Ustozim – bobom
Bobom Qurbonboy Yerdoshev ochiq koʻngil, toʻgʻrisoʻz, izlanuvchan va mehnatsevar inson edilar. U 1939-yilda tugʻilib, tumanimizdagi 1-maktabni aʼlo baholar bilan bitirganlar. Xorazm Davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatganlar. 44-yil tumanimizdagi 31-sonli maktabda ishlaganlar. Shundan yigirma toʻqqiz yilini oddiy muallimlik qilish, oʻn besh yilini esa oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari vazifasini bajarish bilan oʻtkazgan. Bobom “katta oʻqituvchi”, “uslubiyatchi oʻqituvchi” maqomlariga ega yoshlar ustozi edilar.
Bobom “yaxshidan bogʻ qolar, yomondan dogʻ”, degan maqolni aytib, bizga mehnatni sevishni, tabiatga mehr qoʻyishni oʻrgatar edilar. Oʻzlari sira tinib-tinchimas, bogʻimizga har xil meva-sabzavotlar, xushboʻy hid taratuvchi turfa gullar ekib, ularni parvarish qilardilar.
Bobom oʻzining sakson yillik umrini mehnatga, ilm izlashga va barchaga ezgulik ulashishga bagʻishladilar. Biz nevaralariga ham doim “iloji boʻlsa, qoʻlingizdan kelsa, odamlarga yaxshilik qiling”, – deb oʻrgatar edilar. Bobom umrining soʻngigacha kitob oʻqishdan toʻxtamadi. Uning kutubxonasida uch yuzdan oshiq kitob mavjud. U yerdan badiiy, ilmiy va salomatlikka oid kitoblarni topish mumkin. Bobomning oʻzlari ijodkor inson edilar. Yozgan hikoyalari talabalik davrida kitob boʻlib bosilib chiqib, ommaga taqdim etilgan. Koʻplab sheʼrlari va maqolalari Respublika matbuotida yoritilgan. Mendagi ijodga, sheʼriyatga intilish bobomdan oʻtgan.
Hamon esimda: 4-sinf oʻquvchisi edim. Oʻzimcha sheʼr yozishga qiziqib, daftar qoralardim. Bir kuni yozganlarimni bobomga koʻrsatib, oʻqib berdim. Oʻshanda bobom: “Barakalla qizim, sheʼringning maʼnosi yaxshi ekan. Faqat bir satri qofiyalanmay qolibdi, shu yerini tuzatsak, yaxshi sheʼr chiqadi. Qizim, shuni unutmaki, isteʼdod bir foiz, qolgan toʻqson toʻqqiz foizi izlanish, mehnat va tajriba”, – deb sheʼriyat qoidalarini oʻrgata boshladilar. Shundan keyin bobom meni tumanimiz gazetasi tahririyatiga olib keldilar va oʻsha paytda bu mening ijod olami sari tashlagan birinchi qadamim edi. U yerda bobom meni Robiya Yoʻldosheva, Oygul Rajabova kabi ijodkorlar bilan tanishtirdilar. Ular – mening sevimli ustozlarim.
Bugun bobojonim oramizda yoʻq. Ammo uning yashnatgan bogʻi, yaratgan kutubxonasi, ezgu amallari va yorqin xotirasi bor. Bobojonim qalbimiz toʻrida mangu barhayot.
Iroda YeRDOShEVA,
38-sonli maktabning 11-sinf oʻquvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶