“YIGʻLAYoTGAN GʻIJJAK” yoxud RUHIYaTNING RANGIN MANZARALARI
“Yosh qalamkashlarga tez-tez takrorlaydigan maslahatim shu – yaxshi asar yozish uchun avvalo, ijodkorga yozuvchilik nigohi kerak. Hayotga, voqelikka yozuvchilik nigohi bilan boqing deyman, ana shunda boshqalar ilgʻay olmagan jihatlarni koʻrasiz.
Ammo Muhabbat Toʻraboyevaning bir turkum hikoyalari bilan tanishgach, oʻsha maslahatu nasihatlarimga biroz qoʻshimcha qilgim keldi: dunyoga, hayotga ayol nigohi, ayol qalbi bilan qarash kerak ekan! Shundagina borliqning rang-barang sirlari kashf etilar ekan. Har holda, Muhabbat Toʻraboyeva qalamiga mansub jajji asarlar menda shunday fikr uygʻotdi. Uning bitiklaridagi samimiyat, joʻshqinlik, mahzunlik ajib bir tarzda uygʻunlashib ketgan.”
Bu satrlar yozuvchi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Luqmon Boʻrixon tomonidan Muhabbat Toʻraboyevaning “Yigʻlayotgan gʻijjak” nomli yangi nashrdan chiqqan hikoyalar toʻplamiga yozilgan soʻzboshisidan keltirildi.
“Yigʻlayotgan gʻijjak”. Oddiy bir qarashda bu soʻz kishiga biroz gʻayritabiiy tuyular? Ayniqsa, dunyoda faqat reallik tarafdori boʻlgan toifa odamlarga. Biroq kitobni ixlos bilan mutolaa qilsangiz – gʻijjakning yigʻlashiga, yigʻlaganda ham bir maʼsuma, hayotda ne murodi boʻlsa, bariga oʻz intilishlari bilan erishmogʻi lozim boʻlgan, koʻngli oq qogʻozday toza, pok bir qizning javobsiz qolgan pinhon muhabbatiga, shoʻrlik qiz buning uchun oshigʻiga dardu-hasrat qilib oʻtirmay, ayollik shaʼnini ulugʻ tutib, uni oshigʻim deb emas, ilhom parisi deya mardona iqrorga kelib, yuragini larzaga solgan otashin muhabbatini jilovlay olib, oʻsha yigitning buyurtmasini – yaʼni sevgilisining portretini chizib bera olgan rassom qizning holiga boʻzlab yigʻlay olishiga guvoh boʻladi.
Umuman toʻplamdan joy olgan hikoyalarning qay birini oʻqisangiz ham Muhabbat Toʻraboyevaning hayotga ham ayol, ham ijodkor sifatida teran nigoh tashlab, hayotning hech kim ilgʻay olmagan jihatlarini yaqqol ilgʻab, sodda va samimiy tarzda oʻquvchilarga badiiy ifodalab bera olganini his qilasiz, inson ruhiyatining murakkab kechinmalarini ham ustalik bilan tasvirlab, bu kechinmalarga sizni ham hamdard, xayrixoh qilib qoʻyganini sezmay qolasiz.
Ayniqsa “Soyabon” hikoyasidagi mustaqil hayotga oʻziga xos masʼuliyat bilan, ham hayotda koʻngliga mos insonni uchratganidan shukronalik bilan, ishonch, umid bilan hayajonlar ogʻushida ilk qadam qoʻyayotgan qizning kechinmalari kishini nekbin va qandaydir begʻubor oʻylar ogʻushiga chorlaydi, baxt haqida, hayot haqida teran mushohada yuritishga undaydi. Umuman toʻplamdan joy olgan, hajm jihatidan kichik-kichik boʻlsa-da, hikoyalarning hech biri kitobxonni eʼtiborsiz qoldirmaydi. Koʻnglimizda faxr uygʻotadigan yana bir sabab — muallif yaʼni Muhabbat Toʻraboyevaning bizning tumanimizning yetuk ijodkorlaridan biri ekanligidir.
U 1975-yilda “Choykoʻl” ovulida tugʻildi. 26-maktabni tamomlab Nukus davlat pedagogika institutiga oʻqishga kirdi. Oliygohni tugatib, “Qoraqalpogʻiston tongi” va boshqa vaqtli matbuot nashrlarida ishladi. Hozir “Ishonch” gazetasining Xorazm viloyati boʻyicha muxbiri, oilali.
Muhabbatning “Koʻksimdagi gullar” sheʼriy kitobi hali bolalikni tark etib ulgurmagan qizaloqlik davrida nashrdan chiqqan edi.
Keyinchalik “Dunyodagi dunyolar”, “Burilish”, “Harorat” kabi nasriy, “Yaxshilik yoʻli” deb nomlangan publitsistik kitoblari chop etildi. Bular uning serqirra ijodkor sifatida shakllanganini isbotladi. Uning qaysi bir bitigini oʻqimang, hammasida ayol qalbining nozik kechinmalari, oddiygina voqelikdan, oniy lahzalardan ibratli, taʼsirli maʼno izlashlari va uni kitobxonga ham taqdim etishga intilishlari sezilib turadi.
Muhabbat Toʻraboyeva hozir badiiy ijod bilan cheklanib qolmay, “Ishonch” gazetasi maxsus muxbiri sifatida ham samarali mehnat qilmoqda.
Uning “Teshik togʻoraning egasi kim”, “Ona yurt tafti” nomli maqolalari har bir oʻquvchini oʻz hayotini oʻzi tanqidiy taftish etishga, shu aziz Vatanimizga munosib farzand boʻlishga undaydi.
Uning jurnalist sifatidagi maqolalari joriy yilda “Oltin qalam” tanlovida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi tomonidan taʼsis etilgan nominatsiyaning gʻolibi deb topildi.
Tumanimizning bir iqtidorli qizi, ajoyib qalamkash singlimiz Muhabbat Toʻraboyevani muxlislari hukmiga havola qilgan yangi “Yigʻlayotgan gʻijjak” toʻplami bilan qutlab, unga ijodiy parvozi bundan-da baland boʻlishini tilab qolaman.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶