Yaqindagina bularning bari fantastika yozuvchilarning uydirmasidek tuyulardi.
2017-yil kashfiyotlar yili boʻldi: NASA koʻp martali raketalarni qoʻllashni boshladi, inson qon tanachalari yordamida saratonni davolash usuli ixtiro qilindi, olimlar Yerning yoʻqolgan sakkizinchi qitʼasini aniqlashdi. BusinessInsider yilning eng ajoyib va istiqbolli kashfiyotlariga doir maʼlumotlar bilan boʻlishdi.
32 olimdan iborat xalqaro guruh Tinch okeanining janubiy qismida yangi qitʼani aniqladi
Zelandiya suv osti qitʼasi Yangi Zelandiya va Yangi Kaledoniya oʻrtasida joylashgan.
U har doim ham suv ostida boʻlmagan — tadqiqotchilar qachonlardir u yerda mavjud boʻlgan oʻsimlik va hayvonlar qoldiqlarini aniqlashgan. Baʼzilar uni umumqabul qilingan yetti qitʼa bilan teng alohida qitʼa deb hisoblash mumkin, deb hisoblashadi.
Olimlar hayotning sunʼiy shaklini yaratishga yaqinlashishdi
Tirik mavjudotlarning DNKsi ikki aminokislotali juftlardan tashkil topgan: A-T (adenin-timin) va G-C (guanin-tsitozin). Bu toʻrt aminokislota dunyodagi butun genetik maʼlumot asosini tashkil qiladi.
Olimlar ikki yangi komponent, aminokislotalarning notabiiy jufti X-Y'ni sintezlashdi. Ular noyabr oyida qanday qilib sunʼiy komponentlar DNK bakteriyalariga tabiiylari bilan birga joylashtirilishini namoyish qilishdi.
Kaliforniyadagi Skripps tadqiqot instituti olimlar guruhini boshqaruvchi Floyd Pomesburg yangi kashfiyot kasalliklarni davolash usullarini yaxshilash imkonini berishini taʼkidlamoqda. Hozirda uning jamoasi mazkur kashfiyot saraton va autoimmun kasalliklarini davolashda qanday foyda keltirishi mumkinligini aniqlamoqda.
Olimlar kosmosda oltin va platina hosil boʻlishining guvohi boʻlishdi
Ikki neytron yulduzlarning Yerdan 130 million yorugʻlik yili masofasida toʻqnashuvi natijasida kosmosga 100 oktillion (29 ta nollik birlik) dollarlik oltin sochilgan. Shuningdek platina va kumush ham misli koʻrilmagan hajmda sintezlashgan.
Bu astronomlar ikki neytron yulduz toʻqnashuvini "jonli" kuzatgan birinchi holat boʻldi. Ular Yerdagi maxsus detektorlar tomonidan qayd qilindi. Olimlarning soʻzlariga koʻra, bunday hodisalar kamdan-kam holatlarda roʻy beradi - taxminan 100 ming yilda bir marta.
Olimlar Xeops piramidasi ichida maxfiy xona borligini aniqlashdi
Myuon skanerlashning inqilobiy usuli yordamida tadqiqotchilar Xeops piramidasi ichida 30 metrli boʻshliq borligini aniqlashdi. Myuonlar eng yangi, birlashuvchi neytron yulduzlar, qora tuynuklar va boshqa kosmik obʼektlarning yuqori energiya nurlari Yerga yetib, havo molekulalari bilan oʻzaro taʼsirga kirishadi.
Olimlar millionlab tonna toshlar orasidan piramida tubini kuzatish uchun maxsus detektorlardan foydalanishdi. Ular piramidada ichkari xona borligiga 99,99 foiz ishonch bildirishmoqda, biroq uning qanday xona ekani va nima uchun xizmat qilgani borasida aniq tasavvurga ega emaslar.
Bemorlar oʻz qon hujayralari yordamida saraton bilan kurashishni oʻrganishdi
Avgust oyida AQSh Sanitariya nazorat boshqarmasi Novartis tomonidan ishlab chiqarilgan Kymriah preparatini tasdiqladi. U organizmning immun tizimini bolalardagi oʻtkir limfoblast leykozga qarshi kurashishda qoʻllaydi. Biroq davolash juda qimmatga tushadi — bir bemor uchun 475 ming dollar.
Oktyabrda yana bir CAR-T preparat Yescarta kattalardagi tajovuzkor limfomani davolash uchun tasdiqladi.
Olimlar sayyoramizning muz qoplami holatining ayanchli ahvolda ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilishdi
Iyulda Antarktikada 1 trillion tonnadan ortiq ogʻirlik va 100 kilometrdan ziyod oʻlchamlarga ega muz boʻlagi Larsen C muzligidan ajralib, shimol tomon siljiy boshladi. Bu kuzatuvlar tarixidagi kattaligi boʻyicha uchinchi aysberg.
Olimlar shuningdek shimoldagi muz tundrasining holatidan tashvishdalar: dekabrda AQSh Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari boshqarmasi (NOAA) "Arktika endi bir necha oʻn yillar avvalgidek muzlamayotgani"ni maʼlum qildi.
NASA yashash uchun yaroqli yetti salohiyatli sayyorani aniqladi
Kashf qilingan sayyoralar TRAPPIST-1 yulduzi atrofida aylanadi. Ulardan oltitasi xuddi yerdagidek toshli yuzaga ega. Olimlarning soʻzlariga koʻra, ekzosayyoralar tadqiq qilish mumkin boʻlgan zonalarda joylashgan. Ularda haddan tashqari sovuq ham, issiq ham emas - harorat insonlar yashashi uchun toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, ular Yerga yaqin joylashgan - atigi 40 yorugʻlik yili. NASA mutxassislari oʻz topilmalaridan xursand boʻlib ketishdi, zero ekzosayyoralar ancha yaqin boʻlib, kelgusida ularni oʻrganish katta qiyinchilik tugʻdirmaydi.
13-yil davomida Saturn va uning yoʻldoshlarini tadqiq qilgan kosmik apparat oʻz missiyasini yakunlab, sayyora atmosferasida yonib ketdi
15-sentyabrda gaz giganti atmosferasiga halokatli shoʻngʻishni amalga oshirishdan avval kosmik zond Saturnning yangi rakurslardan noyob suratlarini yetkazib berdi.
Kosmosdagi 13 yillik muvaffaqiyatli faoliyatidan keyin Kassinining soʻnggi missiyasi Saturn oylaridan biri - Titanni suratga olishdan boshlandi. Shundan soʻng Kassini tarixda birinchi marta sayyora atmosferasi va uning xalqalari orasidan uchib oʻtdi.
Intensiv terapiya boʻlimidagi chaqaloqlar skanerlovchi mashinaga ega boʻldi
Embrace neonatal MPT-tizimi yuqori darajali xavfsizligi tufayli birinchi marta palatalarga joylanish huquqiga ega boʻldi.
Skanerlashdan avval chaqaloqqa maxsus kiyim, boshiga esa shovqinga qarshi "dubulgʻa" kiydiriladi. Shundan soʻng bular apparat ichiga joylanadi va shifokorlar ularning holati haqida maʼlumot toʻplashga muvaffaq boʻlishadi.
Yangi skaner tashqi koʻrinishidan harakatlantirish mumkin boʻlgan MPT-tizimlarni yodga soladi. U toʻliq izolyatsiya qilingan, shunday ekan, kuchli magnitlar va nurlanishlarning kichik bemorlarga taʼsiridan xavotirlanmasa ham boʻladi.
SpaceX koʻp martalik raketa tezlatkichini muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazdi
Odatda tezlatkichlar koʻp bosqichli raketaning eng qimmat qismi hisoblanadi. Ular bir martalik foydalanishdan keyin anʼanaga koʻra, okeanda boʻladi (yoki Yerga qulaydi).
Biroq SpaceX bosh direktori Ilon Mask koʻp martalik Falcon 9 va Falcon Heavy tizimlarini ishlab chiqishni maqsad qildi. Ular har bir parvozda 18 million dollargacha mablagʻni tejash imkonini beradi.
Muvaffaqiyatli sinov birinchi marta shu yilning 30-martida amalga oshirildi. Falcon 9 raketasi sunʼiy yoʻldoshni orbitaga olib chiqdi, keyin esa uning tezlatkichi atmosferaga qaytdi va Atlantik okeani platformasiga qoʻndi.
2017-yilda SpaceX kamida 20-marta muvaffaqiyatli parvoz va qoʻnishni amalga oshirdi.
Xitoylik olimlar dunyodagi ilk kvant teleportatsiyani oʻtkazishdi
Star Trek muxlislari xursand: olimlar birinchi transportatorni (muayyan maʼnoda) oʻylab topishdi.
Xitoylik olimlar joriy yilda birinchi marta koʻzgular va lazerlar yordamida fotonlarning baʼzi xususiyatlarini yerdan tashqi kosmosga teleportatsiya qilishning uddasidan chiqishdi. Mazkur tajriba kvant fizikasi uchun ulkan muvaffaqiyat boʻldi — olimlarning aytishicha, yangi texnologiya butun dunyo boʻylab energiya va maʼlumot koʻchirish usullarini toʻliq oʻzgartirishi mumkin.
U tufayli EHM sohasida ulkan istiqbollar ochilmoqda — u mutlaqo yangi turdagi, aqlni shoshirib qoʻyuvchi kvant kompyuterlarining paydo boʻlishiga olib kelishi mumkin. Oʻta tezkor kvant internet yanada tezkor, xavfsiz va tashqi tahdidlardan butkul himoyalangan boʻlardi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶