Nazarxon ovulida "Obod qishloq" dasturi doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 29-martdagi “Obod qishloq dasturi toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, joriy yilda har bir tumanda 2 tadan qishloqda keng koʻlamli qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Dastlabki lavhamiz bu borada tumanimizda amalga oshirilayotgan ishlar xususida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qishloq 2018-yil 29-martdagi “Obod qishloq” dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Obod qishloq” dasturini 2018-yilda amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tumanimizdagi “Nazarxon” ovuli hamda “Qipchoq” shaharchalari “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan.
Dastur amalga oshirilayotgan “Nazarxon” ovulida salkam 4 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Aholi xonadonlari soni 702 tani tashkil qilib, dastur doirasida 115 ta uylarni obodonlashtirish rejalashtirilgan. Shuningdek, aholini toza ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasini yaxshilash maqsadida 6,9 km uzunlikdagi yangidan ichimlik suv quvurlarini yotqizish, elektr tarmoqlari yetib bormagan, yangidan qurilgan turar joylarni elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida yangidan 4 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarini qurish, eskirgan 24,1 km uzunlikdagi elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, 1 ta tranformator punktini yangidan oʻrnatish, 3 tasini mukammal taʼmirlash, 5 ta gaz taqsimlagich oʻrnatish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 1,6 km uzunlikdagi gaz tarmoqlarini qurish va taʼmirlash, tabiiy gaz bosimi past boʻlgan hamda gaz tarmogʻi yetib bormagan xonadonlarni 60 dona suyultirilgan gaz ballonlari, 100 tonna koʻmir va koʻmir briket mahsulotlari bilan taʼminlash, 5,5 km uzunlikdagi qishloq avtomobil yoʻllarni joriy taʼmirlash, aholiga transport xizmatini koʻrsatish hamda avtobuslarda yoʻlovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2 ta bekat tashkil etish, 2 ta ijtimoiy soha obʼektlarini taʼmirlash, 3 ta savdo va xizmat koʻrsatish shahobchalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda bu ishlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda.
Jumladan, rejadagi 115 ta uylardan 71 tasida taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilib, bu ishlarga 355 mln. soʻm miqdorida mablagʻ sarf qilindi. Ovul hududida umumiy uzunligi 6,9 km boʻlgan ichimlik suvi quvurlarini yotqizish ishlari yakunlanib, bu ishlarga 659 mln. soʻm mablagʻ sarf qilindi. Shuningdek, yoʻl boʻylariga 66 ta simyogʻochlar, 20 ta tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi. 4,4 km uzunlikdagi gaz tarmoqlari, 2 km uzunlikdagi qishloq avtomobil yoʻllari, ovul markaziy koʻchasi boʻyida esa uzunligi 1,6 km boʻlgan piyodalar yoʻlakchasi tashkil qilindi.
Ovul hududida 2 ta joyda har biri 16 mln. soʻmlik 2 ta avtomobil toʻxtash joyi qurildi. Ovuldagi suv taʼminoti ogʻir boʻlgan “Koʻk daryo” aholi punktidagi 50 ta xonadonning tomorqa yer maydonlarini suv bilan taʼminlash maqsadida 1,3 km uzunlikda yangidan “Qirq jap” kanali qazildi. Loyqa bosib qolgan “Xoʻja jap” kanalining 1 km qismida tozalash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, aholi tomorqa yerlarini suv bilan taʼminlovchi 2,1 km uzunlikdagi ariqlar hamda “Nazarxon-arna” kanalining 2,2 km qismi tozalanib, suv oʻtkazuvchanligi oshirildi.
Aholining taklif va iltimoslariga koʻra hududdagi zah suvlari satxini pasaytirish uchun 5,4 km uzunlikdagi kollektorlarda 30 mln. soʻmlik tozalash ishlari olib borildi, 8 gektar yer maydonlarida tozalash ishlari amalga oshirildi. Yoʻl boʻyidagi 16 ta turar-joylar oldidagi ariqlar qazilib, archa daraxtlari ekildi.
“Nazarxon” ovul fuqarolar yigʻini binosida 200 mln. soʻmlik taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, yigʻin binosi zamonaviy koʻrinishga va barcha sharoitlarga ega boʻldi. Ovuldagi 3-sonli maktab binosida 180 mln. soʻmlik, 10-sonli maktabgacha taʼlim muassasi binosida 735 mln. soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy koʻrinish kasb etgan taʼlim muassasalari binolari yaqin vaqt ichida bolajonlarni oʻz bagʻriga chorlaydi.
Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Berdaq qishloq vrachlik punkti binosida 311 mln. soʻmlik mukammal taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan boʻlib, ayni kunlarda binoda ish surʼati qizgʻin davom ettirilmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, Nazarxon ovulida mazkur dastur doirasida qilinayotgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari qishloq aholisi uchun munosib sharoitlar yaratish va ularning turmush madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Gʻ.Yeshniyozov

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶