BARKAMOL AVLOD TARBIYaSI – USTUVOR VAZIFA (+video)
Kelajak egalari boʻlgan yosh avlodni yetuk va barkamol qilib voyaga yetkazish – ertangi kun uchun mustahkam poydevor yaratish bilan barobardir. Shu bois mamlakatimizda taʼlim va tarbiya tizimi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi darajasiga koʻtarildi hamda sohaga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Taʼlim va tarbiya tizimining ilk boʻgʻini maktabgacha taʼlim sohasi hisoblanadi. Doimiy eʼtiborda boʻlgan sohada oʻtgan yildan boshlab tub islohotlar amalga oshirilmoqda va rivojlantirilmoqda. Prezidentimizning 2017-yilgi “Maktabgacha taʼlim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” gi Qarorga muvofiq bu sohada yangi tizim yaratildi va Maktabgacha taʼlim vazirligi tashkil etildi.
–Bugungi kunda vazirlik tomonidan maktabgacha taʼlim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini kengaytirishga, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilib, taʼlim va tarbiya jarayonlariga zamonaviy taʼlim dasturlari, texnologiyalar joriy etilmoqda. Yangi nodavlat bogʻchalari qurilib foydalanishga topshirilmoqda. Davlat tasarrufidagi bogʻchalar esa qayta taʼmirlanib, yangidan jihozlanmoqda.
Nazarxon ovulidagi 10-son maktabgacha taʼlim muassasasi ham “Obod qishloq” dasturi doirasida qayta taʼmirlandi.
1976-yilda qurilgan bogʻchaning taʼmirlanishiga dastur doirasida 735 mln. soʻm sarflandi. Ayni paytda yangi qiyofaga keltirilgan bogʻchadagi 6 ta guruhda 130 nafar, 2 ta qisqartirilgan guruhda 50 nafar bolajonlarga taʼlim va tarbiya berilmoqda. Bolajonlarga 10 nafar tarbiyachi va 10 nafar yordamchi tarbiyachilar mashgʻulotlar oʻtkazib, tarbiya bilan shugʻullanishmoqda. Mashgʻulotlar yangidan joriy qilingan “Ilk qadam”dasturi asosidagi rejalar boʻyicha olib borilmoqda. Dastur asosida olib borilayotgan mashgʻulotlar kichkintoylardagi qiziqishni tobora orttirmoqda.
Bugungi kunda bogʻchamiz musiqa va jismoniy tarbiya mashgʻulotlari qoʻshimcha tarzda oʻtkazilmoqda. Bolajonlarga chet tillarini ham oʻrgatishni yoʻlga qoʻyish maqsadida ingliz va rus tili boʻyicha ham mashgʻulotlar tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Ertalabki nonushta, tushlik va ikkinchi tushlik paytlarida asosan sogʻlomlashtirishga eʼtibor qaratilib, bolajonlarga foydali mahsulotlardan tayyorlangan oziq-ovqatlar beriladi. Oʻyin mashgʻulotlari oʻyinchoqlar bilan bezatilgan guruh xonalarida va ochiq havoda olib boriladi, -deydi 10-son MTM mudirasi A.Ataboyeva.
Mashgʻulotlarni yanada qiziqarli qilib oʻtkazish, kichkintoylarga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida bogʻchaga ular uchun oʻquv qurollari, yangi oʻyinchoqlar va kerakli jihozlar keltirilishi ham moʻljallanmoqda. Tarbiyachilar ham oʻz ustida ishlab, tajriba almashtirish maqsadida tuman Maktabgacha taʼlim boʻlimi tomonidan tashkillashtirilayotgan oʻquv seminarlarida ishtirok etib borishmoqda. Shuningdek, maxsus oʻquv kurslarida malaka oshirib, tarbiya va taʼlim jarayonlarida yangi pedagogik uslublarda bolajonlar uchun qiziqarli mashgʻulot oʻtkazishmoqda. Bogʻchadagi tajribali tarbiyachilar Xonzoda Kaniyazova, Gulnora Mambetova, Hurliqo Safarniyozova, Aqsingul Sarsenboyevalar yordamchi tarbiyachilar Oygul Yaxshimova, Arzayim Davletyarovalar nafaqat kichkintoylarning, balki ota-onalarning ham mehrini qozonishga muvaffaq boʻlishmoqda.
Davlatimiz tomonidan soha xodimlariga ham alohida eʼtibor qaratilib, sentyabr oyidan tarbiyachilarning ish haqlari 30 foizga, yordamchi tarbiyachilarniki esa 20 foizga oshirildi. Bu eʼtibor soha xodimlarini ruhlantirib, zimmalaridagi vazifani sidqidildan ado etishga, yanada masʼuliyatli boʻlishga undamoqda.
yosh avlod ertaga kelajagi buyuk, istiqboli baland davlat barpo etadi. Ularga ilk bora taʼlim-tarbiya beriladigan maskan – maktabgacha taʼlim muassasalaridagi sifatning yanada oshirilishini taʼminlash esa kelajak egalarini tarbiyalash yoʻlidagi ustuvor vazifa hisoblanadi.
O.XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶