ShIFOKORLAR MENI DARDDAN XALOS ETIShDI
Sogʻlik qadrini xasta boʻlmasdan burun bil, degan gap bejiz aytilmagan. Bebaho boyligimiz – sogʻligimizga vaqtida bermagan eʼtiborimiz vaqt oʻtib, ulkan muammolarni keltirib chiqaradi va hatto baʼzan hayotimizni xavf ostiga qoʻyadi. Buni men oʻz hayotimda chuqur his qildim.
Aslida qornim pastidagi, belimdagi kuchsiz ogʻriqni keksalikka yoʻyib adashgan ekanman. Nukusdagi onkodispanserga koʻringanimda oʻng tomonimda tuxumdon kistomasi aniqlandi, jarrohlik amaliyoti zarur, deyishdi.
Men uyga qaytganimni maʼqul koʻrdim. Axir 72 yoshda bunday amaliyotni koʻtarishim qiyin deb oʻyladim. Shifokorlarning siz sogʻlomsiz, amaliyot hayotingizga xavf solmaydi, deyishganiga koʻnmadim.
Oradan oʻtgan bir oycha vaqtda ogʻriq kuchayib, chidab boʻlmas darajaga yetdi va tuman Tibbiyot birlashmasiga kelishga majbur boʻldim. Tekshiruvlardan soʻng menga yiringli panmetrit yorilishi, tarqalgan peritonit tashhisini qoʻyishdi va shu kunning oʻzidayoq operatsiya qilishdi.
Shifokorlar Bobojon Shomurodov va Shuhrat Chorshamovlar jarrohlik amaliyoti oʻtkazib, meni hayotga qaytarishdi. 2019-yilning 5-yanvarida oʻz oyoqlarim bilan yurib oilam bagʻriga qaytdim.
Bunday vaqtlarda odam hayotning qadrini yaxshiroq anglar ekan. Meni kasallik azobidan xalos etgan shifokorlarga, hamshiralarga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Ilohim, hech kim sogʻligini yoʻqotmasin!
Toʻxta YeRNAZAROVA, Kuyuk koʻpir ovuli.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶