XOTIN-QIZLAR MASALALARIGA BAGʻIShLANGAN YIGʻILIShDA ZUHRA IBRAGIMOVA IShTIROK ETDI

Mamlakatimizda ayol-qizlarni qoʻllab-quvvatlash ular uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, bandlikni taʼminlash va oila institutini mustahkamlashga alohida eʼtibor qilinmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan yil boshida qabul qilingan “ Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisi”dagi farmoni asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda tuman hokimligida mazkur farmonning ijrosi qanday taʼminlanayotgani va tumanda ayol-qizlarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zuhra Ibragimova, tuman hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maryam Ahmedova, oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashi birinchi oʻrinbosari, “Mahalla” fondi tuman boʻlinmasi raisi Ashirboy Qoʻshayev hamda ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi xotin-qizlar bilan ishlash va oilalardagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislar, taʼlim muassasalari va korxona-tashkilotlardagi boshlangʻich tashkilotlar raislari, “qaynonalar kengashi” jamoatchilik tuzilmalari raislari ishtirok etdilar.
Yigʻilish kun tartibidagi masala yuzasidan Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari Zuhra Ibragimovaning Prezident Farmonida koʻrsatilgan vazifalar, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, oila institutini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi maʼruzasi tinglandi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan tuman hokimi oʻrinbosari Maryam Ahmedova, “Mahalla” fondi tuman boʻlinmasi raisi Ashirboy Qoʻshayev hamda tuman FHDYo boʻlimi mudirasi Sanobar Xolboyevalar farmonning eng muhim, tarixiy hujjat boʻlganligini aytib, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va turli sohada oʻz qobiliyatlarini roʻyobga chiqishlari uchun sharoit yaratish hamda ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash va tezda barham berish imkoniyati yaratilayotgani, qishloq joylarda yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalari hal etilishini taʼminlash maqsadida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi yoʻlga qoʻyilayotganligini taʼkidlab oʻtdilar.
Yigʻilish yakunida koʻrilgan masala yuzasidan bildirilgan taklif va mulohazalar asosida tegishli qaror qabul qilindi.
Ozoda XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶