Amudaryoda davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻli taʼmirlanib, foydalanishga topshirildi
Mamlakatimizda muhtaram Yurtboshimiz rahbarligida avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruktsiya qilish, taʼmirlash va saqlash ishlariga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2017-yil 14-fevraldagi qarori bilan tashkil qilingan Oʻzbekiston Pespublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi avtomobil yoʻllarini moliyalashtirish, loyihalashtirish, qurish, taʼmirlash va ulardan foydalanish hamda rivojlantirish boʻyicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish borasida qisqa vaqt ichida salmoqli natijalarga erishdi.
Sohada amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijalarini mamlakatimizning barcha hududlari aholisi qatori amudaryoliklar ham bugun oʻz turmushida yaqqol his qilmoqda. Sababi, “Qipchoq – Mangʻit shahri – Turkmaniston Pespublikasi chegarasi” davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻli bir necha yillardan beri taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan, haydovchi va yoʻlovchilar uchun noqulayliklar tugʻdirayotgan edi. Juda qisqa fursat – 20 kun ichida mazkur yoʻl zamonaviy usulda, sifatli taʼmirlanib, 1-iyul kuni foydalanishga topshirildi.
Tantanali marosimda soʻzga chiqqanlar – Oʻzbekiston Pespublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari – bosh muhandis Obid Adilov, tuman hokimi Sultonboy Yoʻldoshev, “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlinmasi raisi Bekman Allambergenov, tuman hokimi oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maryam Ahmedova va boshqalar yoʻlsozlarga minnatdorchilik izhor qildilar.
Bosh pudratchi – “Taxiatosh yoʻl qurilish-taʼmirlash” davlat unitar korxonasi tomonidan ushbu yoʻlning Mangʻit shahriga kirishdagi 11,4 km, shahar ichidagi 3 km qismini rekonstruktsiya qilishga jami 15,2 mlrd soʻm mablagʻ sarflanib, 10 ta tumandan kelgan 210 nafardan ortiq ishchilar tunu kun mehnat qilishdi. Yoʻlning shahar ichidagi qismiga tungi yoritgichlar va piyodalar yoʻlakchasi qurilgani esa yoʻlovchilar va piyodalar uchun katta qulayliklar yaratdi.
Qoraqalpogʻistonning chegara tumani – Amudaryoda mana shunday keng koʻlamli ishning juda qisqa fursat ichida amalga oshirilishi aholining kayfiyatini koʻtarib, ertangi kunga ishonchini yanada oshirdi.
Ishonamizki, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan yuksak ahamiyatga ega mazkur yoʻlning taʼmirlanishi xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladi hamda xalqlarni va mamlakatlarni bogʻlovchi vosita boʻlib qoladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶