MAKTABDA KELAJAK ULGʻAYaDI
Mustaqillik yillarida bizning mamlakatimizda taʼlim-tarbiya ishlarini har tomonlama yaxshilashga alohida eʼtibor berilib, barcha viloyat va tumanlarda biri-biridan koʻrkam taʼlim muassasalari binolari qurilib, ertangi kunimiz vorislari boʻlgan yoshlar ixtiyoriga topshirildi. Ayni kunda bizning yoshlarimiz har tomonlama qulay sinf xonalarida taʼlim-tarbiya olmoqdalar.
Bizning maktabimiz ham 2013-yilda rekonstruktsiya qilindi va qoʻshimcha 10 ta xonali bino qurib foydalanishga topshirildi. Ayni paytda 28-sinfda jami 583 nafar oʻquvchiga 75 nafar oʻqituvchi-murabbiylar taʼlim-tarbiya berayapti.
Taʼlim ikki tilda: oʻzbek va qozoq tillarida olib borilayapti. Taʼlim muassasamizda yangi zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan kimyo, fizika, biologiya laboratoriyalari, kompyuter xonalari va 18x9 m. oʻlchamdagi sport zali hamda 70x70 m. oʻlchamli sport maydonchalari oʻquvchilarning maʼnaviy va jismoniy kamoloti yoʻlida xizmat qilayapti. Ayniqsa, ingliz tili xonasiga kirgan odamning zavqi beixtiyor oshadi.
Maktabimizda "Orasta qizlar”, "Zulfiyaxonim qizlari”, "Voleybol”, "Basketbol”, "Taekvando”, ”Futbol”, "Raqs” toʻgaraklari muntazam ishlab turibdi.
Bu toʻgaraklarga malakali oʻqituvchilar biriktirilgan. Ushbu toʻgaraklar faoliyatining yaxshi tashkil etilishi oʻquvchilar boʻsh vaqtlarini samarali va mazmunli oʻtkazish uchun xizmat qilmoqda.
Hukumatimiz tomonidan qilinayotgan bunday gʻamxoʻrliklarning albatta, natijasi boʻlishi zarur. Chunki barcha sharoitlar yetarli boʻlgan joyda samarali ish boʻladi.
Har bir avlod oldida insoniyat yaratgan jamiki boyliklarni oʻrganish, oʻzlashtirish va rivojlantirish vazifasi turadi. Inson kamoloti va jamiyat rivojini shusiz tasavvur kilib boʻlmaydi. Maktabga eʼtibor – kelajakka eʼtibor, - deydi xalqimiz. Bu juda haq gap. Farzandlarimiz ana shu qutlugʻ dargohda oq-qorani tanishadi, ulgʻayishadi, kamol topishadi. Buning uchun taʼlim tizimini takomillashtirish, izlanish, yosh avlodni ilm-fan asoslari bilan chuqur qurollantirish lozim.Taʼlim sifatini yaxshilash, oʻqituvchilar kasbiy mahoratini oshirish va ota-onalarni maktab hayotiga koʻproq jalb qilish kabi ishlarni bajarish masʼuliyat talab qiladi. Shu narsa ham yaxshi maʼlumki, birorta natija oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Ayniqsa, maqsadga erishish uchun juda katta kuch, mehnat, bilim va hamjihatlik kerak boʻladi.
Bolalarni erkin, mustaqil fikrlashga oʻrgatish, har bir oʻquvchiga induvidual yondoshish, sinfda oʻquvchilar uchun ijodiy muhit yaratish, mustaqil qarorlar qabul qilish, bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish - bularning hammasi «interfaol metodlar – bolaga doʻstona munosabatdagi maktab muhitini yaratish omili» loyihasi talablaridir.
Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov Oliy Majlisning IX sessiyasida soʻzlagan nutqlarida shunday degan edilar: "Demokratik jamiyatda bolalar, umuman har bir inson erkin fikrlaydigan etib tarbiyalanmogʻi kerak. Agar bolalar erkin fikrlashni oʻrganmasa, berilgan taʼlim samarasi past boʻlishi muqarrar. Ammo bilish oʻz yoʻliga, mustaqil fikrlash ham katta boylikdir”.
Xulosa oʻrnida shuni aytish joizki, maktabda kelajak ulgʻayar ekan, kelajak egalarini fidoyi oʻqituvchi, har jihatdan savodli, izlanuvchan, bunyodkor ustozgina tarbiyalaydi, ular Vatanimiz kutgan farzandlarni voyaga yetkazadi.
Muborak SAPAYeVA,
19-sonli maktab direktorining maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha oʻrinbosari.
(Foto - http://www.uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶