TOʻLQINDA ShUNDAY OILA BOR...
Alloh Siz-u bizga ato etgan ulugʻ neʼmatlaridan biri tinchlikdir. U tufayli jannatmakon yurtimizda har jabhada yangilanish va yuksalishlar boʻlayapti. Ertalabdan shosha-pisha ishga oshiqib ketayotgan odamlarga qaraganimizda, albatta, koʻnglimizda havas tuygʻusi uygʻonadi.
Ertalabdan issiq non yopib,el-dasturxoniga tuhfa etib, mahalladoshlari olqishiga erishib odamlarning ogʻirini yengil qilayotgan Shukurullo aka va Robigʻa Eshjanovlar oilasi haqida ham shunday deyish mumkin. Sababi har kim oʻziga yarasha hurmatga va eʼtiborga qanchadan-qancha mehnatlari orqali erishadi.
Ustoz deganimizda koʻz oldimizda oʻquvchilarga bilim berish bilan birga odob-axloq oʻrgatib, qalblarga mehr, quvonch ulashayotgan, maʼnaviy yetukligi bilan boshqalardan ajralib turuvchi ulugʻ inson tushuniladi. Umri davomida oʻqituvchilik kasbi bilan shugʻullanib, bolalarga taʼlim-tarbiya berib, oʻquvchilarning sevimli ustozlari boʻlgan Shukurullo aka va Robigʻa opa Eshjanovlar oilasi mahallada “Eng namunali oila” deb topildi va 2018-yilda oʻtkazilgan “Ibratli oila” koʻrik-tanlovining tuman bosqichida faxrli 3-oʻrinni egallashdi.
Shukurullo aka va Robigʻa opa ikkovi ham oʻqituvchi boʻlib ishlashdi va 4 nafar farzandini oʻqitib, oliy maʼlumotli qilib el qatoriga qoʻshishdi. Shukurullo aka 32-maktabda direktor oʻrinbosari lavozimida faoliyat yuritdi, rafiqasi Robigʻa opa 33-maktabda 1984-yildan 2016-yilgacha oʻqituvchilik kasbini sharaf bilan ado etdi. Hozirda nafaqada boʻlsa ham tinib-tinchimagan bu mehnatkash insonlar “Shukurullo ota” oilaviy korxonasini ochib, novvoyxona ishga tushirishdi. Mehmondoʻst, shirinsuhan bu oilaga kirsangiz, ularning biri-biriga izzat va hurmatini koʻrib havasingiz keladi, ahil va inoqlik bilan qilinayotgan ishning barakasi boʻladi, degan iboraning isbotini koʻrganday boʻlasiz.
Eng katta farzand Nurbek oiladagi tadbirkorlikni boshqaradi. Oybek Toshkent Irrigatsiya va melioratsiya institutining bakalavr hamda magistratura bosqichlarini tamomlab, mehnat faoliyatini boshladi. Qizi Sayyora esa ushbu institutning ekologiya mutaxassisligi boʻyicha bakalavr, magistratura bosqichlarini tugatib, doktoranturada ilmiy ish olib bormoqda.
Oila farishtasi – Shukurullo akaning onasi 90 yoshga kirayotgan Jongil momo har lahzada farzandlarini, nevaralarini duo qilishdan charchamaydi. Nafaqaga chiqib, oyogʻini uzatib, dam olib oʻtirish oʻrniga oʻgʻli Nurbek bilan birga tadbirkorlikka gʻayrat-shijoat bilan kirishib ketgan Shukurullo aka va Robigʻa opalarning niyati oʻzlarining shu moʻʼjaz qishlogʻi odamlariga xizmat qilish, duolarini olishdir.
Biz ham ularga ishlaringizning barakasini bersin, deb tilab qolamiz.
Yulduz SAFARBOYeVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶