OVORAGARChILIKLARGA ChEK QOʻYILSA, DEYMIZ...
Bizda elektr va gaz hisoblagichlari har 4-yilda bir marta metrologik laboratoriyada tekshirishdan, yaʼni qiyoslashdan oʻtkazilib, sertifikatlanadigan tartib oʻrnatilganiga ancha vaqt boʻldi.
Elektr energiyasi va tabiiy gaz davlat mulki hisoblanadi. Davlat bu tabiiy neʼmatlarni foydalanish uchun oʻz xalqiga yetkazib beradi. Aholi esa bu neʼmatlardan tejab-tergab foydalanishi va ishlatilgan gaz va elektr energiyasi uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirishi lozim.
Biz buni yaxshi bilamiz. Bilmaganlarga esa Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan tushuntirib borilayapti.
Ammo bizni bir savol qiynaydi. Aytaylik, savdo oʻrinlarida doʻkondor oʻz narsasini oʻzining tarozisida, koʻzingiz oldida tortib beradi. Ushbu tarozida biror bir kamchilik sezsa, uni doʻkondorning oʻzi oʻz mablagʻi hisobidan tuzattirib oladi.
Shunday ekan, nega xonadonlarda yoki ish joylarida foydalaniladigan hisoblagichlar tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib beruvchi idoralar tomonidan oʻrnatilmaydi va ularning ishlashi nazorat qilib borilmaydi?
Esingizda boʻlsa, bundan 10-yillarcha oldin tuman elektr tarmoqlari uzatish korxonasi tomonidan xonadonlarga bir qancha hisoblagichlar bepul oʻrnatildi. Ammo negadir koʻp oʻtmay, bepul hisoblagich oʻrnatish toʻxtatib qoʻyildi.
Men fursatdan foydalanib bir taklifni oʻrtaga tashlamoqchiman:
– Elektr energiyasi va tabiiy gaz hisoblagichlari aholi xonadonlariga joylardagi elektr va tabiiy gaz bilan taʼminlovchi idoralar tomonidan oʻrnatilib, ularning ishlashi qattiq nazorat qilib borilsa va qiyoslashlar belgilangan muddatlarda shu idoralar tomonidan amalga oshirilsa, yaxshi boʻlardi. Hisoblagichlarning aholi tomonidan sotib olinishi va ularni qiyoslashdan oʻtkazish maqsadida Nukus hamda Urganch shaharlariga borib, ovora boʻlishlari aqlga sigʻmaydigan ish. Bunday ovoragarchiliklarga barham berish kerak.
Mening ushbu taklifim xalqimiz koʻnglidagi gaplardir va ular amaliyotga joriy qilinadi, deb umid qilaman.
Safarboy BOZORBOYeV, "Chordara” mahallasi.
(Foto - http://www.ek.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶