HAMJIHATLIK – YuTUQLAR OMILI
Hamjihatlik bor joyda hamisha oʻsish, rivojlanish bor. Buni men oʻzim rahbarlik qilayotgan "Qilichboy” MMTP misolida koʻp bora sinab koʻrganman.
Oʻzbekistonda fermerlik harakati boshlangan ilk yillardan to shu kunga qadar xoʻjaligimizning har bir aʼzosida ana shu xislat ustunligi bois, ishda, ayniqsa dehqonchilik sohasida biron bir ish oʻlda-joʻlda boʻlib qolganligini eslay olmayman. 43 ta fermer xoʻjaligini birlashtirgan MMTPda paxta ekishdan tortib, hosilni yigʻib-terib olgungacha boʻlgan davrda har bir fermer bir-birini qoʻllab-quvvatlab, birida yoʻqni biri bor qilib, qoʻlni-qoʻlga berib ishlashganlari bois, ayniqsa, texnika masalasida muammo boʻlmadi. Surim paytimi, gʻoʻza qator oralariga ishlov berishmi, texnika bilan bajariladigan barcha ishlar hamjihatlikda olib borildi. Taʼmirtalab texnikalar MMTP ustaxonasida tez va sifatli taʼmirlanib, ishchi holatga kelgunicha, fermerlarimiz texnikasi taʼmirda boʻlganlarning dalasiga oʻz texnikalarini tushirib, yordam berishdi. Natijada ishda uzilish boʻlmadi. Chigit ekish va gʻoʻzaga ishlov berish davrida MMTP ustaxonasida uch smenali ish tashkil etildi. Taʼmirchi-ustalar va chilangarlar uchun yaxshi ish sharoiti yaratib berdik. Bahorgi ekishga tayyorgarlik jarayonidan to yetishtirilgan hosilni yigʻib-terib olgungacha boʻlgan davrda MMTP ustaxonasida ish surʼati umuman pasaymadi.
Aniq va puxta reja asosida yuritilgan ish oʻz samarasini berdi. Fermer xoʻjaliklari rahbarlari ham, mexanizatorlari ham texnika va ehtiyot qismlar yetishmasligi masalasida qiynalmadilar. Natija esa kutilganidan ziyoda boʻldi. Qilichboy MMTP tasarrufidagi fermer xoʻjaliklari yuksak yutuqlarni qoʻlga kiritdilar. 43 ta fermer xoʻjaliklarining barchasi zimmalaridagi shartnoma-rejasini oshirib ado etdilar. Ular tomonidan davlat xazinasiga 4 ming tonnadan ortiq "oq oltin” topshirildi.
Fursatdan foydalanib, barcha paxtakorlarni mehnat zafari bilan tabriklayman!
Abduqodir TILOVMURODOV,
Qilichboy MMTP raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶