Vatan himoyasi – har birimizning burchimiz
Inson uchun Vatan aziz va qadrlidir. Shu aziz Vatanni koʻz qorachigʻidek asrash va himoya qilish har birimizning muqaddas burchimiz. Qolaversa, bu tuygʻularni yurt kelajagi boʻlgan yosh avlod onggiga singdirish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va mamlakat kelajagi uchun masʼuliyat hissini oshirib borish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Bularni amalga oshirish nafaqat Vatan posbonlari va harbiylarning, balki, jamoatchilikning ham vazifasidir. Ana shu vazifalarni amalga oshirishga sidqidildan hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimizni Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida suhbatga chorladik.
Mahmud MAHMUDOV, 9202 «D» harbiy qismi guruh komandiri, kichik serjant:
— Men oʻquvchilik paytlarimdayoq ona Vatan himoyachilari boʻlgan harbiylarimizga, ularning jangovar mashqlarni bajarishdagi harakatlariga, yurish-turishlariga havasim kelardi. Oʻzim ham bir kuni Vatan himoyachisi boʻlishni orzu qilardim.
2014-yilda mening orzuim amalga oshdi. Shu yildan Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlarida xizmat qila boshladim.
Ayni kunda men 9202 «D» harbiy qismda guruh komandiri sifatida 10 nafar askar bilan muntazam ravishda faoliyat olib borayapman. Harbiylar ishtirokida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy mashgʻulotlar ularning qalblarida ona Vatanimizga boʻlgan mehr va muhabbatni kuchaytirib, ona yurtni koʻz qorachigʻidek asrashga ruhlantirmoqda. Shu bilan birga jangovar tayyorgarlik davrida oʻtkazilayotgan amaliy mashgʻulotlar ularda yangi texnikalardan, ayniqsa, zirhli mashinalardan foydalanishdagi bilim va koʻnikmalarini oshirmoqda.
2017-yilda Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari oʻrtasida oʻtkazilgan «Eng ilgʻor ekipaj komandiri» musobaqasida faxrli uchinchi oʻrinni egallaganim meni oʻz ustimda yanada koʻproq ishlashga, chegara qoʻshinlarida foydalaniladigan texnikalar imkoniyatlarini, ularning barcha sir-sinoatlarini puxta oʻrganishga va shu bilimlarni yosh askarlarga mukammal oʻrgatishga daʼvat etdi. Shu sababli bor kuch-gʻayratimni guruhimdagi askarlarning ona Vatanimiz chegaralarini qoʻriqlashdagi bilim va mahoratlarini, jasurligini hamda fidoyiliklarini shakllantirishga safarbar etmoqdaman.
Fursatdan foydalanib men barcha harbiylarni bayram bilan muborakbod etaman!
Otamurod YuSUPOV, “Doʻrman” qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi:
– Bizning “Doʻrman” qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejimizda 3-bosqichdagi guruhlarda mazkur fan boʻyicha oʻtkazilayotgan mashgʻulotlarda oʻquvchilarga fuqaro mudofaasi, favqulodda vaziyatlar haqida tushunchalar berib borilmoqda. Shuningdek, ularga amaliy mashgʻulotlar davomida harbiy mashqlar, favqulodda vaziyatlarda oʻzi va atrofidagilar hayotini muhofaza qilish, birinchi tibbiy yordam koʻrsatish koʻnikmalari oʻrgatilmoqda. Oʻquvchilar barchasini astoydil qiziqish bilan oʻrganishmoqda.
Kollejda dars mashgʻulotlari alohida maxsus jihozlangan xonada oʻtkaziladi. Undan tashqari, oʻquvchilar kollejda tashkil etilgan “Yosh chegarachilar”, “Shunqorlar”, “Yosh qutqaruvchilar” toʻgaraklarida muntazam ishtirok etib kelishmoqda. Toʻgarak aʼzolari tuman, Pespublika miqyosida oʻtkazib kelinayotgan koʻrik-tanlov, bellashuv va sport musobaqalarida ham faol qatnashib, faxrli oʻrinlarga ega boʻlishmoqda. Kollejimizning “Yosh chegarachilar” jamoasi 2011-yilda oʻtkazilgan bellashuvning Oʻzbekiston Pespublikasi bosqichida ishtirok etib, faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻlishdi. Bu nafaqat biz, balki butun Qoraqalpogʻiston uchun juda katta yutuq boʻldi. Barcha musobaqalarda faol ishtirok etib kelayotgan “Jangovar” jamoasi ham 2014-2015 oʻquv yilida oʻtkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasida Qoraqalpogʻiston Pespublikasida faxrli 1-oʻrin gʻolibi boʻlib, Oʻzbekiston miqyosidagi bosqichda ham qatnashishdi va “Faxriy yorliq” bilan taqdirlanishdi. Oʻquvchilarimiz oʻtgan 2017-2018 oʻquv yilida oʻtkazilgan “Yozgi biatlon” sport musobaqasida Qoraqalpogʻiston Pespublikasida 1-oʻrinni egallashdi hamda Oʻzbekiston Pespublikasi bosqichida ishtirok etib, 3-oʻrin sohibi boʻlishdi va “Faxriy yorliq”, sovgʻalar bilan qaytishdi.
Ayni paytda biz taʼlim bergan oʻquvchilar milliy xavfsizlik xizmati, ichki ishlar, soliq va shu kabi sohalarda xizmat koʻrsatib, jamiyatga naf keltirishmoqda. Biz ular bilan doim faxrlanib, keyingi avlodlarga oʻrnak qilib koʻrsatamiz.
Ulugʻbek Aytimbetov Qangli OFY harbiy hisob boʻlimi boshligʻi:
- Qangli ovuli qardosh Turkmaniston Pespublikasi bilan chegara hududda joylashgani uchun ovulimiz yoshlari va hududimizdagi chegara posti askarlari bilan tez-tez uchrashuvlar oʻtkazib turamiz. Shundanmi, qanglilik yoshlar orasida mamlakatimizning turli hududlaridagi harbiy qismlarda faoliyat yuritayotgan zobitlar ham koʻpchilikni tashkil etadi.
Ayni paytda ovulimizda 318 nafar harbiy xizmatga layoqatli yoshlar roʻyxatga olingan. Shulardan 86 nafari jismonan yetuk va sogʻlom yoshlardir.
Hududimizdan muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan 3 nafar yoshlar xizmat qilayotgan harbiy qismlardan ularning ona-onalariga tashakkurnomalar bildirilgan xatlar kelganidan ayonki, qanglilik yoshlar hamisha ona Vataniga sodiq, jangovar harbiy-taktik mashgʻulotlarda faol!
Ovulimiz yoshlaridan 32 nafari 2018-yil davomida safarbarlik rezervi qoʻshinlari qismlarida shartnoma asosidagi harbiy xizmat burchlarini ado etishdi. Yana 28 nafar yoshlar bilan shartnomalar rasmiylashtirilmoqda. 2019-yilgi muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchi 31 nafar yoshlar harbiy jangovar hamda nazariy-ilmiy test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirishib, tibbiy koʻrikdan oʻtishdi. Chaqiriluvchilar harbiy-tibbiy va jismoniy tayyorgarlikdan oʻtkazuvchi komissiya xulosalaridan soʻng, mamlakatimiz mudofaa tizimidagi harbiy qismlarda oʻz yigitlik burchlarini oʻtash uchun joʻnab ketishadi.
Men fursatdan foydalanib, ona Vatanga xizmat qilishdek muqaddas va sharafli kasb egalari – harbiylarimizni, zobit va askarlarni, xalqimizni 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklayman. Yetuk va barkamol yigitlarimiz omon, Vatanimiz tinch, obod boʻlsin!
Ilhom OʻPOZBOYeV, Bobur OFY harbiy hisob boʻlimi boshligʻi:
– Hududimizda 583 nafar harbiy xizmatga chaqiriluvchilar bor. Shularning 12 nafari muddatli harbiy xizmatga borish uchun tuman Mudofaa boʻlimiga murojaat qilishib, ayni kunda tibbiy tekshiruvlardan oʻtishdi, 2 nafari muddatli harbiy xizmatda, oliy maʼlumotli, ikki nafar yigit yaqinda muddatli harbiy xizmatni tugatib kelishdi. 35 nafar yigit safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilish uchun tayyor, 7 nafari harbiy xizmatning shu turida xizmat qilishayapti. Ovulimizning 5 nafar oʻgʻloni muddatli harbiy xizmatini oʻtab, shu sohada shartnoma asosida xizmat qilishmoqda. 2018-yilda Vatan oldidagi burchini ado etgan 2 nafar yigit ham shartnoma asosida harbiy xizmatni kasb sifatida sidqidildan ado etishayotir.
Vatanni sevish – eng muqaddas tuygʻu. Oʻquvchi-yoshlar koʻnglida shu tuygʻuni tarbiyalash maqsadida va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan 2018-yilning 26-dekabrida Amudaryo melioratsiya va suv xoʻjaligi kasb-hunar kollejida, joriy yilning shu kunigacha esa 6-, 45-maktablarda harbiy vatanparvarlik mavzusida tadbirlar oʻtkazdik.
Polvonnazar Ismoilov, Chirchiq oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurti kursanti:
– Muddatli harbiy xizmat oʻtagan davrlarim hayotimda katta oʻzgarish yasalishiga sababchi boʻldi. Chunki men oʻquvchilik davrimda iqtisodiyot sohasidagi kasblardan birini tanlab, shu yoʻnalishda oʻqishni davom ettirishni koʻzlagan edim. Ammo har doim hamma narsa istaganingdek davom etmas ekan. Oliy oʻquv yurtiga kirolmaganimdan keyin bir yillik harbiy xizmatga joʻnab ketdim. U yerda qudratli milliy Armiyamiz safida xizmat qilish ham sharafli, masʼuliyatli vazifa ekanligini anglab yetdim va kelajakda harbiy boʻlib, Vatan mudofaasiga hissa qoʻshishga qaror qildim.
Niyatimni amalga oshirish uchun Chirchiq Oliy tank qoʻmondonlik-muhandislik bilim yurtiga oʻqishga kirdim. Hozir ikkinchi bosqichda taʼlim olayapman. Bu yerdagi darslar, harbiy tayyorgarlik mashgʻulotlarida mahoratimni oshirib, bilimlarni puxta oʻzlashtirib olganimdan soʻng, havo-desant qoʻmondonligi boʻyicha ofitser boʻlib, bor kuch-gʻayratimni Vatanim oldidagi muqaddas burchimni bajarishga safarbar etaman. Ona yurt sarhadlarini mustahkam himoya qilish va milliy Armiyamizning mudofaa qudrati oshishiga hissa qoʻshish juda sharaflidir. Barcha Vatan himoyachilari kabi, albatta, bunga doim tayyorman!
Laziz MATSAPAYeV, 6-sonli maktabning chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi:
– Men faoliyat koʻrsatayotgan 6-sonli umumtaʼlim maktabida yoshlarni, ayniqsa, yuqori sinf oʻquvchilarini harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga alohida eʼtibor beriladi.
Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi sifatida men 10-11-sinf oʻquvchilariga harbiy vatanparvarlik yoʻnalishi boʻyicha taʼlim beraman. Mashgʻulotlarim jarayonida men yoshlarni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga, ularga harbiy texnikalar haqida kengroq tushuncha berishga va harbiylar hayoti bilan tanishtirib borishga koʻproq harakat qilaman.
2018-yil davomida maktabimizning 10- va 11-sinflari oʻquvchilarini 3-marta tumanimiz hududida joylashgan va 1-marta Nukus shahrida joylashgan harbiy qismlarga nazariy-mashgʻulotlarga olib bordim.
Harbiylarimiz hayoti va faoliyati haqidagi tasavvurlarga ega boʻlgan oʻquvchilarimiz “Vatan himoyachisi” degan tushunchaga koʻproq eʼtibor berishadi. Ularning barchasida ham ona Vatan himoyachisi boʻlish, uni koʻz qorachigʻidek asrash kabi yuksak orzu-umidlar, ishtiyoqlar paydo boʻlayapti.
Men yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi bilim va tajribalarimni yanada oshirib, Vatan himoyachilari saflarining kengayishiga oʻz hissamni qoʻshaman.
Suratda: “Doʻrman” qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejining chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi Otamurod Yusupov.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶