HUNARLI QIZ – EL KOʻRKI
Yangi yil bazmiga barcha qizlarimiz yasan-tusan qilib kelishdi. Ayniqsa,bir qizimizning ustidagi koʻylagi barcha qizlarimizning eʼtiborini tortdi.
Chiroyli toʻqilganligi, bichimi, rangining ajoyibligiga hamma havas bilan boqdi. Bu koʻylakning qayerdan olinganligini soʻrashganida, u oʻzi toʻqiganligini aytib, "maqtanib” ham qoʻydi. Shunda bazmdagi barcha qizlarimizning koʻnglidan "Qaniydi, men ham toʻqishni bilsam”, – degan istak oʻtgani bor gap.
Endi, kim shu bazmdan chiqib, toʻgʻri toʻquvchining uyiga yoʻl oldi-yu, kim toʻquvchilikni oʻrganib, shunday koʻylaklar toʻqib kiydi, bu bizga nomaʼlum.
Bizning istagimiz, Sizni shu toʻquvchi qiz bilan tanishtirish.
Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat oliygohi magistraturasini bitkazib, Qoraqalpoq Davlat Universitetida yoshlarga toʻqish ilmidan dars berib yurgan bu qiz taqdir taqozosi bilan Mangʻitga kelin boʻlib tushdi.
Hozirda Amudaryo xizmat koʻrsatish va servis kasb-hunar kollejida faoliyat yuritayotgan, Gulmira Xudoynazarova 2011-yilda ish boshlaganida kollejda toʻquvchilik yoʻnalishi xonasi faqat toʻrtta devordangina iborat edi. Gulmiraning jonbozligi-yu, kollej maʼmuriyati koʻmagi bilan xona Yaponiyada ishlab chiqarilgan toʻqimachilik dastgohlari bilan toʻldirildi. Devorlarni toʻqimachilikka oid bannerlar, oʻquvchilar tomonidan bajarilgan toʻqimachilik namunalari bezab turibdi. Toʻquvchilik oʻquv amaliyoti mashgʻulotlari toʻliq ravishda toʻquv dastgohlarida oʻtkazilmoqda.
Kollejimizga yaqin hududda joylashgan maktablarning oʻquvchilariga ham Gulmira nafis toʻqish sirlarini oʻrgatmoqda. Qizlarining toʻqishni oʻrganganliklarini koʻrib, ota-onalar Gulmiradan behad mamnun.
Gulmira bilan suhbatlashsangiz, shogirdlarini koʻpaytirish va shu orqali qizlarimizning ish bilan bandligiga koʻmaklashish eng ezgu niyati ekanligini mamnuniyat bilan taʼkidlaydi.
– Qiz bolaning hunari – koʻrki, – deydi u. – Hunarli, epli qiz el-yurtga, oilasiga sarishtalik, qut-baraka va koʻrkamlik baxsh etadi, jamiyatga foydasi tegadi. Maktabni bitiruvchi qizlarimizni ham kollejga oʻqishga kelib, toʻquvchilik sirlarini oʻrganishga chaqiraman.
Biz uning orzulari roʻyobga chiqishiga tilakdoshmiz. Savobli ishlarni amalga oshirishda, unga kuch-quvvat, oilasiga tinchlik-totuvlik, baxt, ishlariga esa rivoj tilaymiz!
Gulkamar Aytbayeva,
Amudaryo xizmat koʻrsatish va servis kasb-hunar kolleji boshlangʻich xotin-qizlar qoʻmitasi tashkiloti raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶