FHDYo tizimi: yangi tartib-taomillardan xabardormisiz?
Prezidentimizning 2018-yil 12-iyundagi PQ-3785-son Qarori bilan FHDYo organlari tizimida yangi tartib-taomillar, yangiliklar joriy qilindi. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF–5415-son Farmoniga asosan 2018-yil 1-iyuldan boshlab FHDYo organlarining huquqni qoʻllash amaliyotini muvofiqlashtirish, faoliyatini metodik taʼminlash, «FHDYoning yagona elektron arxivi» axborot tizimini yuritish, FHDYoning hududiy arxivlariga rahbarlik boʻyicha vazifalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi zimmasiga yuklatilgan holda, FHDYo organlari tumanlar (shaharlar) hokimiyatlari tasarrufiga oʻtkazilishi belgilangan edi.
Endilikda, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq hamda fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda FHDYo organlarining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash maqsadida 2018-yilning 1-iyulidan boshlab nikoh shartnomasini va aliment toʻlash haqida kelishuvni notarial tasdiqlaganlik, sudlar tomonidan otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tugʻilganligi, shuningdek, tugʻilgan vaqti faktlarini aniqlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrganlik uchun davlat boji undirilishi bekor qilindi. Qarorga muvofiq, 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab FHDYo organlari bilan tugʻilish va oʻlim toʻgʻrisida elektron maʼlumotlar almashishni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, tugʻilish va oʻlim haqida yagona noyob kodli unifikatsiyalangan elektron maʼlumotnoma berishning yagona tartibini joriy qilish belgilandi.
Qaror bilan FHDYo organlarida qayd etilmagan tugʻilganlik, oʻlim holatlarini aniqlash va keyinchalik ularni FHDYo organlarida qayd etilishini taʼminlash boʻyicha tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligida hududiy komissiyalar tashkil etilishi belgilab qoʻyildi.
Hududiy komissiyalarga 2019-yilning 1-iyuliga qadar qayd etilmagan tugʻilganlik, oʻlim holatlarini aniqlash nuqtai nazaridan toʻliq xatlovdan oʻtkazish, uning natijasida tugʻilganlik, oʻlim holatlarining qonun hujjatlariga muvofiq manzilli qayd etilishini taʼminlash, oʻz faoliyatida tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi mavjud boʻlmagan bolalarni aniqlashga alohida eʼtibor qilib, bunda «Bironta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas» va «Tugʻilganlikni qayd etilishi — bola huquqlarini roʻyobga chiqarilishining va fuqarolik boʻlmasligining oldini olishning huquqiy asosidir» degan ezgu gʻoyalarga amal qilish belgilandi.
Bundan tashqari, Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2019-yilning 1-yanvaridan bola tugʻilganligi haqidagi guvohnoma qayd etilishida chaqaloqlarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami berilishini amaliyotga joriy etish koʻzda tutilgan.
Ushbu soxada amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan qulayliklar kelajakda yurtdoshlarimiz qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda sodda va shaffof tizim sifatida oʻzini namoyon qilishi aniq. Ammo masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Bu ham boʻlsa shu kunga qadar turli sabablarga koʻra tugʻilish guvoxnomasi olinmagan bolalarning tugʻilishini qayd qilish masalasi. Ota-onalar koʻpincha moddiy qiyinchiliklar, nikohsiz tugʻish va boshqa sabablarga koʻra dunyoga kelgan bolaning tugʻilishini belgilangan tartibda FXDYo idoralarida qayd qildirmaydi.
salbiy xolatlarning oldini olish maqsadida mazkur Qarorda «Bironta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas» va «Tugʻilganlikni qayd etilishi — bola huquqlarini roʻyobga chiqarilishining va fuqarolik boʻlmasligining oldini olishning huquqiy asosidir» degan ezgu gʻoyaning qoʻyilishi bejiz emas albatta. Tugʻilganligi qayd qilingan bola Konstitutsiyamizda belgilangan qator ijtimoiy-iqtisodiy huquqlaridan foydalana oladi. Aksincha boʻlsa-chi! Bunday bolani maktabgacha taʼlim muassasasi, maktabga qabul qilish, shifoxonada belgilangan tartibda roʻyxatga qoʻyish va boshqa shu kabi hayotiy masalalarda turli toʻsiq va muammolar kutadi.
Shunday ekan, men yuqorida sanab oʻtgan xolatlarga tushib qolgan va shunga oʻxshash ota-ona, yolgʻiz onalarni agar bolalarining tugʻilishi shu kunga qadar (qanday sabab boʻlishidan qatʼiy nazar) qayd qilinmagan boʻlsa, tuman hokimligi voyaga yetmaganlar boʻyicha komissiyasi, tuman FXDYo va adliya boʻlimlariga yoxud taʼlim muassasalariga murojaat qilishlarini soʻrayman. Mazkur idoralar tugʻilish guvoxnomasi olmagan bolalarning tugʻilishni qayd qildirish va guvohnoma olishida qonun doirasida yordam berishga tayyor.
Moʻminjon MATYuSUPOV,
tuman adliya boʻlimi boshligʻi.
Foto. Fikr.uz

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶