OʻQUVChI QIZLAR MAʼNAVIYaTINI YuKSALTIRIShGA OID TADBIR OʻTKAZILDI
Mamlakatimizning yuqori sinflari oʻquvchi qizlari orasida qizlarning odob-axloq qoidalariga, kiyinish madaniyatiga amal qilishi, mustaqil hayotga qadam qoʻyishi arafasida kasb-hunarlar haqida toʻlaroq maʼlumotlar olib, oʻz kelajagini belgilab olishi juda muhimdir. Aynan koʻnglida olamcha orzu-umidlar bilan bilim asoslarini chuqur oʻrganishga intilayotgan yoshlargina ertaga yurtimiz taqdirini oʻz qoʻllariga ola biladilar.
Buningdek masʼuliyatli vazifaning ijrosiga intilayotgan 31-sonli umumtaʼlim maktabi maʼmuriyati, yoshlar ittifoqi va boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti hamkorlikda yoshlarning maʼnaviyatini yuksaltirishga hissa qoʻshuvchi koʻpgina maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri 16-aprel kuni boʻlib oʻtdi. “Qiz bolaning odobi – uning koʻrki” deb nomlangan tadbirda maktab rahbarlari, oʻqituvchilari va yuqori sinflar oʻquvchilaridan tashqari Beruniy mahalla fuqarolar yigʻini mutaxassisi D.Yoqubova, tuman Xalq taʼlimi boʻlimi boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti raisi T.Pirlepesova, shuningdek, Mangʻit shahridagi maktablar boshlangʻich xotin-qizlar tashkilotlari raislari ishtirok etdilar.
Tadbirni maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari D.Oʻrozaliyeva ochdi va olib bordi. Dastlab, maktab boshlangʻich xotin-qizlar tashkiloti raisi S.Uzoqboyeva tashkilotning oʻquvchi-qizlar orasida tibbiy madaniyatning, odob-axloq qoidalarining keng targʻib qilinayotgani, mavzular boʻyicha oʻtkazilayotgan tadbirlar haqida, shuningdek, qizlar sogʻlom dunyoqarashga ega boʻlishiga erishish uchun kitob mutolaasiga keng jalb qilinayotgani haqida gapirdi.
Shuningdek, T.Pirlepesova, D.Yoqubovalar ham bu boradagi oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbir yakunida oʻquvchi qizlarning orasta, odobli va xushmuomala, bilimli boʻlib voyaga yetishiga erishish borasida qilinishi lozim boʻlgan vazifalar barcha umumtaʼlim maskanlari uchun ham daxldor ekanligi taʼkidlandi. Boshlangʻich xotin-qizlar tashkilotlari raislari uchun oʻziga xos tajriba oʻrganish va oʻquvchi-yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi tadbir barchada ulkan taassurotlar qoldirdi.
O.Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶