Jamiyat
👁 1,063
1-fevraldan Oʻzbekistonda avtomobillarda gaz ballonlardan foydalanish taqiqlanadimi?
Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistonda avtomobillarga oʻrnatilgan gaz ballonlar taqiqlanishi haqida xabarlar tarqaldi. OʻzA muxbiri koʻpchilikni oʻylantirayotgan mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Oʻzbekiston Pespublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi "Sanoatgeokontexnazorat" davlat inspektsiyasi matbuot xizmati kotibi Olimjon Joʻrayevning fikrlari bilan qiziqdi.
– Tadbirkorlar tomonidan yurtimizga koʻp yillar davomida chet mamlakatlardan avtomobillarga moʻljallangan turli gaz ballon va uskunalari olib kelingan, – deydi O.Joʻrayev. – Jumladan, Xitoydan usti kompozit qoplamali, xalqona aytganda skotchli ballonlar keltirilgan. Ochigʻini aytish kerak, mamlakatimizda avval bunday ballonlarni tekshirish va sinash standartlari mavjud emas edi. Shu bois, bu ballonlarga ularni ishlab chiqargan zavodlardan olingan sinov natijasi asosida sertifikatlar berilgan.
Keyinchalik bunday ballonlardan foydalanishda noxush hodisalar roʻy bera boshladi. Maʼlumotlarga qaraganda, oʻtgan vaqt davomida 55 kompozit qoplamali gaz ballonining portlashi natijasida 23 fuqaro tan jarohati olgan, 41 yurtdoshimiz halok boʻlgan. Afsuski, bu kabi ayanchli hodisalarni koʻra-bila turib ham yurtdoshlarimiz hamon bunday ballonlardan foydalanib kelmoqda. Yaqinda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida ana shunday ballon portlashi natijasida 2 (ulardan biri yosh bola) yoʻlovchi nobud boʻldi, 6 fuqaro jarohatlandi.

Bunday hodisalarga mustahkamlik darajasi past boʻlgan kompozit qoplamali gaz ballonlar, ballonlarga ortiqcha bosimda gaz quyish, metall gaz ballonlarini navbatdagi texnik sinovdan oʻtkazmaslik yoki oʻtkazilgan, deb qalbaki dalolatnoma rasmiylashtirishlar sabab boʻlmoqda.
Tegishli idoralar mutaxassislari xulosasiga koʻra, kompozit qoplamali ballonlar metall qismining sifati va qalinligi talabga javob bermaydi.

Shularni inobatga olib, Oʻzbekiston Pespublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-oktyabrdagi "Avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stantsiyalari tarmogʻini rivojlantirish va avtotransport vositalarini siqilgan tabiiy gazga bosqichli oʻtkazish hamda ularda gaz ballon asbob-uskunalarini xavfsiz ishlatishni taʼminlash qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda 2018-yilning 1-fevralidan eʼtiboran avtomobillarda kompozit qoplamali gaz ballonlardan foydalanish taqiqlanadi.

OʻzA muxbiri Ulugʻbek Asrorov yozib oldi.
Manba: uza.uz

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶