IPAK KOʻNGIL OHANGLARI
Badiiy ijod dildagi hislar va ichki kechinmalarni goʻzal tashbehlar, chiroyli qiyoslashlar orqali ifodalash imkonini beradi. Ijod olamiga kirgan inson fikrlaridan maʼnolar chamanini yaratadi
va oʻzi bilan birga oʻzgalarni
ham zavqlantiradi.
Gulnora Yusupovaning ikkinchi toʻplami – “Satrlarga toʻkilgan koʻngil”ni oʻqib, mehribon, tiyrak murabbiy hamda har nafas madadga tayyor doʻstning ijodkorga va uning tuygʻulariga munosib baho berganlariga amin boʻlasiz. Bundagi kichik-kichik badialar va qatralar ulkan hayot saboqlarining goh achchiq, goh shirin sintezlari ekanini anglaysiz. Beixtiyor “olamda yanchilgan yuraklar buncha koʻp-a”, deysiz. Farzandi baxti-taxtiga suyanib, shirinzabon ertakchi nevarasiga butun dunyosini berib kelayotgan ona-buvi ayolning Vatanga, hayotga, Yaratganga boʻlgan ishqiga – “Dildagi gʻazali”ga tahsin deysiz...
Lolaqizgʻaldoq haqida Muhammad Yusufdan keyin hech kim hech narsa aytolmas deb yurgandim. Gulnora aytibdi... oʻziga xos ohangda aytibdi.
Qatralardagi uch nuqtalar Siz, biz – Kitobxon aytishi uchun qoldirilgan soʻz oʻrniday goʻyo.
Shoiraning koʻngil iplari ipakdan ekan. Ipak torli dutorning nolalariday gohi dilxush, gohi dilxun (E.Vohidov). Lekin hech qachon uzilmas ipak torlar. Xalqimiz: “Nonning ushogʻi ham non” deganlariday, ushbu moʻʼjaz kitobcha ham ardoqlarga loyiq dilning kamtaringina izhori boʻlibdi. Muborak boʻlavergay!
T.ABDULLAYeV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶