OʻZGALAR TAShVIShIGA YeLKADOSh INSONLAR
Agar sen oʻzingdagi ogʻriqni sezsang – tiriksan, oʻzgalardagi ogʻriqni sezsang – insonsan.
Ajdodlarimizning asrlar osha sinovidan oʻtib kelgan bu hikmatning magʻzini chaqish har birimizni chor-atrofimizdagi yurtdoshlarimiz hayotiga chuqurroq nazar solishga, yaxshi-yomon kunlarda hamnafas boʻlishga undaydi, biri baxtsiz tasodif tufayli, biri kasallik tufayli iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan oilalar holidan xabar olib, moddiy-maʼnaviy dalda boʻlishga undaydi.
Oʻzgalar gʻamini chekmasa, odam
Anga noloyiqdir inson degan nom, –
deb yozgan edi Saʼdiy Sheroziy.
Quvonarlisi, halol mehnati tufayli oʻz oilasining farovonligini taʼminlabgina qolmay, kam taʼminlangan, moddiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj oilalardan muruvvatini ayamay kelayotgan saxovatli insonlar oramizda koʻp.
Bizning Jumurtov shaharchamizda ham bunday saxiyqalb insonlar talaygina.
Yaqinda keksalik nafaqasidagi Jumaboy hoji Avazmatov kam taʼminlangan 3 ta oilaga 200 ming soʻmdan, 1 ta oilaga 400 ming soʻmdan pul xayriya qilib, muhtojlarning duosini oldi.
Shuningdek, Ulugʻbek Qalimbetov kam taʼminlangan yetti oilaga bir qopdan un, 7 kilogramdan yogʻ, Baxtiyor Nurjonov esa beshta oilaga 130 ming soʻmlik oziq-ovqat mahsulotlari xayriya qildilar. Qurilish tashkiloti rahbari Rustam Yusupov ham har yili kam taʼminlangan oilalar farzandlariga hayit, bayramlarda sovgʻa ulashib, koʻpchilikning olqishini olayotir.
Bir koʻngil – ming Kaʼba – deydi xalqimiz.
Xalqning koʻnglini olib, tashvishiga yelkadosh boʻlayotgan shaharchamizning bunday fuqarolari bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz.
Aminboy XOʻJAMURODOV,
Jumurtov shaharcha fuqarolar yigʻini raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶