Harbiylar bilan uchrashuv oʻtkazildi
Ona Vatan ulugʻ va muqaddas dargoh. Uning buyuk kelajagi va baxtu iqboli uchun jon kuydirish eng oliy saodat boʻlsa, tinchlik-osoyishtaligini saqlash uchun sadoqat bilan xizmat qilish yuksak sharafdir. Bu yuksak tuygʻularni oʻquvchi yoshlar ongiga singdirib borish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash esa muhim vazifalardan biridir.
Amudaryo qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejida oʻtkazilgan “Yoshlarni milliy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash” mavzusidagi tadbir ham yoshlar qalbida yurtga muhabbat, sadoqat va burch tuygʻularini shakllantirish maqsadi koʻzlandi. Tadbirda tuman Mudofaa ishlari boʻlimi xodimi Zokir Saʼdullayev hamda Chirchiq Oliy tank qoʻmondonligi bilim yurti kursantlari Polvonnazar Ismoilov va Sarvar Gulmurodovlar ishtirok etib, Vatanni himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanligi haqida gapirdilar. Bu boradagi Konstitutsiyamizning 52-moddasiga toʻxtalib, Mudofaa vazirligiga qarashli Oliy harbiy bilim yurtlariga qabul qilinish va tahsil olish haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Kollejning Maʼnaviyat va maʼrifat masalalari boʻyicha direktor oʻrinbosari Otabek Eshchonov ham oʻquvchi-yoshlarga Vatan tinchligi, xavfsizligini saqlash mashaqqatli boʻlish bilan birga faxrli va sharafli ekanligini aytib, ularni vatanparvar boʻlishga chaqirdi.
Harbiylar bilan oʻtkazilgan uchrashuv oʻquvchilar qalbidagi oliy tuygʻularni yanada mustahkamladi.
Sarvar Shukurullayev, Amudaryo qishloq
xoʻjalik kasb-hunar kolleji oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶