Yosh shoir ijodiga bagʻishlangan “Mutolaa bayrami”
Shu kuni Amudaryo qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejining maʼnaviyat va maʼrifat xonasida Xalqaro bolalar kitoblari kuni munosabati bilan kollej axborot-resurs markazida “Mutolaa bayrami” tadbiri ham boʻlib oʻtdi. Tadbirni axborot-resurs markazi rahbari Rohatoy Romanova, kutubxonachilar Dilfuza Boyjonova va Iroda Saʼdullayevalar tashkil etishdi. “Mutolaa bayrami” ishtirokchilari boʻlgan yosh kitobxonlar dastlab kollejning 15 mingdan ziyod elektron kitob fondiga ega axborot-resurs markaziga sayohat qildilar va oʻz taassurotlarini oʻrtoqlashdilar. “Mutolaa bayrami” haqiqiy kitobxonlik va sheʼrxonlik bayramiga ulanib ketdi. Bayram ishtirokchilari Amudaryo tumanidan yetishib chiqqan yosh shoir Oʻlmasbek Xoʻjayevning ijodi bilan ham yaqindan tanishdilar. Yosh shoirning “Turkiston daftari” deb nomlangan yangi sheʼrlar toʻplamining taqdimot marosimi yosh adabiyot ixlosmandlari uchun haqiqiy maʼnaviyat saboqlariga aylanib ketdi.
Tadbirda Oʻ. Xoʻjayevning ustozlari Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Saʼdulla Xoʻjaniyozov, “Yangiobod” MFY raisi Zebogul Rajabovalar Oʻ. Xoʻjayevning ijod maydoniga ilk qadam qoʻygan paytidan to shoir sifatida shakllanishigacha bosib oʻtgan mashaqqatli va zavqli ijod lahzalari haqida toʻlqinlanib soʻzladilar. Shundan soʻng “Jayxun ilhomlari” NNT raisi, shoir Ahmad Nafasov, jurnalist Robiya Yoʻldosheva va boshqalar soʻzga chiqishib, Oʻlmasbek Xoʻjayevning ijodiga xolis baho berdilar. Shuningdek, Amudaryo akademik litseyi oʻquvchilari Oʻ. Xoʻjayev ijodi haqida fikr bildirgan taniqli adabiyotshunos olimlarning taqrizlarini oʻqib, eshittirdilar.
Taqdimot marosimida 9-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi oʻquvchilari ijrosidagi kontsert dasturi namoyish etildi. Havaskor shoir va shoiralar oʻz ijod namunalaridan oʻqib berdilar. “Mutolaa bayrami” yakunida shoir Oʻlmasbek Xoʻjayev sheʼriyat ixlosmandlariga oʻzining ijodiy rejalari haqida soʻzlab, yangi sheʼrlaridan oʻqib berdi.
Oʻquvchi-yoshlar uchun haqiqiy kitobxonlik lahzalarini ato etgan “Mutolaa bayrami”, Oʻlmasbek Xoʻjayevning “Turkiston daftari” sheʼriy toʻplami taqdimoti barchaga koʻtarinki kayfiyat, maʼnaviy ruh bagʻishladi.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶