ham oʻqib, kasb-korli boʻlib, hayotda oʻz oʻrinlarini topishdi.
Hozir ularning bari xonadoniga yigʻilgan damlarda goʻyo bayramday, toʻyday boʻlib ketadi. Axir diydordan ham aziz lahzalar boʻladimi?
Turmush oʻrtogʻi Ismoil Kamolov erta vafot etgani sababli farzandlar tarbiyasida, ularni oyoqqa qoʻyishda chekkan zahmatlaridan onaxon hech qachon gapirmaydi, nolimaydi. Aksincha, shunday ahil, aqlli farzandlari, kelinlari, nevaralari borligidan quvonib soʻzlaydi.
Yaxshi farzandlarning onasi – ikki dunyoning ham hurmatlisidir, degan gap bor xalqimizda. Agar shu maʼnoda olib qaraydigan boʻlsak, farzandlariga ham ota, ham ona boʻlib, el koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazgan, hayotda oʻz oʻrinlarini topishiga erishgan Valentina Petrovnani haqiqiy pir-u badavlat, baxtiyor onaxon, deya atashga haqlimiz. Chindan-da oʻzga yurtda tugʻilib oʻsgan, turmush tarzi, tili oʻzgacha boʻlgan qizning Mangʻitga el boʻlib, yana bir kayvoni, tutumli oilaga sevimli kelin boʻlib palak yoyganining, qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlari, kasbdoshlari orasida shunchalik obroʻ-eʼtibor qozonganining oʻzi baxtiyorlik emasmi? “Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi” boʻlgan onaxon turli yillarda uch marta xalq deputatlari tuman Kengashi deputati boʻlib ham saylangan. Joriy yilda esa Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev Farmoniga koʻra, uchinchi darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan ham taqdirlandilar.
Ana shunday saodatli umr yoʻlini bosib oʻtgan onaxonning mehnatlarining roha-tini koʻrib, yana ham uzoq umr koʻrishini tilab qolamiz.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶