MUNOSIB NOMZODGA JAMOATChILIK ROZILIGI OLINDI
2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, ularning odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining samaradorligi va sifatini oshirish, nomzodlarni tanlash va sudyalik lavozimiga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yoʻnalishlari sifatida mustahkamlandi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor Sudyalar oliy Kengashi tashkil etildi va shu munosabat bilan amalda sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligini taʼminlovchi himoya tizimi yaratildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 13-iyunda sudyalar bilan oʻtkazilgan tarixiy uchrashuvidagi "Qonun va adolat ustuvorligini taʼminlash –barcha ezgu maqsadlarimizga erishishning eng muhim sharti” mavzuidagi maʼruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi boʻyicha sudyalik lavozimiga ilk bor tayinlanayotgan nomzodlarni tuman va shahar jamoatchiligiga tavsiya etib, ularning fikrini, roziligini olish tartibi yoʻlga qoʻyildi.
Shunga muvofiq joriy yilning 16-oktyabrida 3-sonli Amudaryo akademik litseyi majlislar xonasida fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi lavozimiga tavsiya qilingan nomzod Uteniyazov Yerkin Jabborovichning tuman faollari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Faollar yigʻilishida tuman hokimi oʻrinbosarlari, masʼul xodimlari, "Xalq qabulxonasi”, jamoat tashkilotlari va huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari, maktablar, korxona, tashkilotlar rahbarlari va oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdilar.
Faollar yigʻilishida sudyalik lavozimiga ilk bor tavsiya etilayotgan nomzodga jamoatchilikning roziligini olish masalasi koʻrib chiqildi.
Yigʻilishni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi qoʻmita raisi S.Turmanov olib bordi. Sudyalar oliy Kengashi aʼzosi Jasuriddin Abdusattorov fuqarolik ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisligiga tavsiya etilayotgan nomzod Uteniyazov Yerkin Jabborovichning tarjimai holi va mehnat faoliyati haqida batafsil maʼlumot berdi.
Shundan soʻng tuman "Xalq qabulxonasi” raisi E.Rajabov, tuman FHDYo boʻlimi mudirasi S.Xolboyeva, "Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi A.Qoʻshayev, 40-sonli maktab direktori S.Xoʻjamurodovalar soʻzga chiqib, Yerkin Uteniyazov fuqarolik ishlari boʻyicha tuman sudi sudyaligiga munosib nomzod ekanligini taʼkidladilar va uni qoʻllab-quvvatlashga chaqirdilar.
Faollar yigʻilishida munosib nomzodga tuman jamoatchiligining roziligi olindi.
Yigʻilishda ishtirok etgan Yerkin Uteniyazov oʻziga bildirilgan ishonch uchun keng jamoatchilikka minnatdorchilik izhor etdi.
Oygul RAJABOVA.
(Foto - http://tafsilot.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶