Oq oltin ovulidagi MTM binosida 1 mlrd. 418 mln soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirildi
Mamlakatimizda uzluksiz taʼlimning muhim boʻgʻini sifatida maktabgacha taʼlim tizimiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Faoliyat olib borayotgan maktabgacha taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, bolajonlarning yayrab-quvnab ulgʻayishlari uchun munosib sharoitlarni yaratish borasidagi saʼy-harakatlar oʻzining quvonarli samaralarini berayotir. Maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyati takomillashtirilib, bolajonlarni har tomonlama intellektual, maʼnaviy-estetik va jismoniy rivojlantiruvchi zamonaviy taʼlim dasturlari va texnologiyalari taʼlim-tarbiya jarayoniga tatbiq etilmoqda.
Sohaga joriy etilayotgan islohotlar Oq oltin ovulida faoliyat koʻrsatayotgan 9-sonli maktabgacha taʼlim muassasasida ham oʻz aksini topmoqda.
Ayni kunda ushbu maskanda ovul aholisining 75 nafar bolalari taʼlim-tarbiya olishayapti.
2018-yil Investitsiya dasturiga muvofiq 1 mlrd. 418 mln. 800 ming soʻmlik qurilish-taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlanganligi tufayli muassasa binosida 3 ta guruh tarbiyalanuvchilari uchun alohida oʻquv, dam olish, ovqatlanish, kundalik mashgʻulotlarni olib borish uchun munosib sharoitlar yaratildi.
Bolajonlarga “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi asosida taʼlim berilmoqda. Mavjud oʻyin maydonchasi tarbiyalanuvchilarning turli jismoniy va aqliy chiniqishiga xizmat qiluvchi oʻyinlar oʻynab, vaqtini koʻngilli oʻtkazishlariga xizmat qiladi. Qurib bitkazilgan yozgi basseyn yaqinda ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Bolalar tasavvurini boyitishga xizmat qiladigan har bir xonadagi jihozlar, bezaklar, albatta, ularning eʼtiboridan chetda qolmaydi.
Muassasada tashkil etilgan “Zumradoylar davrasi”, shuningdek, shaxmat-shashka toʻgaraklari mashgʻulotlari bolajonlar uchun, ayniqsa, qiziqarli kechadi. Soha mutaxassisi boʻlgan Nurbika Pahimova mashgʻulotlarni kichkintoylar oson oʻzlashtirishlari uchun qiziqarli tarzda olib boradi.
Shuningdek, Adolat Tulyashovaning musiqa mashgʻulotlarida ham kichkintoylarning vaqti zavqli oʻtadi. Ular yoshlariga mos yengil raqslar, qoʻshiqlar va hatto, pianino chalishni ham oʻrganishyapti.
– Bizning asosiy maqsadimiz bolalarni sogʻlom ovqatlantirib, aqliy rivojlantirib, maktab taʼlimiga sifatli tayyorlab, barcha fanlarni yaxshi oʻzlashtirishlari uchun poydevor yaratishdir, – deydi muassasa mudirasi Sevara Oʻrozboyeva.
Oygul PAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶