Elektron hukumat – xalq bilan eng yaqin muloqot yoʻli
Mamlakatimizda axborotlashtirish tizimini shakllantirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, hukumat bilan aholining oʻzaro munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida muhtaram Birinchi Prezidentimiz tomonidan 2013-yil 27-iyunda «Oʻzbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-1989-sonli qaror qabul qilingan edi.
Shuningdek, 2015-yil 9-dekabr kuni «Elektron hukumat toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi axborotlashtirish sohasida katta oʻzgarishlarning yangi bosqichini boshlab berdi.
Qonunda ariza beruvchilarning interaktiv xizmatlardan teng ravishda foydalanishi, aholi va tadbirkorlarga «bir darcha» printsipi boʻyicha onlayn xizmatlar koʻrsatish, davlat organlarining hujjatlarini birxillashtirish, elektron hukumatning yagona identifikatorlaridan foydalanish, elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini muntazam takomillashtirib borish, axborot xavfsizligini taʼminlash «elektron hukumat» tizimining asosiy printsiplari sifatida mustahkamlangan.
Endilikda fuqaro davlat idorasida biror ishni bitirish maqsadida boshqa bir idoraning hujjatini olish uchun u yerga bormaydi. Qarabsizki, ham mablagʻ, ham vaqt tejaladi.
Shuningdek, elektron xizmatlar davlat organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ham koʻrsatilishi mumkin. Davlat organlari elektron davlat xizmatlari koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi axborotni oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirishlari zarur.
2015-yilning 28-sentyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik subʼektlariga «yagona darcha» tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Qarorining qabul qilinishi qayd etilgan qator masalalarni hal etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ushbu qaror bilan respublikamizning barcha hududlarida 2016-yil 1-yanvardan boshlab, tadbirkorlik subʼektlariga «Yagona darcha» tamoyili boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish markazlari ishlay boshladi.
«Yagona darcha» mexanizmining joriy etilishi bilan axborot va hujjatlarni yagona oʻtkazish kanallaridan foydalangan holda faqat bir marta taqdim etish imkoniyatlari paydo boʻldi.
Bu esa oʻz navbatida, barcha tomonlar uchun sezilarli yutuq boʻlgan axborotni olish va unga ishlov berishni yaxshilaydi, davlat organlari va tadbirkorlar orasida boʻladigan axborot oqimlarini tezlashtiradi va soddalashtiradi. Bunday mexanizmlarni qoʻllash davlat organlari bilan bir qatorda tadbirkorlarni nazorat qilish samaradorligi oshishiga, sarf-xarajatlarning qisqarishiga va oqibatda resurslardan toʻla-toʻkis foydalanishga olib keladi.
Bir soʻz bilan aytganda, ushbu imkoniyatlar aholi, xususan tadbirkorlar uchun katta qulayliklar yaratishi bilan yanada ahamiyatlidir.
J.DAULETOVA,
Aloqa,
axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha
davlat inspektsiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boʻlinmasi inspektori.
(Foto - http://upp.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶